Oʻzbekistonning 27 milliondan ortiq fuqarosi maʼlumotlari darknet’da sotuvga chiqarilishi mumkin
Oʻzini BUTTERFLY deb ataydigan xakerlar guruhi Adliya vazirligi huzurida faoliyat yuritgan sobiq Personallashtirish agentligining maʼlumotlar bazasiga kirganini daʼvo qilgan.

Darknet’da Oʻzbekiston fuqarolarining shaxsiy maʼlumotlari sizib chiqqani haqida xabar tarqaldi.
Oʻzini BUTTERFLY deb ataydigan xakerlar guruhi Adliya vazirligi huzurida faoliyat yuritgan sobiq Personallashtirish agentligining maʼlumotlar bazasiga kirgani va 27 milliondan ortiq fuqaroning maʼlumotlarini qoʻlga kiritganini daʼvo qilmoqda.
Guruh davlat organlari vakillaridan 2026 yil 2 noyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 08:00 ga qadar ular bilan bogʻlanishni talab qilgan. Aks holda, qoʻlga kiritilgan maʼlumotlar bazasini ochiq savdoga chiqarish bilan tahdid qilgan.
Xakerlar oʻz daʼvolariga dalil sifatida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatovning shaxsiy maʼlumotlarini eʼlon qilgan. Biroq bu maʼlumotlar butun maʼlumotlar bazasi oʻgʻirlanganini yoki unda 27 milliondan ortiq fuqaroning maʼlumotlari mavjudligini tasdiqlamaydi.
Dasturchilar darknet’dagi sahifaning mavjudligini aniqlagan, ammo davlat axborot tizimiga haqiqatan ham buzib kirilgani, maʼlumotlarning haqiqiyligi va sizib chiqish koʻlami hozircha mustaqil ravishda tasdiqlanmagan.
Eslatib oʻtamiz, 29 oktabr kuni SafeRoad bazasiga hujum qilingani haqida xabarlar tarqalgan edi. Tarmoqlarda SafeRoad ilovasiga ulangan shaxslarning shaxsiy maʼlumotlari turli anonim Telegram botlarda tarqab ketgan edi. Keyinchalik kompaniya bu xabarlarni rasman rad qildi. Kompaniyaga koʻra, bu maʼlumotlar eski bazadan olingan. Shu holat yuzasidan Davlat xavfsizlik xizmati huzuridagi “Kiberxavfsizlik markazi” davlat muassasasi, Ichki ishlar vazirligi hamda “AUTODOC” MChJ masʼullari tomonidan hamkorlikda oʻrganish ishlari olib borilayotganini maʼlum qildi.
Bundan tashqari joriy yilning 2 fevral kuni ijtimoiy tarmoqlar va ayrim kanallarda goʻyoki 15 million fuqarolarga tegishli maʼlumotlar sizib chiqqanligi haqida xabarlar tarqalgandi.





