Oʻxshamagan hiyla: sanksiyalarni aylanib oʻtmoqchi boʻlgan tankerlar tarixi
Bu harakatlar Ukrainadagi urush va global energetik xavfsizlik masalalari fonida AQSh-Rossiya munosabatlarining yanada yomonlashuviga olib kelmoqda.

2026 yil boshlanishi bilan AQSh va uning prezidenti yuritayotgan siyosat jahon OAVlari diqqat markazidan tushmayapti.
Avvaliga Rossiya-Ukraina masalasida Putinga yon bosayotgandek koʻringan Tramp endi ochiqchasiga Rossiya manfaatlariga qarshi qadamlar qoʻymoqda. Ayniqsa, Venesuela prezidenti oʻgʻirlab ketilib, Nyu-York shtati sudi binosiga keltirilgani Tramp maʼmuriyatini yanada ruhlantirib yuborgan koʻrinadi. Tramp oxirgi bayonotlaridan birida Rossiya va Putindan qoʻrqmasligini, AQSh dunyoda har tomonlama qudratli davlat ekanini aytdi. Shuningdek, AQSh davlat kotibi Marko Rubio ham “biz Eron va Rossiya kabi dushmanlarimizni Venesuelaga yaqinlashtirmaymiz”, deya bayonot berdi.
Oʻz ittifoqchilarining AQSh tomonidan mahv etilishini jimgina tomosha qilib oʻtirishdan boshqasiga yaramayotgan Putin ancha esankirab qoldi. Amaliy javob berishga yaramagan Moskva faqat dahanaki tahdidlar bilan cheklanmoqda.
Neft savdosiga qoʻyilgan sanksiyalar samarasi ortyapti
2026 yil yanvar oyi boshida AQSh Harbiy-dengiz kuchlari va Qirgʻoq qoʻriqlash xizmati tomonidan amalga oshirilgan qator operatsiyalar jahon jamoatchiligi diqqatini tortdi. Ushbu operatsiyalar davomida “soya floti” deb ataluvchi tarmoqqa aloqador bir nechta neft tankerlari qoʻlga olindi. Bu flot Gʻarb davlatlari joriy etgan sanksiyalarni aylanib oʻtish va taqiqlangan neft tashish uchun foydalaniladigan kemalar tizimidir.
Mazkur voqea AQSh bilan Rossiyaga bogʻliq sanksiyadan qochish sxemalari oʻrtasidagi eng jiddiy toʻqnashuvlardan biri sifatida baholanmoqda. Uning siyosiy va iqtisodiy oqibatlari esa oddiy sanksiya choralaridan ancha kengroq doiraga ega.
Maʼlumot uchun, “Soya floti” (shadow fleet) atamasi xalqaro sanksiyalarni chetlab oʻtish maqsadida foydalaniladigan neft tankerlari va boshqa dengiz kemalari tarmogʻini anglatadi. Bu kemalar haqiqiy egasini yashiradi, bayrogʻini tez-tez oʻzgartiradi, murakkab roʻyxatdan oʻtish sxemalaridan foydalanadi va kuzatuv tizimlari – AIS navigatsiya tizimlari va responderlarni oʻchirgan holda neft tashiydi.
Ushbu kemalar Rossiya, Venesuela, Eron kabi sanksiya ostidagi davlatlar neftini tashishda qoʻllaniladi. Tahlilchilar bahosiga koʻra, minglab bunday kemalar har kuni millionlab barrel neft tashib, sanksiyalar ostidagi davlatlarga oʻnlab milliard dollarlik daromad keltirmoqda.
Shu sababli “soya floti” sanksiyalarni aylanib oʻtish infratuzilmasining asosiy elementi hisoblanadi va sanksiya ostidagi davlatlarning tashqi iqtisodiy barqarorligini taʼminlab, sanksiyalar samarasini kamaytirmoqda.
