platina.uz
Jamiyat

"Deputatlarning qoʻli qon" – tezlik chegarasi oshirilishiga jamoatchilik qarshi chiqmoqda

Parlament, IIV, YHXX va boshqa masʼullar hozirgacha biror munosabat bermadi, bu qarorni izohlamadi.

"Deputatlarning qoʻli qon" – tezlik chegarasi oshirilishiga jamoatchilik qarshi chiqmoqda

Yoʻl harakatida belgilangan 5 km/s.lik chegarani 10 km/soatga oshirish haqidagi "Milliy tiklanish" partiyasidan chiqqan "tashabbus" jamoatchilikning jiddiy eʼtiroziga sabab boʻlmoqda. Ammo masʼullar hozirgacha izoh berishni istamayapti.

Muhrim Aʼzamxoʻjayev, bloger:

"Aslida mahalladagi muhokamaga ham arzimaydigan qonunni parlament muhokamasiga chiqarish uchun, masalan, "Milliy tiklanish" partiyasidan saylangan deputatlardan faqat bittasi qarshi chiqibdi. Rahmat aytib qoʻysa arziydi shu deputatga, chunki u Oʻzbekistonda haydovchilar emas, aynan piyodalar koʻproq ekanidan xabardor ekan.

Ertaga, Xudo koʻrsatmasin, ruxsat etilgan 10 km tezlik chegarasida ketayotgan mashina biror piyodaning umriga zomin boʻlsa, mana shu qonunni maʼqullab qoʻl koʻtargan deputatlarning vijdoni qiynalarmikin? (chunki tezlikning har bir yuqori kilometri oʻlim ehtimolini shuncha oshiradi).

Ishqilib, 60 kmlik yoʻlda 70 tezlikda kelgan mashina urib ketishidan oʻlgan piyoda shu yaramas qonunni maʼqullashga tayyor deputatlarning oʻzi yo qarindoshlari boʻlib qolmasin. Mabodo boʻlib qolsa, eslaridan chiqmasin – sizlarning qoʻlingiz qonda".

Xushnud Xudoyberdiyev, bloger:

"Mazmunan shaharlar ichida ruxsat etilgan tezlikni 70 km/soatgacha koʻtarish haqidagi qonunni ishlab chiqqanlarni laʼnatlayman va qoralayman. Agar taklif kerak boʻlsa, jarima chegarasida +10 km/soat istisno oʻrnatmoqchimisiz? Bemalol, sira qarshiligim yoʻq.

Lekin avval shahar markazlarida cheklangan tezlikni 50 km/soat, boshqa aholi punktlarida esa 60 km/soat qilib pasaytiringlar. Ana undan keyin xohlang +10, xohlang +15 istisno kiritavering.

Muammo nimada? Texnik tomondan tezlikni toʻgʻri oʻlchashdami? Unda faqat shu muammoni hal qiladigan loyiha ishlab chiqish kerak edi. Lekin hozir bahonada tezlikni oshirib olmoqchisizlar. Uyalinglar ozgina.

Avariyada halok boʻlgan insonlarni hurmat qilmasangiz ham, hech boʻlmasa, hozir tirik yurgan piyodalarning zigʻircha hurmati yoʻqmi sizlar uchun? Kun tugʻsa ham, oy tugʻsa ham faqat mashinani oʻylab charchamadinglarmi?

Mantiqiy fikrlay oladiganlar uchun: +10 km/soat istisno haqidagi qonunga asosiy sabab nimada, bilasizmi? Bu 66 km/soat tezlikda kelganlar toʻlayotgan jarimalarning koʻpligida.

Mana shu haydovchilar atigi 1 km/soat tezroq kelgani uchun jarima toʻlamasin, bu adolatdan emas, deyilyapti.

Lekin bu aldamchi tasavvur va bunda manipulyatsiya bor. Aslida 66 da kelgan haydovchilar ruxsat etilgan tezlikni atigi 1 km/soatga oshirgani yoʻq. Ular 6 km/soat tezroq kelgan! Chunki shahar ichida ruxsat etilgan tezlik – 60 km/soat! Siz 61 yurishga ham haqqingiz yoʻq. Bu qoidalarning buzilishi hisoblanadi.

Hozir aksariyat haydovchilar 63-64 tezlikda yurishga oʻrganib qolgan. 65 dan oshib ketmasa boʻldi, deyishadi. Mana shuning uchun ham baʼzan nishablik joylarida mashina kutganidan tezroq yurib ketadi va jarimaga tushib qoladi. Lekin 63-64 yurganlar ongli ravishda qoidani buzmoqda va ular toʻlayotgan jarima hecham alamli emas. Chunki oʻzlari shu yoʻlni tanlayapti, oʻzlari qoidalarni buzishni odatiy holga aylantirib olgan.

Hali bironta haydovchi 59 da yurgani uchun radar xato hisoblab, 66+ koʻrsatgani haqida eshitganim yoʻq. Jaydari tilda aytganda, haydovchilar qoidalarga amal qilib, 60 dan oshirmay yurishsa, tezlik uchun jarima toʻlash ehtimoli 0,001% boʻladi. Kim qoidalarni mensimasdan, 65 ga taqab yursa, unda oʻzidan koʻrsin va aybni oʻzidan qidirsin.

Aslida +5 km/soat istisnoni oshirishga hech qanaqa ehtiyoj yoʻq.

Hozir +10 km/soat istisno belgilashsa, unda haydovchilar ongli ravishda 68-69 tezlikda yurishga oʻtadi. Buni hech kim nazorat qila olmaydi. Ommaviy ravishda shu yoʻlga oʻtib olishadi. Natijada yana kimdir 71 km/soatda kelgani uchun jarima toʻlaydi va yana nolishadi, “tezlikni bor-yoʻgʻi 1 taga oshiribman xolos, shunga jarima toʻlashim adolatdanmi, undan koʻra 75 qilaylik” deyishadi.

75 qilgach esa 76 km/soatda jarima toʻlayotganlar nolishni boshlaydi. Xullas, buyogʻi cheksiz ketaveradi. Tezlikni qancha qilib belgilashingiz qiziq emas, har doim, ha, HAR DOIM atigi 1 km/soat tezroq kelib jarima toʻlaydiganlar chiqaveradi.

Nahotki shunga qonun tashabbuskorlari va uni yoqlayotganlarning mantigʻi yetmayapti?".

Otabek Bakirov, bloger:

"Odamlar haqida ham qaygʻuring: shaharlarda tezlik 50 km/soatgacha pasaytiriladimi?

Belgilangan tezlikdan yuqori harakatlanganda qoʻllaniladigan 5 km/soat chegirmani 10 km/soatga oshirish boʻyicha oʻzgartirishlar loyihasi parlamentga kiritilgani albatta xavotirli. Parlamentimiz tiyib turish, sogʻlom aql markazi va dialektika joyi boʻlsa ham mayliydi, parlamentimizda piyoda yuradiganlar koʻpchilikni tashkil etsa ham mayli edi, parlamentimizda piyodalar va umuman Oʻzbekistonning turli qarashlari ifodalovchilarning vakilligi boʻlsa ham mayli edi. Mayli, bu gaplar yashab turgan realliklarimizda befoyda, qolaversa, betaʼsir ritorika.

Xoʻp, xatolik chegarasini oshirish zaruriyatini texnik vositalar (radarlar) va transport vositalarining spidometrlaridagi baʼzi "xatoliklar"ga bogʻlashayotgan ekan, mayli, chegirmani 10 km/soatga oshirishdi deylik. Spidometr haqida qaygʻurayotgan moshinsevarlar shuni istabdi.

Lekin unda yoʻllardagi yuqori tezlik va inson hayoti bilan bogʻliq "xatolik"larni ham qaytadan koʻrib chiqishga toʻgʻri keladi. Uyogʻiga qoʻshdingizmi, buyogʻidan ayiring, mahalliylashtirilgan "Malibu"minar janoblar. Odamlar haqida ham qaygʻuring. Kelinglar, barcha shaharlarda tezlikni 60 km/soatdan 50 km/soatgacha pasaytirishni ham bab-baravar kun tartibiga olib chiqinglar, muhokama qilinglar.

Shunda adolatdan boʻladi".

Indallo kanali:

"Vaqtini asosan mashina ichida oʻtkazadigan deputatlarimiz yoʻllardagi tezlik chegarasini 10 km/soatga oshirishmoqchi. Yaʼni 60 km/s tezlik bor joyda 70 km/s.gacha radarga tushmasin demoqchi. Hozir bu 65 km/s.

Ularning umri shu mashina va bitta binoda oʻtadi. Tashqariga chiqmaydi, xalq ichiga kirmaydi. Har 5 yilda bir quruq vaʼda berib qoʻysa boʻldi.

Toʻgʻri, deputatlar uchun koʻp eshiklar yopiq, boshqa iloji ham yoʻq. Lekin ijtimoiy, xalq manfaatiga xizmat qiluvchi loyihalarda qarshilik qilsa, qoʻl koʻtarib, yoʻq desa, Prezident administratsiyasi, DXX, IIV yo boshqa tuzilmalarimiz otib tashlamaydi.

Ularning yoʻllar bilan ham, piyodalar bilan ham, haydovchilar bilan ham ishi yoʻq. Ularning oʻylari davlat siyosati darajasida.

Faqat buning uchun deputatlarimizga sal dov (dux) kerak xolos.

Ammo senatorlarimiz yana bir marta ochko ishlab olishi uchun zamin hozirlanyapti. Esingizda boʻlsa, YPX xodimlarini suratga olish huquqini saqlab qolish jamoatchilik junbushga kelgach, Senatdan qaytarilgan edi.

Parlamentdagi xumkallalar (yaʼni boshini xumga tiqib olgandek) hali-veri ishonchimiz va umidlarimizni oqlamasa kerak".

Ushbu holatni yoqlab chiqqan amaldorlar ham yoʻq emas. Masalan, Rasul Kusherbayev, Ekologiya vaziri maslahatchisi:

"Yoʻl harakatida yangi yengillik: tezlik boʻyicha chegirma 10 km/soatga oshirilishi mumkin

Parlament fraksiyalari haydovchilar uchun muhim boʻlgan yangi qonun taklifini maʼqulladi. Unga koʻra, yoʻl harakati qoidalarida belgilangan tezlik meʼyoriga nisbatan hozirgi 5 km/soatlik chegirma 10 km/soatgacha oshirilishi mumkin.

Bu yangilik koʻplab haydovchilar tomonidan kutilgan edi. Amaldagi tartibda, agar haydovchi belgilangan tezlikdan 5 km/soatgacha oshib ketsa, jarima solinmaydi. Yangi qonun loyihasi qabul qilinsa, bu chegirma 10 km/soatgacha kengaytiriladi va natijada yoʻlda tasodifiy, texnik sabablar bilan sodir boʻladigan kichik tezlik oshib ketishlari uchun haydovchilar jazolanmaydi".


Mavzuga doir: Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati boshligʻiga ochiq xat!

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid