Usti yaltiroq, ichi qaltiroq IIV
Hamma joyi chirib ketgan uyni buzib tashlab, yangi materiallar asosida qaytadan qurgan yaxshiroq. Afsuski, bizda chirib, toʻkilib tushayotgan binoning faqat fasad qismini yaltiratib, “mana shu islohotlar” degan gapga ishontirishga urinishmoqda.

Oxirgi paytlarda ichki ishlar idoralari (III) tizimi faoliyati eng koʻp qonunni buzayotgan tizim degan tasavvur uygʻonmoqda. Bu tizimdagi ayrim xodimlarning poraxoʻrligi, inson huquqlarini buzishi, oʻz vakolatlarini suiisteʼmol qilishi, vazifalarini toʻla ado etmasligi fuqarolarning haqli noroziligiga sabab boʻlmoqda. Fargʻona viloyati Furqat tumani IIB boshligʻining oʻz shaxsiy manfaati yoʻlida unga berilgan vakolatlarni suiisteʼmol qilgani, Guliraʼno Qosimovaga tuhmat va uning shaʼni III xodimlari tomonidan yerga urilgani voqeasi fikrimiz isbotidir.
III xodimlari nafaqat “anʼanaviy” poraxoʻrlik, tovlamachilik, qiynoqlar va qoʻpolliklari, tuhmatlari, tergovda odam oʻldirishi bilan, balki endi narkotiklar savdosiga aralashuvi bilan ham tilga tushmoqda. Qonunni himoya qilishi kerak boʻlgan xodimlarning oʻzlari qonunni buzmoqda. Fuqarolarni hiomya qilish oʻrniga ularni haqorat qilmoqda, qiynoqlarga solmoqda, oʻldirmoqda.
Eng dahshatlisi, III – bu davlatning joylardagi vakillari, davlat topshiriqlarini bajaradi. Demakki, xalq bu tizimdan norozi boʻlishi davlat siyosatidan norozi boʻlishiga olib kelmoqda. Undan-da achinarlisi, shuncha tanqidlardan keyin ham tizimda oʻzgarishlar sezilmayapti.
Xoʻsh, nega bunday? III tizimining bu qadar abgor ahvolga kelishi sabablari nimada? Vaziyatni oʻnglashning imkoni bormi?
Islohotlar samara bermadimi?
Ichki ishlar vazirligida bir necha bor islohotlar oʻtkazilgan: profilaktika kuchaytirildi, raqamlashtirish yoʻlga qoʻyildi, tuzilma qayta koʻrib chiqildi, inson huquqlarini taʼminlashga doir mexanizmlar kuchaytirildi va hokazo.
Shunga qaramay, tizimda saqlanib qolgan qator muammolar hanuz ichki ishlar organlarining samaradorligiga taʼsir etmoqda. Ularning ayrimlari – tarixiy meros, boshqalari – resurslar yetishmasligi bilan bogʻliq.
1. Tizimdagi inersiya va “postsovetcha” boshqaruv madaniyati
Eng asosiy muammo – byurokratik anʼanalarning chuqur ildizlashganidir. Islohotlarga qaramay, IIVning pastki va oʻrta boʻgʻinlarida hamon “qogʻozdagi hisobot”ga qarab ish yuritish, topshiriqlarni formal bajarish, vazir buyruqlarini qonundan ustun deb qabul qilish, shaxsiy masʼuliyatdan qochish, qattiq vertikal boshqaruv tizimi kabi odatlar saqlanib qolgani haqida koʻp bor yozilgan.
2. Kadrlar salohiyatining yetarli emasligi va professionallik muammolari
Talablar kuchaytirilganiga qaramay, IIV kadrlar bilan bogʻliq qator muammolarga duch kelmoqda. Tergovchilar va profilaktika inspektorlarining malakasi yetarli emas. Kriminalistika, psixologiya, muzokara va mediatsiya boʻyicha tayyorgarlik past. Raqamli xavfsizlik va zamonaviy kiberjinoyatlarga qarshi kurash koʻnikmalari zaif.
