platina.uz
Maqola

Xoʻjakoʻrsinga ishlayotgan Turizm qoʻmitasi

Maqolada oʻzbek turizmi dunyoga chiqolmayotganining eng asosiy sababi, tizimdagi boshqa muammolar va albatta milliardlik davlat xaridlari haqida soʻz boradi.

Xoʻjakoʻrsinga ishlayotgan Turizm qoʻmitasi
Fotokollaj: Platina.uz

Turizm butun dunyoda mamlakatni har tomonlama rivojlantirishga xizmat qiladigan soha. Masalan, ijtimoiy, madaniy, iqtisodiy va investitsiyaviy yoʻnalishlarda turizmning xizmati va hissasi katta boʻladi. Davlatlar oʻz makoniga xorijlik sayyohlarni jalb etish uchun jozibadorlikni oshirish, mehmondoʻstlikni namoyon qilish, xizmatlar sifatini yaxshilash boʻyicha tinmay izlanadilar.

Oʻzbekistonda ham sayyohlik sohasiga qiziqish katta, turistlarni jalb qilish davlat siyosati darajasiga chiqqan. Masalan, 2024 yilda jami 8,2 mln nafar chet el fuqarolari turistik maqsadlarda tashrif buyurgan. Bu albatta kichik raqam emas. 2023 yilda bu koʻrsatkich 6,6 mln nafar edi. Demak, yildan yilga ularning soni ortib boryapti.

Xorijliklar nigohida Oʻzbekiston turizm uchun yaxshi mamlakatmi yoki yoʻqmi, buni bilish uchun internetni titkilash kifoya. Bu haqda keyinroq. Hozir esa turizm tizimidagi ahvol haqida ikki ogʻiz.

Sayyohlarda pul koʻp

Afsuski, qon-qonimizga singib ketgan bu illat turizm rivojlanishiga salbiy taʼsir qilmay qolmaydi. Koʻchalarda biror chet ellik ovqatlangani kirsa, taksiga oʻtirsa, bozorda yursa, darrov narxlarni qimmatroq aytishga urinamiz. Taksichilarimiz ikki chaqirim joyga bir necha baravar koʻp narx qoʻyib olishi hech kimga sir emas.

Yaqinda bir doʻstim Turkiyada dam olib keldi. Bir hafta yurib, maza qilganini aytdi. Ularning mehmondoʻstligini rosa maqtadi. Axir qanaqasiga? Mehmondoʻstlikda bizdan oʻtadigan bormikin, deb oʻylanib qoldi odam. Istanbulda istalgan biror doʻkonga kirsangiz, doʻkondor ochiq chehra va tabassum bilan kutib olib, oldingizga shirinlik va choy qoʻyadi. Mutlaqo bepul, shunchaki mehmondoʻstlik belgisi sifatida. Chet eldan borib, uning doʻkoniga kirganingiz uchun minnatdorlik ramzi deb iltifot koʻrsatadi. Masalan, shunchaki salqinlanib, tekin choyini ichib, shirinlikni yeb chiqib ketsangiz ham, tabassum bilan kuzatib qoʻyadi. Yana keling, deydi.


"Atom kuchini oʻtin yorishga" sarflayotgan markaz


Bizda shunday holat boʻlganmikin? Koʻpincha aksini koʻramiz. Turizm qoʻmitasi esa qaysidir maʼnoda mazkur dilxiralikka qarshi kurashishi mumkin. Mahalliy nomdor doʻkonlar, yemakxonalar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyib, turistlar uchun chegirmalar, imtiyozlar va tabassum ulashishga sharoit yaratib berishiga nima xalaqit qiladi?

Xoʻjakoʻrsinga ishlash

Turizm qoʻmitasi kimlarningdir koʻziga yaxshi koʻrinish uchun, yaʼni ish ketyaptimi – ketyapti qabilida ishlamoqda, desa boʻladi. Xalqaro darajada tan olingan va butun dunyoda keng qoʻllaniladigan panorama erkinligi haligacha bizda yoʻqligi turizmga eng katta toʻsiq boʻlib qolyapti. Bu haqda bir yil oldin oʻzbek vikipediyachilari bilan podkastimizda batafsil gaplashganmiz.

Aynan panorama erkinligi yoʻqligi uchun Oʻzbekistonning tarixiy obʼektlari suratlari va videolarini internetga joylash muammo. Chunki bunda mualliflik huquqiga jiddiy qaraladi. Bizda esa mualliflik huquqi boʻyicha ishlar ancha orqada, hatto kulgili darajada. Bu haqda keyingi sonlarda toʻliqroq toʻxtalamiz.

Yaqinda Toshkent shahridagi quduqlarning qopqoqlarini Vikipediyaga joylab borayotgan vikipediya maʼmuri yana shunday toʻsiqqa duch kelgan. Oʻsha qopqoplar oʻziga xos chiroyli dizaynda ishlangan, tarixiy binolar suratlari aks ettirilgan boʻlgan. Afsuski, Oʻzbekistonda panorama erkinligi yoʻqligi uchun bu rasmlar internetdan oʻchirib tashlanmoqda.

Eng oddiy muammolar

Muammoning katta-kichigi boʻlmaydi aslida, biroq Turizm qoʻmitasi uchun ancha kichik va arzimas muammolar bor. Masalan, togʻli hududlardagi maskanlarda telefon raqamlari ishlamaydi, antenna chiqmaydi, aloqa oʻchadi. Bir turist oʻsha togʻli joylarda aylanib yursayu, palakat bosib, yiqilib tushsa va hushini yoʻqotsa, sheriklari hech kimni yordamga chaqirolmaydi. Favqulodda vaziyatlar, sogʻliqni saqlash yoki ichki ishlarga qoʻngʻiroq qilish uchun telefonda antenna yoʻq. Shuning uchun har zamonda “togʻda yoʻqolib qolgan odam bir necha kun oʻtib topildi”, degan xabarlarga koʻzimiz tushadi.

Men oʻzim Toshkent viloyatidagi Tovoqsoy sharsharasida bunga guvoh boʻlganman. U yerga mahalliy va xorijiy sayyohlar tomoshaga boradilar. Ammo bir necha kilometrlik yoʻlda na Bilayn, na Mobiuz, na Yusell ishlagan. Faqat Uzmobayl antennasi chiqadi. Lekin hamma ham bu aloqa operatori xizmatidan foydalanmaydi. Sayyohlar-ku qaysi yaxshi-yomonligini bilmaydi.

Yana bir oddiy muammolardan – turistik maskanlarga borgan odamni byurokratiya va boʻlmagʻur toʻsiqlar yeb yuborishidir. Yuqorida yozganimdek, togʻli hududlar yoki qoʻriqxonalarga yetib borishda mahalliy “ishbilarmonlar” tashuvchilik xizmatlari bilan shugʻullanadi. Lekin juda qimmat narxlarda xizmat koʻrsatadi.

Platina.uz jamoasi shu yil mart oyida BizTour sayyohlik agentligi bilan hamkorlikda Zomin qoʻriqxonasiga borib, maxsus koʻrsatuv tayyorlagandi. Maqsad oʻsha tomonga boruvchilarga koʻproq va kengroq maʼlumot berish edi. Ammo xodimlarimiz yoʻq joydan paydo boʻlgan muammoga duch kelishgan.

Zomin sayohatiga tadorik koʻrish arafasida Turizm qoʻmitasiga tahririyat nomidan xat yozganmiz. Xatda maqsadimizni aytib, texnikalar bilan kirishda muammo boʻlmasligi uchun mutasaddilardan yordam soʻraganmiz. Qoʻmitadagilar biz bilan qoʻngʻiroqlashib, Jizzaxdagi xodimlariga tayinlashini, oʻzlari kutib olib, kuzatib qoʻyishlarini bildirgandi. Natija qanday boʻldi, deb oʻylaysiz?

