IIV va Bermud uchburchagi: Miranda qoidasi qachon haqiqatga aylanadi?

Shuncha noroziliklarga va dod-voylarga qaramasdan, biror islohot oʻtkazishga yaramayotgan, davlat rahbari taʼbiri bilan aytganda, “istasa stolbani ham qamab qoʻyaveradigan” sharoitga yoʻl qoʻyib berayotgan masʼullar yana qancha vaqt oʻlimlarga sabab boʻladi?

Maqola
7-iyun 2023 yil
IIV va Bermud uchburchagi: Miranda qoidasi qachon haqiqatga aylanadi?

Hollivudning detektiv yoki jangari filmlarini koʻrgan odam qulogʻiga bir jumla tez-tez chalinib turadi: “Siz sukut saqlash huquqiga egasiz. Aytganlaringiz sudda oʻzingizga qarshi foydalanilishi mumkin”. Hatto aniq jinoyat ustida qoʻlga tushgan gumonlanuvchiga ham shu soʻzlar aniq va eshittirib aytiladi va bu majburiyat. Bu “Miranda qoidasi” deb ataladi.

Maʼlumot uchun: “Miranda qoidasi” – bu mashhur ibora bir necha marta jinoiy javobgarlikka tortilgan Ernesto Arturo Miranda ismli AQSh fuqarosining nomi bilan bogʻliq.

AQSh adliya tizimini oʻzgartirgan qoida

1966 yilda bir necha jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinib, hibsga olingan Ernest Mirandaga soʻroq qilinishdan oldin uning gumondor sifatidagi huquqlari oʻqib eshittirilmagan. Miranda oʻz huquqlarini bilmagani bois, aybiga iqror boʻlib, koʻrsatma bergan. Bu koʻrsatmalardan uning aybiga iqror ekanini isbotlash uchun foydalanilgan. Biroq keyinchalik Ernest Arturo Mirandaning 73 yoshli advokati Elvin Mur AQSh Oliy sudiga shikoyatnoma kiritgan. Ushbu shikoyatnoma asosida hibsga olish va tergov paytida Miranda oʻz huquqlaridan xabardor qilinmagani bois, unga nisbatan Arizona sudi chiqargan hukm AQSh Oliy sudi tomonidan bekor qilinishiga erishgan.

Buning ortidan AQSh Oliy sudi qarori bilan oʻziga qarshi guvohlik bermaslik qoidasini (lat. nemo tenetur se ipsum accusare) taʼminlash maqsadida bu yuridik talab rasman qonunchilikka kiritildi. Shu tariqa amerikalik retsidivist jinoyatchi butun AQSh adliya tizimiga oʻzgartirish kiritilishiga sababchi boʻlgan.

Chunki AQSh Konstitutsiyasiga kiritilgan 5 va 6-qoʻshimchalarda hech kim jinoiy ishlarda oʻziga oʻzi qarshi guvohlik berishga majbur qilinishi; hech bir shaxs qonuniy sudda koʻrilmay hayoti, erkinligi yoki mulkidan mahrum etilishi mumkin emasligi, shuningdek, ayblanuvchi ayblovning mohiyati va asoslaridan xabardor boʻlish huquqiga ega ekani, u oʻziga qarshi koʻrsatma berayotgan guvohlar bilan yuzma-yuz uchrashishi, oʻzi tomonidan guvohlarni majburan keltirish yoki oʻz himoyasi uchun advokat xizmatidan foydalanish huquqiga ega ekanligi belgilab qoʻyilgan.

1966 yilda yuz bergan ushbu nizoli holatdan keyin “Miranda qoidasi” dastlab soʻroq qilish oldidan yoki ushlab turish vaqtida gumonlanuvchi va ayblanuvchiga albatta aytib oʻtiladi:

“Sukut saqlash huquqiga egasiz. Siz aytganlarning hammasi sudda oʻzingizga qarshi foydalanilishi mumkin. Soʻroq jarayonida advokatingiz qatnashishi mumkin. Agar advokat xizmatidan foydalanish imkoniyatiga ega boʻlmasangiz, davlat tomonidan bepul advokat bilan taʼminlanasiz. Huquqlaringizni tushundingizmi?”

Agar AQSh fuqarosi boʻlmasa...

Albatta, bu iboralar turli shtatlarda biroz farqlanib turadi. Meksika bilan chegaradosh shtatlarda (Texas, Nyu-Meksiko, Arizona, Kaliforniya) AQSh fuqarosi boʻlmagan shaxslarga oʻz mamlakati konsuli bilan bogʻlanishi mumkinligi qoʻshimcha qilinadi:

“Agar siz AQSh fuqarosi boʻlmasangiz, barcha savollarga javob berishdan avval oʻz mamlakatingiz konsuli bilan gaplashib olish huquqiga egasiz”.

Istalgan paytda javob berishdan bosh tortish ham mumkin

Ayrim shtatlarda, masalan, AQShning Virjiniya shtatida standart matnga quyidagi jumla ham qoʻshiladi: “Siz istalgan paytda savollarga javob berishdan bosh tortishingiz mumkin”. Shu tariqa soʻroq qilinayotgan shaxsga AQSh Konstitutsiyasidagi 5-qoʻshimchaga muvofiq, savollarga javob berishga rozi boʻlish berilgan huquqlardan voz kechish kerakligini anglatmasligi eslatib qoʻyiladi.

Amerikadan tashqaridagi “Miranda qoidasi

“Miranda qoidasi”ga oʻxshash yuridik talab AQShdan boshqa davlatlarning ham qonunlarida oʻz aksini topgan. Masalan, Avstraliyada bu qoida umumiy huquq meʼyorlariga asoslanadi:

“Agar siz biror narsa qilish yoki aytishni istamasangiz, bunga majbur emassiz. Har qanday harakatingiz yoki gapingiz dalil sifatida foydalanilishi mumkin. Hammasini tushundingizmi?”

Buyuk Britaniyada esa 1984 yilda qabul qilingan “Politsiya va jinoyat ishlarida dalillar haqida”gi qonunning 28-moddasiga muvofiq, politsiya xodimi hibsga olingan shaxsni oʻsha zahoti nega hisbga olinganini tushuntirishi lozim. Ogohlantirish matni esa doim bir xil va politsiya xodimi hibsga olingan shaxs bilan har bir (!) muloqot oldidan takroran oʻqib eshittiriladi:

“Siz hech narsa aytishga majbur emassiz. Biroq sudda aytmoqchi boʻlgan gapingizni tergov paytida aytmasangiz, himoyalanish jarayoningizga zarar qilishi mumkin. Barcha aytgan gaplaringiz dalil sifatida foydalanilishi mumkin”.

Mazkur talab qator davlatlar konstitutsiyalarida (Niderlandiya, Ispaniya, Gretsiya, Xorvatiya, Sloveniya, Rossiya, Gruziya, Ukraina, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Moldova va boshqalar) mustahkamlangan.

Oʻzbekistonda-chi?

Taʼkidlash kerak, “Miranda qoidasi” Oʻzbekistonning Jinoyat-protsessual kodeksining bir necha, xususan, 23-, 46-, 48-, 50-moddalarida ifodasini topgan. Ammo unga rioya etish qoniqarli boʻlmagan. Bu qoidani qoʻllash mexanizmlari mukammal boʻlmagani bois, ayrim hollarda bu talablarga eʼtibor berilmas edi. Prezident taklifi bilan bu qoida Konstitutsiyaga kiritilgani endi yuridik talabga eʼtiborni oshiradi.

Tahlillar huquq-tartibot organlari tomonidan shaxs qoʻlga olinganda, u nima uchun ushlangani va qanday huquqlarga ega ekani tushuntirilmayotganini koʻrsatmoqda.

Natijada, gumon qilinuvchining huquqlari ushlangan dastlabki vaqtdayoq xavf ostida qoladi.

Bunday holatlarning oldini olish maqsadida koʻplab davlatlarning Konstitutsiya va qonunlarida hamda inson huquqlariga oid xalqaro hujjatlarda aks etgan “Miranda qoidasi”ni qoʻllash lozim. Yaʼni, shaxsni ushlash chogʻida uning huquqlari va nima sababdan ushlangani sodda tilda tushuntirilishi shart. Ana shu qoidani Konstitutsiyamizda muhrlab qoʻyishning vaqt-soati keldi, deb oʻylayman”, degan edi davlat rahbari.

Shu asoslarga koʻra mazkur qoida yangi konstitutsiyamizdan ham joy oldi (27-modda). Konstitutsiyaga befarq boʻlish esa yaxshilikka olib kelmaydi.

Xavotir uygʻotayotgan aniq holatlar

Ammo shunga qaramay, soʻnggi paytlarda tergov vaqtida gumonlanuvchilarning vafot etayotgani jamoatchilikda asosli xavotir uygʻotmoqda.

Masalan, 2022 yilda Jazoni ijro etish departamentiga qarashli 3-sonli izolyatorda Sanjarbek Mamajonov qiynab oʻldirilgan. Bu ish boʻyicha Andijon viloyati huquqni muhofaza qilish organlarining 12 nafar xodimi jazosini olgan.

Shu kecha kunduzda barchaning eʼtiborini tortgan yana bir holat – Toshkent viloyati Boʻka tumanida JKning 169-moddasi 3-qismi bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi doirasida 3 iyun kuni tergovga jalb etilgan Yuqorichirchiq tumanida yashovchi 1987 yilda tugʻilgan U.S. qiynab oʻldirildi.

Aybdorlar koʻpincha “suvdan quruq chiqishadi”. Avvaliga IIV marhumning oʻzini aybdor qilgan boʻlsa-da, Prokuratura aralashganidan keyin aybini tan oldi. Toshkent viloyati Boʻka tumanida tergovga jalb qilingan shaxs qiynoqqa solingani rasman tasdiqlandi.

Voqeaga aloqador boʻlgan 2 nafar tezkor xodim hibsga olindi. Tergov harakatlari davom etmoqda.

Ombudsman ham “davlat siyosatiga qarshi turib, oʻz xizmat faoliyatida ruhiy va jismoniy qiynoqqa yoʻl qoʻyayotgan “xodimlar” bor ekan, fuqarolarda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga nisbatan ishonchsizlik yuzaga kelishini” bildirdi.

Ichki ishlar “Bermud uchburchagi”ga aylandimi?

Xorijda politsiya – xalq xizmatkori, xalq bergan pul evaziga uni himoya qiladi. Rivojlangan davlatlarda boshga ish tushgan yoki adashgan odam formali va shapkalilarni koʻrib qolsa, quvonib ketadi, yugurib borib yordam soʻraydi, ularni yaxshi koʻradi. Oʻzbekistonda esa aholi formalilarni hurmat qilish uyoqda tursin, ulardan vabodan yo moxovdan qoʻrqqandek qochadi. Oʻzbekistonda ayrim formalilar xalq bergan pul evaziga xalq vakillarini qiynab oʻldirishdan boshqasiga yaramayapti negadir.

Hibsga olingan shaxslarning qiynoqqa solinib, urib oʻldirish holatlari koʻpaygani bois ijtimoiy tarmoqlarda ichki ishlar idoralariga “Bermud uchburchagi” deb nom berishdi. Yaʼniki, kirgan odam yo oʻladi, yo izsiz yoʻqolib qoladi.

Ehtimol fuqarolarni qiynab, urib oʻldirayotgan vahshiy hayvonlarga “Miranda qoidasi” nafaqat qonunlarimizda, balki yangi Konstitutsiyada ham mavjudligini eslatib qoʻyish kerakdir?

“Istasa stolbani ham qamab qoʻyaveradigan” tizim islohga muhtoj

Yagona yoʻl — tizimni tubdan yangilash. Shuncha noroziliklarga va dod-voylarga qaramasdan, biror islohot oʻtkazishga yaramayotgan, davlat rahbari taʼbiri bilan aytganda, “istasa stolbani ham qamab qoʻyaveradigan” sharoitga yoʻl qoʻyib berayotgan masʼullar yana qancha vaqt oʻlimlarga sabab boʻladi?

Qolaversa, “Miranda qoidasi”ni har bir uy peshtoqiga yoki hamma kitob-daftarlarning muqovasiga yozib qoʻygan bilan hech narsa oʻzgarmaydi. Qonun ustuvorligi taʼminlanmas ekan, qandaydir balandparoz shiorlar va turfa qonun-qoidalar chiqarishdan foyda yoʻq. Bu xuddi qorni och odamning oldiga ovqat qoʻyib, ogʻzini yelimlab, qoʻlini kishanlab qoʻyishdek gap.

Abulfayz Sayidasqarov

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+