Soʻnggi paytlarda ijitomiy tarmoqlarda tarqalgan videolarga eʼtibor qaratsak, III xodimlari oʻta past jismoniy va professional tayyorgarlikni namoyish etishadi. Huquqbuzarlardan kaltak yegan, pichoqlangan, lekin durust qarshilik koʻrsata olishga qurbi va malakasi yetmagan holatlar juda koʻp. Koʻpincha fuqarolarning oʻzlari jinoyatchini ushlab berishyapti. Masalan, yaqinda Yunusobod bozorida roʻy bergan holatda bir huquqbuzar pichoq bilan hamla qilgan. Achinarli manzara: huquqbuzarni ushlash uchun kelgan xodim boʻynidan pichoq bilan yaralanib, yerda agʻanab yotibdi, huquqbuzarni esa oddiy avtobus haydovchisi qoʻlini qayirib ushlab beryapti...
Prezident farmoni ijrosi taʼminlanmayapti
Yana bir videoga koʻra, ikki fuqaro janjallashayotgani uchun qoʻshnilar 102 ga qoʻngʻiroq qilishgan. Yetib kelgan xodim ularni tinchlantirish va zarur boʻlsa, chora koʻrish oʻrniga, janjalkash fuqaro tomonidan sharmandalarcha kaltaklangan. Xayriyatki, boshqa oʻtkinchi oddiy fuqarolar xodimni himoya qilib, kaltakdan qutqarib qolishgan. Xodim fuqarolarni himoya qilishi kerak edi aslida!
Nega III xodimlarining kuchi zoʻravonlarga yetmaydi? Nega qonunga rioya etuvchi fuqarolarga qoʻpol va shafqatsiz muomala qilgan “polvonlar” haqiqiy jinoyatchiga elementar qarshilik koʻrsata olmaydi? III xodimlari nimaga kerak unda? Faqat byudjetdan – xalq pulidan maosh olib turishi uchunmi?
Qolaversa, fuqarolarni qiynoqqa solayotgan va oʻldirayotgan III xodimlarining koʻp uchrashiga qaraganda, tizimda ruhiy noqis, sadist va pisoxopatlar ham talaygina. Buning oldini olish uchun ishga qabul qilishda psixologik tekshiruvlarni kuchaytirish, tanish-bilishchilikka barham berish lozim. Shuningdek, xodimlarni kamida har 2 yilda psixiatir va psixolog koʻrigidan oʻtkazib turish kerak. Chunki sogʻlom odam ishga olinsa ham, ishdagi stress uning ruhiyatiga salbiy taʼsir qilgan boʻlishi mumkin.
3. Xodimlarning ijtimoiy taʼminoti
Nega rivojlangan demokratik davlatlardagi politsiya xodimi qonunni buzishdan qoʻrqadi? Chunki u ishini yoʻqotishdan, yaʼniki, yaxshi maosh, ijtimoiy imtiyozlar, tibbiy xizmat uchun sugʻurta kabi koʻplab foydali “bonus”lardan ayrilib qolishdan qoʻrqadi. Qancha koʻp ishlasa, bu bonuslar shuncha koʻpayib boraveradi. Yaʼni uning yoʻqotadigan narsasi bor!
Bizda esa III xodimining 4-5 million soʻmlik oylik maoshidan boshqa yoʻqotadigan hech narsasi yoʻq. Biror joyga qorovul boʻlib ishga kirsa ham, bozorda aravakashlik qilsa ham, shu pulni oladi. Qaytanga javobgarligi kamroq boʻladi. Boshliqdan haqorat soʻzlarini eshitib, gʻururi toptalmaydi.
Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati boshligʻiga ochiq xat!
Bizda oddiy xodimning xizmat qilish yillarining ortib borishi ham ahamiyatli emas. Xizmatni tugatib, nafaqaga chiqqanida uni boshqa xizmat xodimlari kabi shaxsiy uy, yashash uchun yetarli yaxshi pensiya, imtiyozli kreditlar va boshqa bonuslar kutib turmaydi. Pensiyaga chiqqan xodim darrov biror joyga, hech boʻlmasa, xususiy qoʻriqlash korxonasiga oʻtishga urinadi. Qolaversa, 30-40 yoshda pensiyaga chiqqandan keyin yangi hayot uchun kurashishga majbur boʻladi.
Bundan tashqari, maoshning va boshqa ragʻbatlarning kamligi tufayli yuqori malakali mutaxassislar tizimga ishga oʻtishga qiziqish bildirmaydi. Bu ham islohotlarning samarasi kam boʻlishiga olib kelmoqda.
4. Raqamlashtirishdagi muammolar va texnologik qoloqlik
IIV raqamlashtirishni jadal rivojlantirar ekan, qator jiddiy muammolar hamon saqlanib qolmoqda. Misol uchun, IIV, prokuratura va sudlar oʻrtasida maʼlumot bazalari yetarli integratsiya qilinmagan. Xodimlarning bir qismida texnik savodxonlik past, hududlarda uskunalar eski, jinoyatchilik tahlili uchun yagona analitik platforma yetarli emas.
Shu bois, raqamlashtirish baʼzan faqat “xoʻjakoʻrsinga” amalga oshirilgandek tasavvur uygʻotadi – rasman mavjud, ammo amalda toʻliq samara bermaydi.
5. Korrupsiya xavfi va “norasmiy tadbirlar”
Korrupsiya ommaviy emas, lekin qator sohalarda hanuz bor. Maishiy nizolarni hal qilish uchun pora berish, maʼmuriy ishlarni koʻrib chiqishda xufyona kelishuvlar, YHXB (GAI) sohasidagi metin korrupsiya, kadrlarni yuqori lavozimga oʻtkazishda noqonuniy himoya va tanish-bilishchilik, fuqarolar, xususan, tadbirkorlardan noqonuniy pul talab qilish, shantaj orqali pul olish kabi muammolar kuzatiladi. III tizimida ichki nazorat kuchaygan boʻlsa-da, yillar davomida shakllangan amaliyotlarni butunlay yoʻqotish qiyin boʻlmoqda.
6. Jamoatchilik bilan munosabat va ishonch muammosi
Ochiqlik siyosatiga qaramay, aholining IIVga ishonchi hamon yuqori emas. Demokratik davlatlarga fuqaro muammoga uchrasa, politsiyachini qidirib qoladi. Chunki unga ishonadi, muammosini hal qilishini biladi. Bizda esa unday emas.
Bunga “jinoiy tarixiy xotira”, yaʼni oʻtmishdagi qonunbuzarliklar xotirasi xalaqit beryapti. Chunki bu xotirani “asrab-avaylab, kelajak avlod xodimlarga” yetkazuvchi xodimlar hamon mavjud. Ular nafaqaga chiqishiga qadar bu salbiy odatlari, salbiy tajriba va “saboq”larini yosh xodimlarga singdirishga ulguradi. Shu tariqa korrupsion “usta-shogird” anʼanasi saqlanib qoladi.
Shuningdek, profilaktika inspektorlari va fuqarolar oʻrtasida muloqot yetishmasligi, stress vaziyatlarda xodimlarning muloqot madaniyati pastligi, muammoli vaziyatlarni hal etishda psixologik tayyorgarlikning yetarli emasligi ham dolzarb.
Natijada aholi politsiyani xalqqa xizmat qiluvchi tashkilot emas, balki jazolovchi tuzilma sifatida qabul qiladi hamon.
7. Joylarda resurslar yetishmasligi va ortiqcha yuklama
Hududlar va mahalla darajasidagi inspektorlarda ham muammo bir talay.
Yuklamani koʻtara olmaydigan darajadagi ish hajmi, transport, dron, kamera, texnikaning yetarli emasligi, binolar va infratuzilmaning eskirgani, xodimlar uchun psixologik yordamning yetishmasligi shular jumlasidandir. Buyam yetmagandek, joylardagi arzigan-arzimagan ishlarga ham, hatto fermerning yerni oʻgʻitlash jarayoniga ham III xodimlari jalb etiladi. Bu esa profilaktika tizimining natijadorligini pasaytiradi.
Shuningdek, huquqbuzarliklarni aniqlash, profilaktika va chora koʻrish borasida rahbariyat tomonidan avvaldan reja qoʻyish va talab qilish amaliyoti ham III xodimlarining barcha fuqarolarga jinoyatchi siftida qarshi va tuhmat qilishga urinishiga sabab boʻladi. “Bugun 10 ta bayonnoma rasmiylashtirishing shart” deyilganidan keyin xodim tirnoq ostidan kir qidirishga, ayrim hollarda esa tuhmat qilishga majbur boʻlsa kerak.
8. Tergov va inson huquqlari sohasidagi muammolar
Huquqiy islohotlarga qaramay, bir qator masalalar saqlanib turibdi.
Xususan, “ishlarni ochish koʻrsatkichi”ni bajarish bosimi, dalillar bilan ishlashda quruq rasmiyatchilik, barcha tergovlar uchun audio-video yozuvni majburiy qoʻllashning toʻliq yoʻlga qoʻyilmagani, ayrim hollarda qoʻpol muomalaga oid shikoyatlar hamon uchramoqda.
Qoʻpol muomala ham III xodimlarining kibrlanib ketishidan tashqari, rahbar xodimlarning qoʻpolligi bilan bogʻliq. Baliq boshidan sasiydi, deganlaridek, ertalabki “razvod”da boshliqdan bir dunyo haqorat, soʻkish va dagʻdagʻalarni eshitib olgan xodim koʻchaga chiqib, oddiy fuqaroga samimiy tabassum bilan qarab, “assalomu alaykum, menga nima xizmat, hurmatli fuqaro”, deya olmasligi tabiiy.
Nima qilmoq kerak: xorij tajribasi
Bizda, odatda aholini jarimaga tortish, huquqlarini cheklash borasida darrov xorijiy tajribani roʻkach qilishadi.
III tizimini isloh qilish haqida gap ketganda, sobiq SSSR respublikalari orasida politsiyani samarali isloh qila olgan Gruziya tajribasiga nazar solsak.
2004 yilda hokimiyatga kelganidan keyin Mixail Saakashvili ommaviy maishiy korrupsiyani yoʻq qilish va fuqarolarning davlat institutlariga boʻlgan ishonchini tiklashga qaratilgan radikal, tez va juda oshkora islohotlarni boshladi.
- Asosiy choralar sifatida eski patrul politsiyasi toʻliq tugatildi – bir kunda 30-40 mingga yaqin, jiddiy korrupsiyalashgan deb hisoblangan “GAI” xodimlari ishdan boʻshatildi.
- Yangi tizimga “noldan” yangi kadrlar qabul qilindi. Albatta, ochiq tanlovlar orqali, yuqori darajadagi tekshiruvlar yordamida.
- Maoshlar sezilarli darajada oshirildi. Politsiyachilar avvalgidan bir necha barobar yuqori maosh ola boshladi, bu pora olish vasvasasini kamaytirdi.
- Yangi xodimlar Gʻarb standartlari asosida AQSh, Yevropa Ittifoqi, Turkiya koʻmagidagi dasturlar asosida oʻqitildi.
- Bodi kameralar, yangi patrul avtomobillari, zamonaviy infratuzilma yaratildi.
- Ochiq politsiya boʻlimlari va “vitrina islohotlari” – shisha binolar shaffoflikning ramziga aylandi.
Natija
Qator politsiyachilar orasidagi korrupsiya keskin kamaydi, aholining ishonchi ortdi, Gruziya mintaqada korrupsiyani bartaraf etish boʻyicha yetakchi davlatlardan biriga aylandi.
Bizda nima qilish mumkin?
Xoʻsh, hamma joyi chirib ketgan uyni taʼmir qilish mumkinmi? Mumkin, ammo koʻp vaqt va pul talab etiladi. Undan koʻra, uni buzib tashlab, yangi materiallar asosida qaytadan yangi uy qurgan yaxshiroq. Ham arzonga tushadi. Afsuski, bizda chirib, toʻkilib tushayotgan binoning faqat fasad qismini yaltiratib boʻyab, “mana shu islohotlar” degan gapga ishontirishga urinishmoqda.
Nazarimizda, quyidagi oʻzgarishlarni amalga oshirish, tizimni sogʻlomlashtirishga koʻproq xizmat qilgan boʻlardi.
1. Asoslarni shakllantirish
Ichki ishlar vazirligi tizimida huquqni qoʻllash amaliyoti boʻyicha mustaqil audit oʻtkazish: korrupsiya, shikoyatlar, huquqbuzarliklar koʻlamini aniqlash.
Normativ-huquqiy bazani yangilash: III faoliyatini tartibga soluvchi qonunni kasbiy standartlar, xodimlarni himoya qilish, moddiy javobgarlik haqidagi normalar bilan toʻldirish.
III faoliyati ustidan tashqi fuqarolik nazorati mexanizmini yaratish (ombudsman, inspeksiya, ochiq hisobotlar, OAV uchun shaffoflik).
2. Kadrlar va ragʻbatlantirish borasida islohotlar
Mehnatga haq toʻlash tizimini qayta koʻrib chiqish: raqobatbardosh maosh, xizmat uchun bonuslar, malaka uchun ustamalar, ish stajiga qarab imtiyozlar joriy etish.
Xodimlarni qatʼiy tanlov va qayta attestatsiyadan oʻtkazish tizimini yoʻlga qoʻyish: korrupsiya yoki huquqbuzarlikka doir shubhali reputatsiyaga ega xodimlarni tizimdan haydash.
Xodimlarni oʻqitish va qayta tayyorlashni kuchaytirish: zamonaviy koʻnikmalar, taktika, konfliktologiya, jamiyat bilan oʻzaro munosabat, jismoniy tayyorgarlikni qogʻozda emas, amalda yaxshilash.
Ijtimoiy kafolatlarni yaxshilash: tibbiy xizmat, xususiy uy-joy, bolalari kontraktini toʻlab berish kabi imtiyozlar, uy-joy va boshqa xaridlar uchun maxsus imtiyozlar, jarohat va xatarlar uchun kompensatsiyalar miqdorini koʻpaytirish.
Toki III xodimining koʻzi toʻq, ertasiga ishonchi yuksak boʻlsin. Yaqinda fosh boʻlgan profilaktika xodimiga oʻxshab, xizmat xonasida narkotik modda tayyorlab sotishga hushi ketmasin. Pora va tovlamachilik bilan boylik orttirishga urinmasin!.. Xullas, boshliq emas, xudo va xalq gʻazabidan qoʻrqsin, ishini yoʻqotishidan qoʻrqsin!
3. Tashkiliy va operatsion islohotlar
Shtatlar jadvalini optimallashtirish: bir-birini takrorlorvchi vazifalarni qisqartirish, byurokratiyani kamaytirish, patrul xodimlariga tushadigan yuklamani yengillashtirish.
Zamonaviy texnologiyalar va shaffof jarayonlarni joriy etish: bodikameralar, videofiksatsiya, avtomatlashtirish, politsiya faoliyati boʻyicha ochiq va toʻliq maʼlumotlar qayd etilishini kafolatlash.
Fuqarolarning shikoyatlari bilan ishlash xizmatini kuchaytirish: yagona reyestr, tezkor reaksiya, shaffof hisobotlarni taʼminlash.
Rahbariyat tuzilmasini qayta koʻrib chiqish: koʻproq javobgarlik, korrupsiyaga moyil xodimlarni yashirish imkoniyatlarini qisqartirish. Oʻz tanishi yoki xodimining jinoyatini yashirib, xaspoʻshlashiga yoʻl qoʻymaslik.
4. Madaniy-axloqiy oʻzgarishlar va barqaror rivojlanish
IIIning ijtimoiy qiyofasini oʻzgartirish boʻyicha targʻibot kampaniyasini boshlash: “jamiyatga xizmat” masalasini ommalashtirish.
Xulq-atvor standartlari, odob-axloq kodeksi, inson huquqlari va fuqarolar bilan munosabat boʻyicha majburiy oʻquv dasturlarini joriy etish.
Natijalarni muntazam monitoring qilib borish: jamoat ishonch koʻrsatkichlari, shikoyatlar soni, jinoyatlarni ochish darajasi, xodimlar qoniqish darajasi reytinglarini yuritish. Xolis ijtimoiy soʻrovlar oʻtkazib turish.
Institutsional barqarorlikni taʼminlash: politsiyani nohaq siyosiy taʼsirdan mustaqil qilish, xizmat boʻyicha yuqoriga koʻtarilishning shaffofligi, qoidalarni buzganlik uchun jazolash tizimini takomillashtirish maqsadga muvofiq boʻladi.
Va nihoyat – III... degan gʻaliz nomni politsiya atamasi bilan almashtirish kerak.
Xulosa
Oʻzbekiston III oxirgi yetti-oʻn yil ichida katta yoʻl bosib oʻtdi: yopiq va byurokratlashgan militsiya modelidan zamonaviyroq, fuqarolarga munosabati oʻzgargan tizimga oʻtish boshlandi. Lekin islohotlar – bu bir kechada boʻladigan jarayon emas; u izchillikni, siyosiy irodani va eng muhimi – tizimdagi fikrlash tarzi oʻzgarishini talab qiladi. Ammo ularni choʻzib ham boʻlmaydi. Aks holda IIB binolaridan oʻliklar chiqishi toʻxtamaydi...
Abulfayz Sayidasqarov