Bolalarni zaharlagan dorini ishlab chiqargan korxona rahbari qidirilmoqda
U AQSh bojxona va immigratsiya nazorati xizmati tomonidan qidiruvga berilgan, odam savdosi va firibgarlikda ayblangani haqida xabarlar tarqalgandi.

“Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasining Farmatsevtika faoliyatini litsenzsiyalash boshqarmasi “Antistrumin” dorisini ishlab chiqargan “SAMO” MChJ korxonasida farmatsevtik faoliyat boʻyicha tekshiruv boshlagan.
Sal avval ushbu MChJ rahbari Nodir Yunusov AQSh bojxona va immigratsiya nazorati xizmati tomonidan qidiruvga berilgan, ular odam savdosi va firibgarlikda ayblangani haqida xabarlar tarqalgandi.
Tekshiruv davomida dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga, jumladan:
- zarur ishlab chiqarish amaliyoti;
- zarur distribyutorlik amaliyoti;
- zarur saqlash amaliyoti davlat standartlariga, dori vositalarini ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash va ulgurji realizatsiya qilish doirasida texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi hujjatlar talablariga muvofiq boʻlish;
- korxona tomonidan majburiy rioya qilish shart boʻlgan litsenziya talab va shartlari boʻyicha holatlar oʻrganilmoqda.
Shuningdek, “Antistrumin” dori vositasining xavfsizlik koʻrsatgichlari boʻyicha oʻrnatilgan tartibda tahlil jarayonlari ketmoqda.
Eslatib oʻtamiz, Chust tumanida ommaviy zaharlanish kuzatilgan, keyinroq bu holat Andijonda ham sodir boʻlgan. Vaziyat esa prezident tomonidan nazoratga olingan. Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari esa bolalar ovqat yo doridan zaharlanmaganini aytgandi.