platina.uz
Maqola

Bunga juda oz qoldi – suv mintaqada eng noyob neʼmatga aylanadi

Asosiy suv manbalari – baland togʻlar Qirgʻiziston va Tojikiston hududida qolib ketgan. Kamiga toliblar “Qoʻshtepa” kanalini qurib, Amudaryoning 50 foiz suvini olib qoʻya boshladi.

Bunga juda oz qoldi – suv mintaqada eng noyob neʼmatga aylanadi
Fotokollaj: Platina.uz

Suv – Yer yuzida hayot saqlanib qolishi uchun eng zarur havodan keyingi oʻrinda turuvchi qimmatli neʼmat. Flora va fauna, jumladan odamzotning suvga ehtiyoji nihoyatda ulkan. Hattoki insoniyatning ilk madaniyat oʻchoqlari ham daryolar boʻyida paydo boʻlgan.

Afsuski, iqtisodiy oʻsish va sanoatning rivojlanishi hamda iqlimning yil sayin yomonlashib borayotgani suv tanqisligini paydo qilmoqda.

Iqlim oʻzgarishi, yogʻingarchiliklar va asriy muzliklar kamayishi ham oʻz taʼsirini koʻrsatmoqda. Ayniqsa, Markaziy Osiyoda, xususan, Oʻzbekistonda suv tanqisligi dolzarb. Asosiy suv manbalari va daryolarning boshlanishi – baland togʻlar Qirgʻiziston va Tojikiston hududida qolib ketgan. Bu ham kamlik qilganidek, Afgʻonistonda toliblar “Qoʻshtepa” kanalini qurib, Amudaryoning 50 foiz suvini olib qoʻya boshladi.

Oʻzbekiston iqlim oʻzgarishi va suv resurslaridan noratsional foydalanish natijasida tobora kuchayib borayotgan suv tanqisligi muammosiga duch kelmoqda. 2030 yilga borib mamlakatda suv tanqisligi 7 milliard kub metrga yetishi, 2050 yilga borib esa bu koʻrsatkich ikki baravar oshishi kutilmoqda. Bu Oʻzbekistonni suv tanqisligi yuqori boʻlgan davlatlar qatoriga qoʻyadi.

Bunday vaziyatda, hozircha faqat bitta yoʻl bilan vaziyatni yomonlashtirmaslik mumkin: suv isteʼmolini nazoratga olish, tejab-tergab ishlatish!

Nima choralar koʻrilmoqda?

Suv xoʻjaligi vazirligi bergan maʼlumotlarga qaraganda, Oʻzbekistonda suvni tejash uchun qator zaruriy chora-tadbirlar koʻrilgan. Natijada 2023 yilda 7 mlrd kub metr, 2024 yilda 8 mlrd kub metr suv iqtisod qilingan. 2025 yilda esa ushbu koʻrsatkichni 10 mlrd kub metrga yetkazish koʻzda tutilgan. Tejalgan suv takroriy ekinlar yetishtirish, aholi tomorqalarini sugʻorishga yoʻnaltirilmoqda.

2030 yilgacha yiliga 15 mlrd kub metr suvni iqtisod qilishga erishish maqsad qilingan. Masalan, oʻrtacha kattalikdagi bir viloyat uchun yiliga 3-4 mlrd kub metr suv kerak boʻladi. Iqtisod qilinadigan suv 3-4 ta viloyatning bir yillik isteʼmoliga teng boʻladi.

Kanal va ariqlarni betonlash

Hisob-kitoblarga koʻra, betonlanmagan irrigatsiya tarmoqlarida yiliga oʻrtacha 14 milliard kub metr yoki 36 foiz suv hech qanday iqtisodiy samarasiz isrof boʻlyapti. Suv yoʻqotishlari oqibatida iqtisodiyotimizda yiliga 5 milliard dollar daromad boy berilyapti.


Eski latifa – biznesda “oʻrtacha harorat”...


Shu bois 2024 yil – suv xoʻjaligida “kanallarni betonlash boʻyicha zarbdor yil” deb eʼlon qilindi. Davlat byudjetidan 676,7 mlrd soʻm ajratilib, 555 km kanallar rekonstruksiya qilindi. Klaster, fermer xoʻjaliklari tomonidan 13,5 ming km ichki sugʻorish tarmoqlari beton qoplamaga oʻtkazildi.

Tomchilatib sugʻorish

Oʻzbekistonda 4,3 mln gektar sugʻoriladigan yer maydoni boʻlsa, shuning qariyb 40 foizi oxirgi besh-olti yillik harakatlar natijasida suvni tejaydigan texnologiyalar, jumladan, tomchilatib sugʻorish vositasida qamrab olindi.

2028 yildan suv tejovchi texnologiyalarni joriy etganlarni ragʻbatlantirish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha Prezidetning 7 ta farmon va qarorlari qabul qilindi. Bu hujjatlar bilan subsidiyalar ajratish yildan-yilga takomillashtirildi.

Suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish hisobidan 2023 yilda 2 mlrd kub metr, 2024 yilda 2,5 mlrd kub metr suv iqtisod qilindi.

Suv xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga moʻljallangan konsepsiyasida mamlakatda sugʻoriladigan maydonlarni suvni tejaydigan texnologiyalar bilan 100 foiz qamrab olish vazifasi qoʻyilgan. Yana 4-5 yilda ulkan marraning qolgan qismi ham uddalanadi.

Suv nasoslari tizimini takomillashtirish

Suv xoʻjaligi sohasiga davlat byudjetidan ajratilayotgan mablagʻlarning 70-75 foizi nasoslarni ishlatish uchun elektr energiyasiga sarflanadi. Bugungi kunda yerlarni sugʻorish uchun davlat byudjeti hisobidan 1 ming 700 ga yaqin nasos stansiya ishlatilmoqda. Ularga bir yilda 7 mlrd kVt/soat elektr energiyasi talab etiladi.

Koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida elektr energiyasining yillik sarfini 1,8 mlrd kVt soatga kamaytirishga erishildi. Yaʼni 2017 yilda elektr energiyasi sarfi 8,3 mlrd kVt soatni tashkil etgan boʻlsa, 2024 yilda 6,5 mlrd kVt soatga tushdi.

Prezident tomonidan 2024 yil 7 noyabr kuni qishloq xoʻjaligida suv va energiya manbalaridan oqilona foydalanish hamda yoʻqotishlarni kamaytirish chora-tadbirlari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida oxirgi yillarda 1 milliard dollar hisobiga Qarshi, Amu-Buxoro, Amu-Zang kabi yirik nasos stansiyalari modernizatsiya qilingani, lekin oʻrta va mayda nasoslar eskiligi sababli suv tannarxi oshib ketayotgani taʼkidlandi. Shu kabi muammolardan kelib chiqib, yigʻilishda galdagi vazifalar belgilandi. 2025 yil – suv xoʻjaligida “nasoslar samaradorligini oshirish yili” deb eʼlon qilindi.

Nasos va agregatlarni zamonaviysiga almashtirish, energiya tejamkor qurilmalar oʻrnatish, elektr energiyasidan samarali va tejab foydalanish, agregatlarni grafik asosida qoʻshish, chiqarilayotgan suvdan maqsadli foydalanishni nazorat qilib borish choralari koʻrilyapti. Natijada 2025 yilda ajratilgan limitga nisbatan 300 mln kVt soat elektr energiyasini tejash koʻzda tutilgan.


Koʻzi boylangan adolat Oʻzbekistonda "tugʻilmaganmikin"?


Mana shu jarayonda davlat-xususiy sheriklik mexanizmlaridan foydalanilmoqda. 328 km uzunlikdagi irrigasiya tarmoqlari, 2955 km uzunlikdagi meliorasiya tarmoqlari, 412 ta nasos stansiyasi va 134 ta quduq DXSh asosida xususiy sheriklar boshqaruviga berildi.

Xususiy sheriklar tomonidan 129 ta nasos va 80 ta elektrodvigatel yangilandi, 51 ta suv sarfini onlayn oʻlchash qurilmasi, 34 ta kondensator qurilmasi oʻrnatildi, 46 km uzunlikdagi irrigasiya tarmoqlari rekonstruksiya qilinib, 476 km uzunlikdagi meliorasiya tarmoqlarida taʼmirlash-tiklash ishlari bajarildi.

Natijada suv yetib borishi qiyin boʻlgan hududlarning suv taʼminoti va yerlarning meliorativ holati yaxshilanib, 169,3 mln kVt elektr energiyasi tejalishiga yoki 256,3 mlrd soʻm davlat byudjeti mablagʻlari iqtisod qilinishiga erishildi.

Yana bir gap: prezident joriy yilning 1-2 may kunlari Xorazm viloyatiga tashrifi chogʻida xorazmlik fermerning nasos agregatini quyosh panellari orqali ishlatish tajribasini yuqori baholagan edi. Respublika boʻyicha fermer xoʻjaliklari hisobidagi 7500 ta nasos agregatiga ushbu tajribani joriy etish vazifasi belgilandi. Bu mexanizmda, suv tejovchi texnologiyadan foydalanilmagan paytda quyosh paneli orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasi tarmoqqa uzatiladi. Endi fermerlar uchun quyosh panellari xarajat emas, daromad manbaiga aylanadi.

Raqamlashtirilgan suv siyosati

“Oʻzbekiston-2030” strategiyasi va suv xoʻjaligini rivojlantirish konsepsiyasida belgilangan koʻrsatkichlardan kelib chiqib, oxirgi toʻrt yilda onlayn rejimda 13 174 ta suv ombori va irrigatsiya tizimlarining suv oʻlchash postlarida suv resurslarini kuzatib borish imkonini beruvchi “Aqlli suv”, 10 296 ta meliorativ kuzatuv qudugʻida sizot suvlari koʻrsatkichlari va yerlarning minerallashganlik darajasini nazorat qiluvchi “DIVER”, 1748 ta nasos stansiyasida suv sarfini monitoring qilish qurilmalari oʻrnatildi. 96 ta yirik suv xoʻjaligi obʼektining boshqaruvi avtomatlashtirildi.

Vazirlik huzurida Suv xoʻjaligini raqamlashtirish markazi tashkil etildi. “Suv hisobi”, “Nasos stansiyalari” kabi axborot tizimlari yaratildi.

Suvni iqtisod qilishda sohaning raqamlashtirilayotgani munosib ulush qoʻshmoqda.

Xulosa: suv – insoniyat vijdonining koʻzgusidir

Suv faqat tabiat neʼmati emas – u madaniyatning beshafqat imtihonidir. Suvdan qanday foydalanishimiz – kimligimizni, ertangi naslga qanday dunyoni meros qoldirishimizni koʻrsatadi.

Oʻzbekiston oʻz tarixida suv bilan muomala, uni boshqarish, uni asrash madaniyatini shakllantirgan. Lekin bugungi davr bu madaniyatni yangicha ilmiy, texnologiyaviy va insoniy yondashuv bilan qayta jonlantirishni talab qilmoqda.

Har bir tomchi suv – nodir neʼmat. Unga faqat resurs sifatida emas, balki imkoniyat sifatida qarash kerak. Davlat, jamiyat va har bir inson ushbu imkoniyatga munosib boʻlishi shart.

Abulfayz Sayidasqarov

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid