platina.uz

Bajarilmagan vaʼdalar: Xalq demokratik partiyasi

Kommunistik partiyaga muqobil variant sifatida tashkil etilgan ushbu partiya 5 yil oldingi dasturidagi vazifalarni qay darajada uddaladi?

Saylov-2024
25-sentabr, 19:53
Bajarilmagan vaʼdalar: Xalq demokratik partiyasi
Fotokollaj: Platina.uz

Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi (XDP) oʻzining butun tarixi davomida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari manfaatlarini himoya qilishini taʼkidlab kelgan. 1991 yilda, sobiq Oʻzbekiston Kommunistik partiyasiga muqobil variant sifatida tashkil etilgan ushbu partiya oʻzini iqtisodiy va ijtimoiy muammolarni hal etish, pensionerlar, nogironlar va kam taʼminlangan fuqarolar huquqlarini himoya qilishga qodir siyosiy kuch sifatida taqdim etmoqda.

Eslatish joiz, Oʻzbekistonning birinchi prezidenti davrida (1991-2016) Oʻzbekiston partiya tizimi kuchli markazlashgan holda qoldi. Hamma tashabbus va ijro faqat Islom Karimovning kayfiyati va siyosiy irodasiga bogʻliq edi. Partiyalar koʻp boʻlsa-da, ular koʻppartiyaviy tizim imitatsiyasi uchun rol oʻynab bergan xolos, amalda deyarli siyosiy qudratga ega boʻlmagan.

2016 yilda hokimiyat tepasiga Shavkat Mirziyoyev kelgach, siyosiy liberallashuv va plyuralizm borasida sezilarli islohotlar amalga oshirildi. Bu imkoniyatlar siyosiy muxolifat hamda munozaralar uchun katta maydon ochgan boʻlsa-da, birorta partiya, shu jumladan, XDP ham haqiqatda mustaqil siyosiy kuch sifatida oʻzini koʻrsata olmadi.

Shuningdek, XDPning soʻnggi yillarda, ayniqsa, saylovga tayyorgarlik koʻrish davridagi faoliyati tanqidiy tahlil qilinganda, bir qancha muammolar, bajarilmagan vaʼdalar koʻzga tashlanadiki, bu uning istiqbolda ham oʻz oldiga qoʻygan maqsadlarida toʻliq erisha olishiga shubha uygʻotadi.

Ishonchsizlik tendensiyasi

Oxirgi yillarda iqtisodiy liberallashtirish va xorijiy investitsiyalar miqdorining oshgani inflyatsiya hamda narxlarning oʻsishi, pirovardida aholining xarid qobiliyati, demakki, turmush farovonligining ham pasayishiga bilvosita (!) sabab boʻldi. Bunday vaziyat XDPning anʼanaviy saylovchilarida partiyaga ishonch yoʻqolishiga olib kelishi tabiiy.

Aslida ishonchsizlik tendensiyasi 2019 yilgi saylovlarda boshlangan. Shu yili XDP parlament saylovlarida Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi 150 oʻrindan atigi 22 tasini egallab, bu borada oʻz tarixidagi eng yomon koʻrsatkichni namoyon qilgan edi.

Partiya prezident saylovlarini ham juda past koʻrsatkichlar bilan yakunlagan. 1991 yilni hisobga olmaganda (shu yili Islom Karimov kommunistik partiya muqobili sifatida XDPdan oʻz nomzodini qoʻyib 87,10 foiz ovoz olgan) qolgan saylovlarda partiya nomzodlari 3-6 foiz ovozga munosib koʻrilgan xolos.

Ichki partiyaviy muammolar va yorqin liderning yoʻqligi

Hamma soha va loyihada yetakchi muhim oʻrin tutadi. Saylovchilar yetakchining xarizmasi va ilhomlantiruvchi nutq hamda faoliyatidan ruhlanishadi. Biroq Oʻzbekistondagi boshqa partiyalarga xos muammo XDPda ham mavjud: partiya rahbarlari garchi “saylansa”-da, bu “saylov” partiya oddiy xodimlari va elektorat fikrini inobatga olmaydi. Yetakchilar esa tez-tez oʻzgarib turadi. Oʻtkazilgan soʻrovlarga ishonilsa, XDPning hozirgi rahbari kim va u qanday figura degan savolga koʻpchilik javob bera olmaydi.


Bajarilmay qolib ketgan vaʼdalar: O'zLiDeP


Dastur va saylovoldi vaʼdalar

2021 yildagi prezident saylovlari va 2019 yildagi parlament saylovlari oldidan XDP ijtimoiy taʼminotni yaxshilash, pensiya tizimini isloh qilish va aholining kam taʼminlangan qatlamlarini qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratishini bildirgan. Xususan, partiya dasturi quyidagi asosiy jihatlarni oʻz ichiga oladi:

1. Pensiyalar miqdorini oshirish: Partiya pensiyalarni munosib hayot uchun eng kam talablarga javob beradigan darajada oshirishga vaʼda berdi.

2. Aholining zaif qatlamlari uchun ijtimoiy nafaqalar: nogironlar, pensionerlar va koʻp bolali oilalar uchun qoʻshimcha imtiyozlarni kiritish rejalashtirildi.

3. Sogʻliqni saqlash tizimida islohot yasash: Kam taʼminlanganlar uchun tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash vaʼdasi berildi.

Afsuski, 2024 yil holatiga ushbu vaʼdalarning aksariyati faqat qogʻozda qolmoqda. Vaʼdalar va ijro koʻlamini tahlil etish buni isbotlashi mumkin

Pensiyalar darajasini oshirish

XDPning asosiy vaʼdalaridan biri – pensiyalar miqdorini sezilarli darajada oshirish (aniqrogʻi, pensiyalar oshirilishi uchun oʻz vakolatlari va imkoniyatlari doirasida hissa qoʻshish) edi. 2023 yilga oid rasmiy maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekistonda oʻrtacha pensiya miqdori qariyb 930 ming soʻmni (80 AQSh dollariga yaqin) tashkil etgan boʻlib, mavjud narxlar va inflyatsiya miqdori inobatga olinsa, bu mablagʻ hatto eng asosiy ehtiyojlarni ham qoplay olmaydi.

Boshqa hisob-kitoblarga koʻra, minimal pensiya miqdori – 648 ming soʻm, “deputatlik” pensiyasi 4 mln soʻm ekani inobatga olinsa, oʻrtacha pensiya miqdori 2 mln soʻmni tashkil etadiki, bu miqdor ham normal va erkin yashash uchun kifoya qilmaydi.

Xususan, oʻtgan yilda oziq-ovqat narxlari inflyatsiyasi 11,5% ga yetgan boʻlib, bu pensiyalar biroz oshganiga qaramay, pensionerlar turmush tarziga salbiy taʼsir koʻrsatdi. Taʼkidlash kerak, 2024 yil may holatiga Oʻzbekistondagi pensionerlar soni salkam 4 mln kishini tashkil etgan va tugʻilish darajasining nisbatan kamayishi hisobiga bu raqam tez oʻsmoqda.

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, pensiyalarning real oʻsishi narxlar oshishidan orqada qolmoqda. Hukumat deyarli har yili pensiyalarni 15 foizdan oshirib kelayotgan boʻlsa-da, yana oʻsha inflyatsiyaning oʻsishi hisobga olinsa, bu chora yetarli emas. Bir soʻz bilan aytganda, XDP samarali ijtimoiy himoya tizimini yaratish boʻyicha bergan vaʼdalarini bajara olmadi, mavjud qonunchilikni va tizimni oʻzgartirish, real oʻzgarishlarga tayyorlash borasida amaliy tashabbuslar bilan chiqmadi.

Ijtimoiy nafaqalar va kam taʼminlanganlarni qoʻllab-quvvatlash

XDP oʻz vaʼdalarida bir necha bor ijtimoiy koʻmakka muhtoj guruhlar uchun ijtimoiy imtiyozlarni kengaytirishini aytgan. Biroq, haqiqiy qoʻllab-quvvatlash choralari juda cheklangan holatda qolmoqda. Ayrim maʼlumotlarga koʻra, ijtimoiy yordamga muhtoj fuqarolarning atigi 25 foizi uni toʻliq oladi. Koʻp bolali oilalar va nogironlarni qoʻllab-quvvatlash dasturlari byurokratik toʻsiqlarga duch kelmoqda va koʻplab fuqarolar vaʼda qilingan imtiyozlarni ololmaydilar.

Prezident ham yigʻilishlardan birida XDPning bu boradagi faoliyatini tanqid ostiga olgan, bu partiya “oʻzini pensionerlar, kam taʼminlangan aholi qatlamlari manfaatlari himoyachisi sifatida namoyon etuvchi XDP ularning turmush darajasini oshirish, ijtimoiy faolligini kuchaytirish, davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishdagi ishtirokini qoʻllab-quvvatlash borasida koʻzga koʻrinarli tashabbuslar bilan chiqmayapti”, degan edi.


Partiyalar qanday moliyalashtiriladi?


Hozirgi paytda esa ijtimoiy koʻmakka muhtoj qishloq aholisini qoʻllab-quvvatlash masalasi hamon dolzarb boʻlib qolmoqda. Koʻpgina, ekspertlarning fikricha, XDP chekka hududlarning ehtiyojlarini eʼtiborsiz qoldirib, yirik shaharlarga eʼtibor qaratmoqda. Ijtimoiy yordam taqsimotidagi mintaqaviy nomutanosiblik partiya oʻz vaʼdalarini amalga oshira olmaganidan dalolat beradi. Toʻgʻri, bu borda boshqa davlat va nodavlat tuzilmalarining ham aybi bor, biroq tizimni va taqsimot mexanizmini isloh qilish borasida XDP tashabbuslari yetishmayapti.

Sogʻliqni saqlash tizimini isloh qilish

XDPning kambagʻallar uchun tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash haqidagi vaʼdalari ham amalga oshmadi. 2020-2021 yillarda, COVID -19 pandemiyasi davrida sogʻliqni saqlash tizimi, ayniqsa, shifokorlar va asbob-uskunalar taqchilligi oʻta ogʻir darajaga yetgan qishloq joylarida tanazzul arafasida edi. Saylovoldi vaʼdalar – infratuzilmani yaxshilash va tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini oshirish niyati toʻgʻrisidagi bayonotlarga qaramay, bu boradagi real qadamlar minimal boʻldi.

Ayni paytda Oʻzbekistonda 10 ming aholi jon boshiga shifokorlar soni bor-yoʻgʻi 2,8 nafarni tashkil etadi, bu mintaqaning boshqa mamlakatlariga nisbatan past koʻrsatkich. Masalan, Qozogʻistonda bu koʻrsatkich 40 atrofida.

Shuningdek, XDP sogʻliqni saqlashni moliyalashtirish miqdorini koʻpaytirishga vaʼda bergan edi, biroq bu borada samaradorlik koʻzga tashlanmayapti. Xususan, sogʻliqni saqlash uchun ajratilgan mablagʻ ulushi 2023 va 2024 yilgi davlat byudjetida 22 foizligicha qolgan.

Shu bilan birga, sogʻliqni saqlash sohasidagi islohotlarning aksariyati tizimli muammolarni hal qilmasdan, yuzaki amalga oshirilgani qayd etiladi. Masalan, mamlakat sogʻliqni saqlash tizimida tibbiy sugʻurta mexanizmini joriy etish masalasi koʻtarilganiga 2 yildan oshgan boʻlsa-da, hamon sezilarli amaliy qadamlar qoʻyilmadi.

Vaʼdalarni bajarmaslik sabablari

XDPning saylovoldi vaʼdalarini bajara olmasligining asosiy sababi – moliyaviy resurslar, siyosiy mustaqillik va irodaning yetishmasligidir. Pandemiya va global inqiroz tufayli yuzaga kelgan iqtisodiy muammolar vaziyatni yanada keskinlashtirdi, albatta. Biroq ekspertlar partiya ichki intizomi zaifligi va aniq strategiya yoʻqligiga ham oʻtkir muammo sifatida qarashadi. Alal-oqibat, XDP yangi iqtisodiy voqelikka moslasha olmadi va saylovchilar bilan aloqani yoʻqotdi. Vaʼdalar davlat tomonidan haqiqiy yordam boʻlmasa, shunchaki rasmiy bayonot holida qolmoqda.

Demak...

Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi uzoqroq tarixga egaligi, amalda SSSRdagi hukmron partiya – Kommunistik partiyaning (demakki, uning tarafdorlarining ham) merosxoʻri boʻlgani uchun keng aholi qatlamlarini oʻz tomoniga ogʻdirib olish imkoniyatiga ega edi. Zero, qolgan partiyalar keyin tuzilgan va maʼlum bir soha yoki qatlam manfatlariga urgʻu beradi, xolos. Biroq oʻtgan yillar mobaynida XDP xuddi muzlik davridan omon qolmagan dinozavr va mamontlar kabi oʻta past manyovr hamda oʻzgarishlarni namoyon qildi. Natijada mavjud elektoratini ham yoʻqotdi.

XDPning 2024 yilgi saylov poygasiga ham oʻz obroʻsiga putur yetkazuvchi bajarilmagan vaʼdalar yuki bilan kirib kelayotgani vaziyatni yanada ogʻirlashtiradi. Iqtisodiy qiyinchiliklar, ijtimoiy taʼminot va sogʻliqni saqlash sohasidagi inqiroz va zaif guruhlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha real qadamlarning yoʻqligi XDP ritorikasiga ishonchni kamaytirishi tabiiy. Boʻlajak saylov kampaniyasida partiya nafaqat muxolifat, balki oʻzi yordam bera olmagan, hafsalasi pir boʻlgan saylovchilarning tanqidiga ham duch kelishi tayin.

telegram
telegram

Telegramda kuzatib boring!

Platina
© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+