“Oʻzbekneftgaz” AYoQShlari oʻzbek oligarxiga yashirin sotilgani oshkor boʻldi
Doniyor Komilov bundan avval sobiq DXX binosini ham sotib olgan, uni buzib, muhtasham mehmonxona qurmoqda.
“Oʻzbekneftgaz”ga tegishli barcha AYoQShlar yangi oligarx Doniyor Komilovga yashirincha sotib yuborilgani oshkor boʻlib qoldi.
U sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning oʻgʻli hisoblanadi. “Zapravka”lar Doniyor Komilovga 2023 yil dekabr oyida oʻtib ketgan. Hozirgacha Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bu haqda birorta maʼlumot bermagan.
UNG Petro “zapravka”larining 100 foiz ulushi Petroleum Technology Group MChJga tegishli. Ushbu korxona 2023 yil 4 oktabr kuni davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan. 99 foiz ulushiga Doniyor Komilov, qolgan 1 foiz ulushiga esa Komilovning Delta Global Dynamiss MChJ korxonasi egalik qiladi.
Doniyor Komilov bungacha sobiq DXX binosini sotib olgandi. Ayni paytda bu bino buzilib, oʻrnida yangi mehmonxona qurilishi aytilgan.
Davaktiv agentligi bunday savdolarni birinchi marta yashirayotgani yoʻq. Masalan, xalq mulki boʻlgan Botanika bogʻini sotish jarayoni katta eʼtirozlar bilan toʻxtatib qolingandi.
Avvalroq, Davaktiv tomonidan OʻzA va "Sharq" binolari auksionga qoʻyilishi maʼlum boʻlgandi. Madaniy meros agentligi mazkur qarorga keskin eʼtiroz bildirib, ushbu binolar maday meros sifatida sotilmasligini bildirgandi.