Shavkat Mirziyoyev xorijiy bosimlar haqida gapirdi
Prezident ayni damda yigʻilish oʻtkazmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining yigʻilishida dunyodagi vaziyat va bosimlar haqida gapirib oʻtdi.
Bugun jahon miqyosida taraqqiyot surʼatlari misli koʻrilmagan darajada shiddatli tus olmoqda. Ayni vaqtda azaliy qadriyatlar, ijtimoiy-siyosiy qarashlar tizimida chuqur transformatsiya jarayonlari yuz bermoqda.
“Ilgari oʻz maqsad va manfaatlarini asosan diplomatiya va siyosat bilan himoya qilib kelgan dunyodagi qudratli markazlar endi ochiqchasiga bosim oʻtkazish, qarama-qarshilik va toʻqnashuvlar yoʻliga oʻtganiga hammamiz guvohmiz.
Afsuski, bunday keng koʻlamli va oʻta ziddiyatli jarayonlarning taʼsiri Markaziy Osiyo mintaqasi va uning tarkibiy qismi boʻlgan mamlakatimizni ham chetlab oʻtmayapti.
Ana shunday gʻoyat murakkab va tahlikali vaziyatda Oʻzbekistonning milliy manfaatlariga javob beradigan toʻgʻri yoʻlni topish albatta oson boʻlmayapti.
Biz dunyodagi uzoq-yaqin barcha davlatlar bilan oʻzaro manfaatli aloqalarni rivojlantirishga harakat qilayapmiz”,
- dedi davlat rahbari.
Eslatib oʻtamiz, kuni kecha tarmoqda rossiyalik propagandachi, yozuvchi Zaxar Prelipinning Oʻzbekistonni RF tarkibiga qoʻshib olish boʻyicha gapi keskin munozaralarga sabab boʻldi. Oʻzbekiston TIV shu sabab Rossiya elchisi Oleg Malginovni chaqirdi, Rossiya TIV esa bu rasmiy pozitsiya emasligini maʼlum qildi.