“Soya floti”ga, demakki Putinga berilgan ogʻir zarba
Yanvar oyining ikkinchi haftasida AQSh tomonidan olib borilgan keng qamrovli operatsiya doirasida kamida uchta kema qoʻlga olindi, ular toʻgʻridan-toʻgʻri yoki bilvosita “soya floti” faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan.
7 yanvar kuni Shimoliy Atlantika okeani suvlarida AQSh kuchlari ilgari Bella 1 nomi bilan yurgan, keyinchalik shosha-pisha “Mariner” deb qayta nomlangan va Rossiya bayrogʻini koʻtargan tankerni bir necha hafta davomida taʼqib qildi.
Kema ayni shu reys paytida Rossiya bayrogʻi ostida roʻyxatdan oʻtgan. U ikkita AQSh esminetsi va Buyuk Britaniya razvedkasi yordamida amalga oshirilgan operatsiya natijasida qoʻlga olindi.
AQSh maʼlumotlariga koʻra, “Mariner” sanksiya ostidagi neft, jumladan, Venesuela yoki Eronga bogʻliq yuklarni tashishda ishtirok etgan va qasddan nazoratdan qochishga uringan. Eron portidan yoʻlga chiqqan kema AQSh tomonidan blokada qilingan Venesuela portlariga kirishga uringan. Maʼlumotlarga koʻra, kemada 17 nafar ukrain fuqarosi qullikda saqlangan va 2 nafar Rossiya fuqarosi tomonidan ishlatilgan.
Rossiya kemani himoya qilish uchun harbiy va suvosti kemasini joʻnatdi. Ammo AQSh desanti ulardan atigi 10 daqiqa oldin “Mariner”ga tushdi va qoʻlga oldi. Rus kemalari vaziyatni jimgina kuzatib oʻtirishdan boshqa biror choraga yaramadi.
Yaqinda esa Donald Tramp “Mariner” tankeri ekipajining ikki nafar rossiyalik aʼzosini ozod qilgani haqida xabarlar tarqaldi.
Kurash keskin tus olmoqda
Shu kunlarda Karib dengizida yana bir tanker – “Sofiya” toʻxtatildi. AQSh armiyasining Janubiy qoʻmondonligi maʼlum qilishicha, “tong arafasida oʻtkazilgan operatsiya” davomida Karib dengizida sanksiya ostidagi “soya floti”ga mansub yana bir neft tankerini qoʻlga oldi.
Harbiylar maʼlumotiga koʻra, “Sofiya” nomli, davlatga mansubligi mavjud boʻlmagan tanker xalqaro suvlarda joylashgan, noqonuniy faoliyat bilan shugʻullangan. Hozirda AQSh Qirgʻoq qoʻriqlash xizmati tankerni uning keyingi taqdiri boʻyicha yakuniy qaror qabul qilish uchun konvoy ostida olib ketmoqda.
Reuters manbalarining xabar berishicha, kema Panama bayrogʻi ostida harakatlangan. Ularga koʻra, tanker yanvar oyi boshida Venesuela suvlarini tark etgan va Venesuela neftini Xitoyga olib borayotgan “soya floti” tarkibida boʻlgan. Shu bilan birga, CBS News’ning ikki manbasi kema Kamerun bayrogʻi ostida suzganini taʼkidlamoqda.
Tankerning Rossiya bilan bogʻliq yoki bogʻliq emasligi aniq aytilmagan. Biroq AQSh Ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noemning bayonotida u Rossiya bayrogʻi ostida harakatlangan va AQSh harbiylari tomonidan Atlantika okeanining shimoliy qismida qoʻlga olingan “Bella 1” (“Mariner”) neft tankeri bilan birga tekshirilmoqda.
“Sofiya” nomi, Panama bayrogʻi ostida harakatlangan tanker 2025 yil 1 oktabr kuni AQSh sanksiyalari roʻyxatiga kiritilgan. Oʻsha paytda AQSh Moliya vazirligi joriy etgan cheklovlar roʻyxatiga Rossiya va Venesuelaga tegishli kemachilik kompaniyalari hamda qator kemalar kiritilgan edi.
“Sofiya” davlat bayrogʻisiz boʻlgan, bu esa uni xalqaro huquq nuqtai nazaridan himoyasiz holatga keltiradi. AQSh harbiylari bunday kemalar sanksiyadan qochish uchun maxsus qoʻllanilishini taʼkidlamoqda.
Turli manbalarga koʻra, oxirgi bir oy ichida AQSh kamida yana bitta sanksiya ostidagi kemani toʻxtatgan. Shu tariqa qoʻlga olingan tankerlar soni uch yoki toʻrttaga yetgan.
Jahon munosabati
Donald Tramp maʼmuriyati sanksiya ostidagi neft tashilishining oldini olishga qaratilgan siyosatni keskin kuchaytirdi. Asosiy maqsad – Rossiya, Venesuela va Eron kabi davlatlarning neft orqali olinadigan daromadlarini qisqartirishdan iborat. AQSh rasmiylariga koʻra, ushbu kemalar sanksiya rejimlarini buzgan va shuning uchun qoʻlga olinishi qonuniy. Biroq Rossiya va ayrim davlatlar bu harakatlarni xalqaro dengiz huquqini buzish deb baholamoqda.
Rossiya hukumati tankerlarni qoʻlga olishni noqonuniy va provokatsion harakat deb atab, bu Atlantikada harbiy-siyosiy keskinlikni oshirishi mumkinligidan ogohlantirdi. Kreml, ayniqsa, “Mariner” kemasi Rossiya bayrogʻi ostida suzganini taʼkidlab, ekipaj huquqlari taʼminlanishi va ular zudlik bilan vataniga qaytarilishini talab qildi.
Buyuk Britaniya AQSh harakatlarini qoʻllab-quvvatlab, bu sanksiyalarni taʼminlashga xizmat qilishini bildirdi. NATO davlatlari “soya floti” kemalarida qurollangan qoʻriqchilar mavjudligi haqida xavotir bildirib, bu dengizda xavfli insidentlarga olib kelishi mumkinligini aytdi.
Ushbu kemalarning qoʻlga olinishi sanksiyalarni aylanib oʻtish sxemalariga jiddiy zarba berib, Rossiya va uning sheriklari uchun neftdan tushadigan daromadlarni qisqartirishi mumkin.
Ammo bu harakatlar, ayniqsa Ukrainadagi urush va global energetik xavfsizlik masalalari fonida, AQSh-Rossiya munosabatlarining yanada yomonlashuviga olib kelmoqda.
Shuningdek, sanksiya qoidalari va davlat bayrogʻi ostidagi kemalarni qoʻlga olish huquqi masalasi xalqaro sud va arbitrajlarda bahs mavzusiga aylanishi mumkin.
Xulosa
Umuman olganda, Rossiyaning “soya floti”ga mansub uchta kemaning qoʻlga olinishi – bu oddiy texnik sanksiya chorasi emas. Bu AQSh va uning ittifoqchilari tomonidan ochiq geosiyosiy signal boʻlib, sanksiyalarni aylanib oʻtishga qarshi qatʼiy harakatlarga tayyor ekanini koʻrsatadi.
Ushbu voqealar 2026 yilda xalqaro dengiz siyosati, sanksiya amaliyoti va yirik davlatlar oʻrtasidagi munosabatlarni qayta shakllantirishi mumkin. “Soya floti” mavzusi esa global geoiqtisodiy muhokamalar markazida qolishi aniq.
Bularga javoban Rossiya Ukrainaga “Oreshnik” raketalari bilan zarba berdi. Qurbonlar boʻyicha hozircha maʼlumot yoʻq. Lvovdagi yirik gaz saqlash ombori nishonga olingan. Tahlilchilarga koʻra, oxirgi paytlarda AQSh va Gʻarbning Rossiya agressiyasini toʻxtatishga qaratilgan keskin chora-tadbirlariga javob berishga ojizlik qilayotgan Moskva shu tariqa oʻzicha Gʻarbni qoʻrqitib qoʻyishga urinmoqda.
Abulfayz Sayidasqarov