platina.uz
Maqola

Vaʼdaboz energetiklar

Vazirlikka qancha pul ajratilyapti? Subsidiyalash hali davom etadimi? Vazir oʻz vaʼdasiga muvofiq qachon ishdan ketadi?

Vaʼdaboz energetiklar
Fotokollaj: Platina.uz

Energetika vazirligi eng koʻp gapiriladigan mavzuga aylandi. Bunda ijtimoiy ahamiyat katta rol oʻynaydi. Gaz va chiroq hammaga birdek, suv va havodek zarur. Buni xalq yaxshi biladi, ammo energetika tizimidagi amaldorlar qanchalik his qilyapti?

Energetika vazirligiga davlat byudjetidan 2025 yilda 123 mlrd soʻm pul ajratilgan. Bundan tashqari, ular har yili subsidiyalash uchun ham mablagʻ oladi. Ammo chiroq oʻchish muammosi bir necha yildan beri hal boʻlgani yoʻq, gaz masalasi har yili sovuqda kun tartibiga chiqadi.

Holbuki, vazir Joʻrabek Mirzamahmudov 2023 yil oxirida bergan intervyusida "2024 yil yakunigacha elektr energiyasi muammosi toʻliq hal etilishini, yoʻqsa, jamoa bilan ishdan ketishini" aytgandi. Hozir 2025 yilning yarmi ortda qoldi, ammo oʻsha muammolar vazir bilan birga hamon kun tartibida turibdi.

Biz sohaga ajratilayotgan pullar miqdori, ularning ishlatilish samaradorligi, qayerlarga qanchadan sarflangani haqida maʼlumotlar olish uchun vazir matbuot kotibi Hasan Toshxoʻjayev bilan bogʻlandik. U hamma maʼlumot borligini aytib, taqdim etishini bildirdi. Ammo oradan 7 kun oʻtsa ham, na maʼlumotdan xabar bor, na murojaatlarimizga javob.

Subsidiya

2025 yilning dastlabki 3 oyida byudjetdan energetika uchun jami 5,4 trln soʻm, shundan 4,4 trln soʻm gaz uchun subsidiya oʻzlashtirilgan. Ammo raqamlar oxirigacha va toʻliq ochiqlanmagan, shaffoflik yoʻq. Jamoatchilik ham aynan shu yopiqlikni koʻp tanqid qiladi, lekin energetiklar pinagini buzmaydi.

"Masalan, boshqa ijtimoiy, aytaylik, uy-joy uchun yoki fermerga yerni lazerda tekislash uchun berilgan subsidiyalarni kim, qancha va qachon olganini nomma-nom koʻrish mumkin. Oʻgʻirlagan boʻlsa, oʻgʻirlagani, aldagan boʻlsa, aldagani koʻriladi. Har yili tekshiriladi (shuning uchun tomchilatib sugʻorish bahona milliardlab subsidiyalarni oʻmargan klaster va fermerlar yo qamalgan, yoki tiyinigacha qaytarishmoqda).

Afsuski, shonli energetikada bunday emas. Oʻraga sichqon tushdi – guldur gup. Ëpiq basseynga aylangan UzGasTrade'dan trillionlab subsidiyalar kimning choʻntagiga tushyapti, gaz narxining qaysi farqi va qismini qoplayapti, import gaz subsidiyalanyaptimi yo oʻzimizning oʻzbek gazimi, subsidiyalangan gaz xalqqa berilyaptimi, biznesgami yo eksportga ketyaptimi, subsidiya benefitsiari gonkonglik oʻrtamchimi yo kiprlik vositachi yoki shveysariyalik soatfurushmi, hech kimga hech narsa aytilmaydi. Men qoʻrqamanki, formal boʻlsayam, xalq vakillari boʻlgan deputatlargayam, hatto yopiq xatlar orqali ham aytishmaydi. 3 yildan beri UzGasTrade orqali taqismlanayotgan subsidiyalarning maqsadli ishlatilgani yoki sovurilgani biron marta tekshirildimi, buyam nomaʼlum", deya kuyunadi bloger Otabek Bakirov.


Botqoqdan chiqolmayotgan oʻzbek kinosi


2024 yilda subsidiyalar uchun 25,5 trln soʻmdan koʻp mablagʻ yoʻnaltirilgan. Subsidiyalarning eng katta qismi energetikaga ketgan: 13,9 trln soʻm. 2023 yil bilan solishtirganda ayrim yoʻnalishlarda subsidiyalash keskin oshgan, xususan:

  • issiqlik taʼminotiga 1,7 trln soʻmdan 3,9 trln soʻmgacha (2 karradan ziyod);
  • jamoat transporti uchun 838 mlrd soʻmdan 1,2 trln soʻmgacha (1,3 barobar);
  • Lazerli tekislashga 66 mlrd soʻmdan 317 mlrd soʻmgacha (4,8 barobar);
  • Tomchilatib sugʻorishga 124 mlrd soʻmdan 208 mlrd soʻmgacha (1,7 barobar);
  • Xorijdan naslli hayvonlar keltirishga 7 mlrd soʻmdan 58 mlrd soʻmgacha (8,3 barobar);
  • Zakovatga 33 mlrd soʻmdan 50 mlrd soʻmgacha (1,5 barobar) oshirilgan.

Qarz

2025 yilning birinchi choragida davlat qarzi 2,2 mlrd dollarga oʻsib, 42,4 mlrd dollardan oshgan. Oʻtgan yilning birinchi choragida davlat qarzi 422 mln dollarga oʻsgandi.

Oxirgi 3 oyda qarz oʻsishi eng katta qismi yevroobligatsiyalar hisobiga jalb qilingan majburiyatlarga toʻgʻri kelgan (+ 1526 mln dollar). Mazkur qarz byudjetni qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilgan. Davlat qarzining eng katta qismi byudjetni qoʻllab-quvvatlashga sarflangan (15,3 mlrd dollar) boʻlsa, keyingi oʻrinda energetika tizimi (5,7 mlrd dollar) turibdi.

Eng katta qarz Osiyo taraqqiyot banki (7,7 mlrd dollar) va Jahon bankidan (7,4 mlrd dollar) olingan. Qarzning qariyb 39,0 mlrd dollarlik qismi xorijiy valyutada, qolgani soʻmda.

"Davlat qarzini yalpi tashqi qarz bilan adashtirmaslik kerak. Samarasiz davlat kompaniyalari va banklari koʻplashib, poyga oʻynab olinayotgan yalpi tashqi qarz bu yil 70 mlrd dollardan oshib ketadi", deydi iqtisodchi Otabek Bakirov.

Tinmay oshayotgan narxlar

Energetikada narx oshishi 2024 yilda boshlandi. Oʻsha paytdan tabaqalashtirilgan tariflar joriy etildi. Oradan bir yil oʻtib, bu yil may oyida narxlar yana oshirildi. Hukumat qaroriga koʻra, endi narxlar inflyatsiyaga qarab muntazam oshib boraveradi. Holbuki, bir marta koʻtarilgan narxlar 3 yildan kam boʻlmagan muddatda oshirilmasligi haqida ham vaʼdalar boʻlgandi.

Shuningdek, ijtimoiy norma hisoblangan 200 kVt/soatgacha boʻlgan oylik isteʼmoldan keyingi norma 1000 kVt/soatgacha emas, oraliqqa 500 kVt/soatgacha boʻlgan norma kirtildi.

Shu vaqtgacha 201 kVt·soatdan 1000 kVt·soatgacha boʻlgan qismi uchun 900 soʻmdan haq toʻlangan boʻlsa, endi 500 kVt·soatgacha boʻlgan yangi miqdor oraligʻida har bir kilovatt·soat uchun 800 soʻmdan toʻlanadi. Elektr energiyasi va tabiiy gaz narxlari har yili 1 maydan bir marotaba yillik inflyatsiya darajasidan kelib chiqqan holda 10 foizdan yuqori boʻlmagan miqdorda oshirib borilishi mumkin.

2025 yil 1 maydan 2027 yil 1 aprelga qadar “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali bolalar nafaqasi va moddiy yordam oluvchi hamda Kambagʻal oilalar reyestriga kiritilgan, shuningdek, Reyestrlarga kiritilmagan, biroq moddiy ahvoli boʻyicha kam taʼminlangan oilalar mezonlariga toʻgʻri keluvchi, oiladagi jon boshiga daromadi minimal isteʼmol xarajatlarining 1,5 barobaridan oshmaydigan oilalarga:

  • elektr energiyasi isteʼmoli boʻyicha – oyiga bazaviy meʼyordan 150 kVt soatgacha;
  • tabiiy gaz isteʼmoli boʻyicha – isitish mavsumida oyiga bazaviy meʼyordan 250 kub metrgacha, boshqa davrlarda oyiga bazaviy meʼyordan 150 kub metrgacha ortiq foydalanilgan qismi uchun bazaviy meʼyor doirasidagi hamda bazaviy meʼyordan oshgan narxlar oʻrtasidagi farq kompensatsiya qilib beriladi.

“Eng qizigʻi, tariflarning keyingi yillarda ham oshishda davom etishi qayd etilgan qarorning toʻliq matni emas, balki faqat koʻchirma eʼlon qilingan. 800 soʻmlik oraliq shkala keyingi yillarda tariflar oshirilishini "oʻtkazib olish uchun" shunchaki "xoʻrak" sifatida qoʻshilganga oʻxshaydi”, deb yozgan Otabek Bakirov.


"Atom kuchini oʻtin yorishga" sarflayotgan markaz


Bundan tashqari, gazlashmagan hududlarda har bir xonadonga 35 kunda bitta propan baloni yetkazilishi tartibi uzluksiz ishlamayotgani haqida xabarlar bor. Propan baloni yetkazish davriyligi 2-3 oyga choʻzilib ketishi, buning ustiga narxlardagi farqlar tufayli korrupsiyalashgani muammoga aylangan. Buni hatto davlat rahbari aytib chiqdi. Shavkat Mirziyoyev suyultirilgan gaz yetkazishda 60-70 kunlab uzilish kuzatilayotgani, ayniqsa, Andijon va Surxondaryoda murojaatlarning 70 foizi shu masala bilan bogʻliqligini qattiq tanqid qilgan.

“Issiq kunlarda gazda shuncha muammo boʻlsa, qishda odamlar qozonini nimada qaynatadi? Rahbarlarga soʻnggi ogohlantirish: bu masalaga ikki haftada yechim topsin, boʻlmasa oʻzi bilib joyini boʻshatib qoʻysin”, degan prezident.

Davlat xaridlari

Energetika vazirligi toʻgʻridan-toʻgʻri davlat xaridlarini ham amalga oshirib keladi. Toʻgʻri, ularning aksariyati yoki jamoatchilikka ochiqlangani mayda summalar. Qizigʻi, tenderlari haqida birorta ochiq maʼlumot ham yoʻq.

Masalan, vazirlik 2025 yil 31 yanvar kuni SILK ROAD ENERGY PLANNING va ENGINEERING MChJ QK bilan qiymati 25,6 mlrd. soʻmlik toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma tuzgan. Unga koʻra, real vaqt rejimida tarmoqni muvozanatlash tizimi loyihasi ishlab chiqilishi kerak edi. Oradan salkam yarim yil oʻtyapti, bu amalga oshganmi yoki yoʻq, nomaʼlum.

2025 yil may oyida esa SOLUTIONS FOR IT XK toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzgan vazirlik 546 mln soʻmga 50 dona monoblok sotib olgan.

Xulosa

Agarki biz soʻragan maʼlumotlarni berganida shuncha pullar qayerga ishlatilayotgani, qancha stansiya yangilanib, qaysilari taʼmirdan chiqqani haqida bilib olardik. Afsus, ular yana aldadi. Balki aslida hech nima qilinmayotgandir, qilinayotgandek koʻrsatilayotgandir.

Hozircha shunday gaplar. Yuqoridagi maʼlumotlarning barchasi ochiq manbalardan olingan. Yopiq maʼlumotlar shu qadar koʻpki, ularni yaqin kelajakda ochish imkonsiz, ammo uzoq kelajakda albatta imkoni boʻladi. Oʻzbekiston xalqi qishda sovqotib oʻtirganda energovallomatlar qancha gaz eksport qilgani, Rossiya bilan yashirincha tuzilgan 3 tomonlama ittifoqning yashirin shartlari aslida qanday boʻlgani, narxlarning tinmay va turli bahonalar bilan oshaverishi sirlari bir kun kelib baribir oshkor boʻladi.

Bobur Jalolov,
Platina.uz bosh muharriri

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid