Poytaxtdagi pulli parkovka uchastkalari auksionda sotildi
Auksionda 120 mlrd soʻm taklif bilan Balcomuz MChJ qoʻshma korxonasi gʻolib boʻlgan.

Toshkentda pulli parkovka uchastkalari 120 mlrd soʻmga sotildi.
E-auksion maʼlumotiga koʻra, Toshkent shahrida 86 ta pulli parkovka uchastkasini ijaraga berish boʻyicha auksion boʻlib oʻtgan.
Auksionda 120 mlrd soʻm taklif bilan Balcomuz MChJ qoʻshma korxonasi gʻolib boʻlgan. Boshlangʻich narxi 57 mlrd soʻm edi.
MChJning 60% ulushi Balcom Co.Ltd (Yaponiya) kompaniyasiga, 20%i Nuriddinov Avazbek Shokirjon oʻgʻliga, 10%i Akramov Bobur Axatovichga hamda qolgani (10%) Hoshimov Anvar Olim oʻgʻliga tegishli.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq pulli parkovkalar narxi tasdiqlangandi. Parking hududlari 5 ta tarif zonasiga boʻlinadi. 1-tarif zonasida bir soatlik toʻxtab turish 12 ming soʻmni tashkil qiladi. Bu miqdor 2-tarif zonasida 10 ming soʻm, 3-zonada 8 ming, 4-zonada 6 ming va 5-tarif zonasida 5 ming soʻmni tashkil qiladi.
Pulli avtoturargohlar boʻyicha 14 mingdan oshiq manzillar tasdiqlangan.