platina.uz
Jahon

Tramp Putin bilan yuzma-yuz gaplashmoqchi: Rossiya yon beradimi?

Amerika sanksiyalariga chap berishni istayotgan rus tomoni uch tomonlama uchrashuv oʻtkazilishiga ham qarshi emasdek koʻrinyapti.

Tramp Putin bilan yuzma-yuz gaplashmoqchi: Rossiya yon beradimi?
Foto: Getty Images.

AQSh prezidenti Donald Tramp yaqin orada Rossiya yetakchisi Vladimir Putin bilan uchrashib, Ukrainadagi urushni tugatish masalasini muhokama qilishi mumkinligini aytdi.

Gap nimada?

Donald Tramp saylovoldi dasturidayoq Ukrainadagi urushni toʻxtatishi haqida gapirib keladi. U lavozimni egallagach, Rossiya tomoni bilan faol muloqotga kirishdi. Moskvaga qarshi ritorika bir qadar yumshadi, AQSh va rossiyalik mulozimlar oʻrtasidagi muloqot tiklandi. Biroq, mazkur muloqotlar amaliy natija koʻrsatmadi.

Bu qiziqqon AQSh prezidenti Trampning jiddiy noroziligiga sabab boʻldi. Demak, Rossiya kelishuvga rozi boʻlmasa, qattiq cheklovlarga duchor boʻladi, uning hamkorlari esa ikkilamchi sanksiyalarga uchraydi. Cheklovlar asosan Rossiyadan neft sotib olayotgan davlatlarga qaratiladi. Masalan, Hindistonga qarshi rus nefti xaridi uchun allaqachon 25 foizlik boj kiritilishi eʼlon qilindi.

Iqtiboslar

“Tez orada uchrashishimiz uchun yaxshi imkoniyat bor”, dedi Tramp jurnalistlarga Moskvada oʻzining maxsus vakili Stiv Uitkoff va Putin oʻrtasidagi muzokaralar yakunlari boʻyicha OAV xabarlarini sharhlar ekan.

Tramp 6 avgust kuni Rossiya va AQSh “yaxshi muzokaralar” oʻtkazganini taʼkidladi, ammo ayni paytda Moskvaning savdo hamkorlariga qarshi keyingi ikkilamchi sanksiyalarni istisno qilmadi.

Biroq AQSh Davlat kotibi Marko Rubio Rossiya va AQSh rahbarlarining ehtimoliy uchrashuvi oldidagi “koʻplab toʻsiqlarni” yengib oʻtish uchun muhim ishlar qilinishi kerakligini aytgan.

"Bugun yaxshi kun boʻldi, lekin oldimizda juda koʻp ish bor. Hali koʻp toʻsiqlarni yengib oʻtishimiz kerak va biz buni kelgusi kunlar, soatlar, balki haftalar ichida amalga oshirishga umid qilamiz", dedi Rubio Fox Business nashriga.

Oq uy Amerika matbuotiga uchrashuvga tayyorgarlik koʻrilayotganini tasdiqlagan. Unga koʻra, Tramp Putin bilan uchrashishi, keyin esa Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ishtirokida uch tomonlama uchrashuv oʻtkazilishi mumkin.

"Ruslar prezident Tramp bilan uchrashish istagini bildirdi vauning oʻzi esa Putin va Zelenskiy bilan uchrashishga ochiq. Prezident Tramp bu shafqatsiz urush tugashini istaydi", - deya Oq uy matbuot kotibi Kerolin Levittning soʻzlaridan iqtibos keltirmoqda CNN.

Putinning oʻzi Stiv Uitkoff bilan Kremlda boʻlib oʻtgan muzokaralar chogʻida Tramp bilan uchrashishga tayyorligini maʼlum qilgan.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ham soʻnggi yangiliklarga munosabat bildirib, "Rossiya oʻt ochishni toʻxtatish kayfiyatiga moyil" ekani haqida gapirdi.

Eslatib oʻtamiz, Trampning Ukrainadagi urushni toʻxtatishga urinishlari besamar ketmoqda. 2025 yil mart oyidayoq Ukraina 30 kunlik otakesimga rozi boʻldi, ammo bu Rossiya tomonidan qabul qilinmadi. Trampning oʻzi Vladimir Putin olti marta telefon muloqoti oʻtkazdi. AQSh prezidenti ayniqsa, oxirgi muloqot samarasiz boʻlgani, Putindan koʻngli qolgani haqida gapirdi. Soʻngra, Rossiyaga otashkesimga erishish uchun 50 kun vaqt berildi, bu muddat keyinroq 10 kunga qisqardi. Aynan 8 avgustga kelib muddat tugaydi va AQSh allaqachon Rossiyaning asosiy savdo hamkorlaridan boʻlgan Hindistonga yuqori bojlari kiritishni boshladi. Bu orada Rossiya Ukraina shaharlarini kuchli bombardimon qildi, oʻnlab kishilar halok boʻldi. Tahlilchilar buni "Putinning Trampga javobi" deya baholadi.

7 avgust kuni esa Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff Moskvaga bordi, uchrashuv ijobiy tusda oʻtgani aytildi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid