Rus tarixchisi oʻzbek va qozoqlarga "tosh otdi"
Tarixchi Mixail Smolin televideniye orqali chiqishida Markaziy Osiyo xalqlari haqida keskin gapirdi.

Rossiyalik tarixchi Mixail Smolin davlat televideniyesi orqali chiqishida qozoq va oʻzbek xalqi 1917 yilgacha mavjud boʻlmagani haqida fikr bildirdi.
NTV telekanali orqali gapirgan Smolin jumladan shunday dedi: "Qozoqlarning kelib chiqishiga qarang, dastlab hech qanaqa Qozogʻiston boʻlmagan. Ular RSFSR tarkibida boʻlgan. Masalan, inqilobgacha oʻzbeklar ham boʻlmagan. Oʻrta Osiyodagi bir nechta xalqlarni birlashtirib oʻzbeklarni hosil qilishgan", deydi u.
Sobiq deputat Rasul Kusherbayevga koʻra, bunga oʻxshash maʼlumot tarqatayotgan kanallarni cheklash kerak.
"Bunday harakatlar fonida biz hech boʻlmasa birinchi galda oʻz jamiyatimizni hurujlardan saqlash uchun rus propagandasi bilan shugʻullanayotgan barcha kanallarni cheklash haqida toʻxtamga kelishimiz kerak. Bunisi endi oshib tushdi" deya yozadi u.
Eslatib oʻtamiz, dekabr oyida rossiyalik yozuvchi Zaxar Prilepin Rossiya Oʻzbekistonni qoʻshib olishi haqida gapirgandi. Uning bayonotidan soʻng Rossiya elchisi Oleg Malginov Oʻzbekiston TIVga chaqirilgan.