platina.uz

Prezident ichimlik suvi tannarxini arzonlashtirishni topshirdi

Prezident hududlarda ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv tizimini yaxshilash boʻyicha yigʻilish oʻtkazgan.

Iqtisod
23-oktabr 2023 yil
Prezident ichimlik suvi tannarxini arzonlashtirishni topshirdi

Shavkat Mirziyoyev viloyat hokimlariga ichimlik suvi tannarxini arzonlashtirish vazifasini qoʻyib, bunda eng katta manba suv korxonalari ishlatadigan elektrning bir qismini “yashil energiya”ga oʻtkazish aytilgan.

Prezident 23 oktabr kuni hududlarda ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv tizimini yaxshilash, oziq-ovqat ekinlarini ekish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazgan.

"Masalan, hozirda suv korxonalari 1 kilovatt-soat elektrni 900 soʻmdan sotib olayapti. Quyosh stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr narxi esa oʻrtacha 350-400 soʻm, yaʼni 2 barobardan ziyod arzon. Investorlarni jalb qilib, suv inshootlari atrofidagi boʻsh maydonlarda quyosh panellari oʻrnatish mumkin", deyiladi xabarda.

Shuningdek, eskirgan ichimlik suvi nasoslarini energiya tejamkoriga almashtirish zarur. Suv boʻyicha loyihalar qiymatini qayta koʻrib chiqish, ularda ishlatiladigan materiallarni mahalliylashtirish imkoniyatlari koʻrsatib oʻtilgan.

Sohadagi yangi loyihalar bundan buyon bevosita joylarga chiqib, aholining fikri va roziligi olinganidan keyin mahalliy kengashlarda muhokama qilinishi belgilangan. Loyihaga qancha mablagʻ ajratilgani, pudratchisi qaysi korxona ekani, qachon ishga tushishi bilan bogʻliq barcha maʼlumotlar eʼlon qilib boriladi. Shu orqali bu borada ham jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi.

Tahlillarga qaraganda, bugungi kunda 1 kub metr ichimlik suvi tannarxi Toshkent shahrida 448 soʻm boʻlgani holda Namanganda qariyb 3 ming soʻmni, Samarqand va Navoiyda 2 ming 600 soʻmni tashkil qiladi.

Suv ishlab chiqarish tannarxida elektr energiyasi ulushi respublika boʻyicha oʻrtacha 27 foiz. Lekin Fargʻona, Namangan va Toshkent viloyatida bu koʻrsatkich yuqori.

Shu paytgacha Qashqadaryo, Surxondaryo, Andijon va Toshkent viloyatlarida ichimlik va oqova suv narxlari keskin oshirilgan. Toshkent shahrida esa 3 baravardan koʻproq qimmat narxlar taklif qilingan.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+