Albatta, hammasi faqat ogʻizda xolos. Xodimlarimiz qoʻriqxonaga yetib borgandan muammo ham boshlangan. Avvaliga Turizm qoʻmitasining viloyat boʻyicha mutasaddilari telefonlarini oʻchirib olishgan. Qoʻriqxonaga kiraverishda esa “qoʻriqchilar”, tabiiyki, texnikalar uchun ruxsatnoma soʻragan. Bundan tashqari, xodimlarimiz borgan mikroavtobus bilan ichkariga kiritmasliklarini, faqat oʻsha yerdagi mahalliy transport vositalarida mahalliy “ishbilarmonlar” yetovida oʻtish mumkinligini aytishgan.

Faqat jurnalistlarga shundaymikin, deb surishtirsak, xorijiy sayyohlarga ham shunday sunʼiy toʻsiqlar yaratib, mahalliy “ishbilarmonlar”ning “biznesini qoʻllab-quvvatlash” uchun oʻziga xos monopoliya qilib olishgan ekan. Shundagina qoʻmita vakillari “topishmoq” boʻlib qolganining sababini tushundik.

Milliardlar va milliardlar

2025 yilda Turizmni rivojlantirish jamgʻarmasiga davlat byudjetidan 100 mlrd soʻm ajratilgan. Bu pullar qayerga qanday sarflanayotgani haqida ochiq va shaffof maʼlumotlar yoʻq. Biz esa 2024 yil yanvardan hozirgacha Turizm qoʻmitasi amalga oshirgan davlat xaridlarini qarab chiqdik va milliardlik shartnomalarnigina maʼlum qilamiz.

Turizm qoʻmitasi shu vaqt oraligʻida eng katta davlat xaridlarini reklama va piarga sarflagan. Masalan, 2024 yil yanvarda Britaniyada Oʻzbekiston sayyohlik salohiyatini ilgari surish va reklama qilishga 521 mln soʻm, fevralda xorijiy firmalar orqali piar qilish uchun 8,6 mlrd soʻm, Oʻzbekistonda xalqaro akademiyani tashkil qilish uchun oʻtgan yili 2,9 mlrd soʻm, bu yil may oyida esa 8,6 mlrd soʻm pulni toʻgʻridan-toʻgʻri xaridlar orqali Iqtisodiyot va moliya vazirligiga oʻtkazgan.

Toshkentdagi “Humo arena”da “Oqqush koʻli” muz shousini oʻtkazish uchun 2024 yil martda WIND ROSE MChJ bilan salkam 1 mlrd soʻmlik toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma tuzilgan.


Vaʼdaboz energetiklar


2024 yil 31 iyulda tuzilgan shartnomaga koʻra, qoʻmita Madaniyat vazirligi huzuridagi xalqaro festivallar direksiyasiga 2 mlrd soʻmdan ortiq pul tushirib bergan. Bu pullarga madaniy tadbirlar xarajatlari kirib ketadi. Birgina mushakbozlik uchun 500 mln soʻm sarflangan.

Oʻtgan yili yurtimizda boʻlib oʻtgan Butunjahon turizm tashkiloti tadbirlari uchun jami 22,2 mlrd soʻmdan koʻproq pul ishlatilgan. Bu mablagʻ ichida xorijiy va mahalliy mehmonlarga seminar oʻtish, ovqatlantirish, mehmonxona va transport xarajatlari, kofe-breyk kabilar kirib ketadi. Tadbirni INTERFORUM DUK tashkillashtirgan. Bu ochiq manbalardagi hozircha eng katta summa.

Davlat xaridlarida eng katta summalarini oldik. Shuningdek, “Oʻzbekiston havo yoʻllari”, xususiy turfirmalar, mehmonxonalar bilan tuzilgan shartnomalarda ham bir yil ichida pullar miqdori yigʻilib milliardlardan oshib ketgan.

Reklama va piar

Turizmda reklama juda katta ahamiyat kasb etadi, agar u joyiga yetib borsa, agar u kerakli nuqtalarga urilsa. Turizm qoʻmitasi milliardlarni xorijda reklama qilishga sarflayapti, ammo bu samara bermayapti. Agar xato boʻlsa, raqamlarni ochiqlashsin: aynan ularning reklamasidan keyin turistlar oqimi qanchaga ortgan? Bilaylik.

Menimcha, sayyohlar jonli reklama, yaʼni odamlardan – tanishi, qarindoshi, doʻsti, hamkasbidan eshitib, keyin Oʻzbekistonga kelyapti. Qoʻmita esa bu statistikani oʻz mehnatidek jar solyapti. Oʻzi asli jonli reklamadan zoʻri yoʻq, ham tekin, ham samarali. Qoʻmita reklamada oddiy odamlargacha yetib borolmayapti.

Deylik, Britaniyaning qaysidir nufuzli telekanali orqali bizning sayyohlik salohiyatimiz haqida koʻrsatuv berildi. Oddiy odamlar uni koʻrishi, koʻrsa-da, eʼtibor qilib, shu yerga boraman deyishi oʻta mushkul ish. Buni oʻzingiz misolida sinab olishingiz mumkin.

Oddiy xalqqacha borishning ommabop yoʻllari koʻp. Masalan, milliy kinolarni koʻpaytirish, ularni qoʻllab-quvvatlash. Kino orqali ham zamonaviy, ham qadimiy obʼektlarni koʻz-koʻz qilsa boʻladi. Oʻzimiz qancha kinolarni koʻrib, oʻsha filmdagi chiroyli manzillarga borishni orzu qilganmiz. Turk seriallari ommalashgani uning turizm salohiyatiga juda katta taʼsir qiladi. Oʻsha qadimiy binolarni koʻrish, oʻsha millat bilan uchrashish uchun sayyohlar oqib keladi.

Bizda esa bari maishiy seriallar, saviyasi past filmlar bor xolos. Ular ham pandemiyadan keyin yoʻq boʻlib ketdi. Shuning uchun avval kinoni “odam” qilish kerak.


Botqoqdan chiqolmayotgan oʻzbek kinosi


Xulosa

Yuqoridagi pullardan shuni xulosa qilish mumkinki, Turizm qoʻmitasi koʻr-koʻrona ishlayapti. Reklama va piarga mablagʻni ayamayapti. Aslida bu tabiiy, turizm reklama orqali rivojlanadi. Ammo bu reklamalarda haqiqat ham boʻlsagina. Biznikilar esa usti yaltiroq, ichi qaltiroq qabilida ish koʻrayotgandek.

Reklamani koʻrib, Oʻzbekistonga kelgan sayyoh yuqoridagi holatlarga tushyapti va internetda salbiy va nohush kontentlar ortyapti. Turistlar Oʻzbekistonda bu soha tizimli ravishda yoʻlga qoʻyilmagani ortidan internetda bong urmoqda. Qoʻmita esa bitta munosabat berib qutulyapti.

Aslida bu eng kerakli yoʻnalish. Prezident Shavkat Mirziyoyev ham bekorga katta eʼtibor qaratmayapti. Balki boshqacharoq oʻylash, fikrlash payti kelgandir. Ehtimol tizimni isloh qilib, pastga, xalq orasiga tushib, sayyohlardek yurib koʻrish muhlati yetgandir.

Yuqoridagi yozgan muammolarimiz aslida biz oʻzimiz duch kelganlar, yaʼni oʻzimizga maʼlum boʻlganlari xolos. Biz koʻrmaganlar, bizdan yashirilayotgan masalalar qancha boʻlsa...

Bobur Jalolov,
Platina.uz bosh muharriri

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid