platina.uz
Siyosat

Oʻzbekistonni tahqirlagan xorijlikka ixtiyoriy 10 kun muhlat beriladi

Agar bu muddat ichida u mamlakatni tark etmasa, unga nisbatan majburiy choralar koʻriladi.

Oʻzbekistonni tahqirlagan xorijlikka ixtiyoriy 10 kun muhlat beriladi

Oʻzbekiston davlat suverenitetiga, hududiy yaxlitligiga va xavfsizligiga zid, shuningdek davlatlararo, ijtimoiy, milliy, irqiy hamda diniy adovatni keltirib chiqaruvchi, Oʻzbekiston xalqining shaʼnini, qadr-qimmatini. tarixini tahqirlovchi ommaviy chiqishlar yoki harakatlar sodir etgan chet ellik fuqarolarga Oʻzbekistondan ixtiyoriy chiqib ketishlari uchun 10 kun muhlat beriladi.

15 noyabr kuni "Oʻzbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning huquqiy holati toʻgʻrisida"gi qonunga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqidagi qonun imzolandi va kuchga kirdi.

Eslatib oʻtish kerak, Oʻzbekiston shaʼniga tahqirlovchi gaplar aytgan chet elliklar orasida rossiyalik amaldorlar ulushi kattadir. Oʻtgan yili rossiyalik Zaxar Prilepin, tarixchi Smolin kabilar Oʻzbekiston va oʻzbek xalqi haqida propagandistik bayonotlar bilan chiqqandi.

Yangi qonunga koʻra, Oʻzbekiston tashqi ishlar vazirligi chet el fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs roʻyxatga kiritilgani haqida bevosita yoki diplomatik kanallar orqali 3 ish kuni ichida xabardor qiladi.

Xabarnoma olgan kundan eʼtiboran 10 kun ichida fuqaro ixtiyoriy ravishda Oʻzbekistondan chiqib ketishi kerak. Agar koʻrsatilgan muddat ichida ixtiyoriy ravishda chiqib ketmasa, mazkur shaxs deportatsiya qilinadi.

Agar 18 yoshga toʻlmagan chet el fuqarosining yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsning ota-onasidan biri yoxud homiysi yoki vasiysi Oʻzbekiston hududida qonuniy asoslarda yashash huquqiga ega boʻlsa, ushbu shaxs deportatsiya qilinmaydi.

Agar Oʻzbekistonda vaktincha turgan yoki doimiy yashaydigan chet el fuqarosining yoki fukaroligi boʻlmagan shaxsning roʻyxatga kiritilishiga asos boʻlgan harakatlarida jinoyat yoxud maʼmuriy huquqbuzarlik alomatlari mavjud boʻlsa, u Oʻzbekiston hududida sodir etilgan jinoyati yoki maʼmuriy huquqbuzarligi uchun sud tomonidan tayinlangan jazoni ijro etib boʻlganidan yoki oʻtab boʻlganidan keyin yoxud qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda javobgarlikdan yoki jazodan ozod etilganidan keyin, Oʻzbekistondan tashqariga chiqarib yuboriladi.

Roʻyxatga kiritilgan, Oʻzbekistonda vaktincha turgan yoki doimiy yashaydigan chet el fuqarosini yoki Oʻzbekistonda vaqtincha turgan fuqaroligi boʻlmagan shaxsni deportatsiya qilish ichki ishlar organlari va boshqa vakolatli organlar tomonidan amalga oshiriladi.

Xizmat, shaxsiy, savdo yoki jamoat ishlari boʻyicha, oʻqish, malaka oshirish, ishlash uchun yoki turist sifatida kelgan, boshqa davlatlar hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolarini va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni deportatsiya qilish xarajatlari ularni taklif etgan hamda qabul qilgan jismoniy va yuridik shaxslarning zimmasida boʻladi. Boshka chet el fuqarolarini va fukaroligi boʻlmagan shaxslarni deportatsiya qilish xarajatlari ichki ishlar organlarining zimmasida boʻladi.

Boshqa davlatlar hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarosiga va fuqaroligi boʻlmagan shaxsga berilgan viza ular deportatsiya qilingan takdirda, bekor qilinadi.

Chet el fuqarosini yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsni roʻyxatga kiritish Oliy Majlis Qonunchilik palatasi kengashi, Senat kengashi, maxsus vakolatli davlat organlarining takdimiga asosan amalga oshiriladi. Roʻyxat Tashqi ishlar vazirligi tomonidan yuritiladi.

Roʻyxatga kiritilgan shaxsning Oʻzbekiston hududiga kirishiga yoʻl qoʻyilmaydi, shuningdek unga Oʻzbekistonda bank hisobvaraqlarini ochish, koʻchmas mulkni sotib olish, davlat mulkini xususiylashtirishda ishtirok etish, moliyaviy va shartnomaviy munosabatlarga kirishish taqiqlanadi, bundan unga mulk huquqi asosida tegishli mulkni begonalashtirish mustasno.

Shaxsning roʻyxatda boʻlish muddati 5 yilni tashkil etadi va uni roʻyxatga kiritishning tegishli asoslarini ushbu muddat ichida bartaraf etmagan takdirda, roʻyxatda boʻlish muddati 5 yilga uzaytiriladi. Ushbu shaxslarning roʻyxatga kiritilishi uchun asoslar bartaraf etilganidan keyin shaxs roʻyxatdan chiqarish toʻgʻrisidagi murojaatiga yoxud uni roʻyxatga kiritish haqida taqdimnoma bergan tegishli davlat organining iltimosnomasiga asosan muddatidan ilgari roʻyxatdan chiqarilishi mumkin.

Oʻzbekistonda vaktincha turgan yoki doimiy yashaydigan chet el fukarosining yoki Oʻzbekistonda vaqtincha turgan fuqaroligi boʻlmagan shaxsning roʻyxatga kiritilishi uning mamlakat hududida qonuniy asoslarda yashash va boʻlish huquqi bekor qilinishiga sabab boʻladi.

Bunday shaxslarni roʻyxatga kiritish hamda uni yuritish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid