Jinoyat olamidagi tabaqalar. 2-maqola

Mahbuslarni tabaqalashda “qonundagi oʻgʻri”, blatnoy (brodyaga – daydi, shpana – oʻgʻri) mujik, (“rabotyaga” – mehnatkash), frayer, “qizil” va “petux”, “obijenniy”, “opushenniy” kabi atamalarni qoʻllashadi.

Ularning har biriga alohida toʻxtalib oʻtamiz.

Tahlil
23-dekabr 2023 yil
Jinoyat olamidagi tabaqalar. 2-maqola

2023 yil dekabr oyida Oʻzbekistonda uyushgan jinoyatchilik vakillari, zoʻravonlarga qarshi huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan “Dolzarb 40 kunlik” tadbirlari oʻtkazilgani bois xalqda jinoyatchilik olami va ularning vakillariga nisbatan qiziqish uygʻotdi. Shu maqsadda “Nur borki, soya bor” rukni ostida turkum maqolalar berib boryapmiz.


Jinoyat olamida ham tizim va iyerarxiya mavjud. Bu asosan mahbuslar orasida, jazoni ijro etish muassasalarida – zonalarda kuzatiladi.

Umuman olganda, qamoqxonadagi hayot ham jamiyatning bir qismi, faqat uning oʻz tartib-qoidalari bor. Ozodlikdagi hayotda odamlar mol-davlati yoki amali, jamiyatdagi hurmat-mavqesi boʻyicha darajalarga ajratilsa, qamoqda esa ozodlikdan mahrum etilish sababi, oʻzini tutishi, qamoqdagi tartibga qanchalik koʻnikishiga qarab oʻz joyini egallaydi.

Ozodlikda mashhur boʻlgan, qaddi-qomati kelishgan, chiroyli qoʻshiqchi qamoqda eng past tabaqaga tushib qolishi mumkin. Hayotda tanish-bilish va qarindoshlari obroʻsining soyasida yurgan odam qamoqda hurmat qozona olmasligi mumkin. Toʻgʻri, bu oʻrinda istisnolar ham uchrab turadi.

Albatta, bu maqolada tavsiflanadigan tizim iyerarxiyasi asosan Rossiyadagi yoki postsovet respublikalaridagi, “oʻgʻri” tushunchalari va qonunlari saqlanib qolgan “qora zona”larga oid. Bu iyerarxiya zonadan zonaga biroz oʻzgarishi, nomlari va miqdori boshqacha boʻlishi mumkin.


Mavzuga doir: Qizil, qora va yashil “zona”lar. 1-maqola


Turli mish-mishlarga koʻra, hukmi oʻqilib, qamoqqa joʻnatilgan mahbuslarning qaysi modda bilan qamalgani ular kelishidan avval maʼlum boʻlar emish. “Oʻgʻri”lar yaratgan “qamoq pochtasi” tizimi orqali joʻnatiladigan xat – “malyava” yoki shu tizim orqali “vor v zakone”lar barcha mahbuslarga joʻnatadigan xat – “progon” orqali yangi mahbusning kimligi va qaysi modda bilan qamalgani oshkor etilar ekan. (“Qamoqxona pochtasi” haqida shu turkumdagi keyingi maqolalarda oʻqishingiz mumkin – tahr.)

Ammo hamma zona va hamma davlatlarda ham bunday boʻladi, deyish notoʻgʻri. Lekin jinsiy zoʻrlash, ayniqsa, voyaga yetmaganlarni zoʻrlash bilan qamalgan mahbuslar har qancha yashirmasin, uning kimligi oldindan maʼlum boʻlishi bor gap. (Bunday mahbusni nima qilishlari haqida quyiroqda hikoya qilinadi.)

“Qonundagi oʻgʻri”ning barcha mahbuslarga yoʻllagan murojaati bitilgan “progon”lardan biri.

Umuman olganda, “oʻgʻri”lar dunyosining tushunchalariga koʻra, insonlar asosan 3 turga: “toʻgʻri”, “batartib” odamlarga – yaʼni “blatnoy”larga, “musor”larga (sobiq militsiya xodimlari) va qolgan odamlarga boʻlinadi. Oʻgʻrilar qolganlarning (yaʼni jinoyatchi boʻlmaganlarning) mulki va joniga daxl qilishsa ham, oʻzlarini “odam”va “toʻgʻri” deb atashadi.

Mahbuslarni “mast”(tabaqa, daraja)siga koʻra tabaqalashda esa “qonundagi oʻgʻri”, blatnoy (brodyaga – daydi, shpana – oʻgʻri) mujik, (“rabotyaga” – mehnatkash), frayer, “qizil” va “petux”, “obijenniy”, “opushenniy” kabi atamalarni qoʻllashadi.

Yuqoridan pastga qarab tushgan holda quyidagicha nomdagi iyerarxik nomlash ham qoʻllaniladi: “vor v zakone”, “svoyak” (qaynogʻa, oʻzimizniki), avtoritetli “blatnoy”, “patsan” (yigit), “priblatnenniy” (“blatnoy”ga yaqinlar), jangchilar. Ayrim hududlarda “priblatnenniy”larni frayer, oddiy “blatnoy”larni – kuzir frayer, deb atashadi.

Baʼzi mintaqalarda esa frayer deb jinoyatchilik olamiga aloqasi boʻlmagan ozodlikdagi odam tushuniladi. “Oʻgʻri qonun”lariga koʻra frayerni talash va tunash mumkin. Jinoyatchilar “frayer – lox, laqma va ochkoʻz boʻladi. Bir-ikki marta narsalari va pulini oʻgʻirlab olsak, unga taʼlim beramiz, keyingi safar hushyorroq boʻladi” deya oʻz jinoyatlarini oqlashadi.

Albatta, bu atamalar va ular kimga nisbatan ishlatishi hududi, joyi va davriga qarab farqlanib turadi. Oraliq “mastlar” ham boʻlishi mumkin. Masalan, voyaga yetmaganlar jazoni oʻtaydigan bolalar manzil koloniyalarida 25 dan ziyod “mast” boʻladi. Hali aqli batamom toʻlishmagan, biroq turli tasodif yoki deviant xulqi bois qonun yoʻlidan toygan bolakaylar shafqatsiz boʻlish bilan birga, qamoq romantikasi va xayolparastlikka moyildirlar.

Zonadagi mahbuslarni baʼzan “zek” deb atashadi. Bu z/k abbreviaturasidan olingan boʻlib, 1920-1950 yillardagi rasmiy hujjatlarda uchraydi. U rus tilida «zaklyuchyonnыy kanaloarmeyes» deb atalgan. Ilk marta Belomor-Baltika kanalini qazish uchun ishlatilgan mahbuslarga nisbatan qoʻllanilgan.

“Qonundagi oʻgʻri”lar

“Vor v zakone” – “qonundagi oʻgʻri”lar jinoyat olamidagi eng yuqori “mast” hisoblanadi. Ularga avval maqolalardan birida toʻxtalingan boʻlsa-da, bu oʻrinda qoʻshimcha maʼlumot berish foydadan xoli emas.

“Qonundagi oʻgʻri” Besik Kvinixidze — Beso Rustavskiy.

“Vor v zakone” – jinoyatchilik olamidagi iyerarxiyaning choʻqqisida turadi. Bu olamning elita qatlamiga oid shaxs hisoblanadi. Jinoyatchilar jargonida uni “zakonnik” – “qonunchi” deb ham atashadi va qattiq hurmat qilib, unga boʻysunishadi. Bunday tabaqa vakili ruhan metin va sobit, aksariyati esa teran aql va keng bilim egasi boʻladi odatda. Har holda odamlar ruhiyatini boshqalardan yaxshiroq biladi. Shuning uchun shafqatsiz hayot va muammolarini yengib, berahm raqobatchilardan ustun chiqqan holda shu darajaga erisha olgan.U jinoyatchilar olamini boshqaradi, ular oʻrtasidagi muammolarni yozilmagan “oʻgʻri qonunlari”ga koʻra hal qiladi. Bu “qonunlar”ning ijrosini hamda davom etishini, jinoyatchilar olamiga yangi aʼzolarni jalb etishni taʼminlaydi. Yangi “qonun” oʻgʻrilariga “toj kiydirish”da ishtirok etadi.

“Qonundagi oʻgʻri”lar “volya”da – ozodlikda ham, shuningdek, qamoqda ham boʻlishi mumkin. Ammo “lavozim”ga haqiqiy kirishuvi qamoqda yuz beradi. Ozodlikdagi “qonundagi oʻgʻri” qamoqdan tashqaridagi jinoyatchilik olami vakillari bilan birga “ishlaydi”. Shuningdek, “qamoqda”gi jamiyat bilan aloqalarni taʼminlaydi. Ular bilan maʼlumot almashib turadi. Jinoyatchilar jamgʻarmasi – “obshak”ni “grit” qilish uchun “griv” (ulush puli) yigʻishga rahbarlik qiladi.

“Qonundagi oʻgʻri” elita mahbuslari – “blatnoy” oʻgʻrilar orasidan tanlanadi va turli tavsiya va ruxsatlardan oʻtgan nomzodga “koronatsiya” marosimi orqali “toj kiydiriladi”. Asosiysi, bunday nomzod eng hurmatli, oʻgʻri qonunlariga amal qiladigan blatnoylar orasidan tanlanadi. Shu bilan birga, nomzod davlat tashkilotlarida va armiyada xizmat qilmagan boʻlishi lozim. Avvallari ayollarga ham toj kiydirilganiga qaramay, 1956 yildan keyin ayollarning “qonundagi oʻgʻri”ga aylanishi taqiqlandi.

Biroz oldinga ketib aytish mumkinki, armiyada xizmat qilgan va umuman harbiylarga jinoyatchilik olamida begona koʻz bilan qarashadi. Ularni jargonda “avtomatchik” yoki “askar” deb atashadi. Bundan siyosiy maqsadlarda ham foydalanishadi baʼzan. Masalan, 2022 yilda Rossiya Ukrainaga bostirib kirganida, “kimlarningdir” topshirigʻi bilan ayrim “qonundagi oʻgʻri”lar Ukrainadagi jinoyatchilik jamiyati vakillari va mahbuslarga “qoʻlga qurol olmaslik va oʻgʻrilik kodeksiga xiyonat qilib past ketmaslik” zarurligi haqida “progon” joʻnatgan edi. Albatta, bunday tadbir orqali ukrainalik mahbuslar va jinoyatchilarning urushga kirishlarining oldini olib, “neytrallashtirish” maqsad qilingan.

“Qonundagi oʻgʻri”larning “qoʻlga qurol olmaslik va urushga aralashmaslik” haqida ukrainlarga yuborgan “progoni”.

Qizigʻi shundaki, ukrainalik mahbuslarni neytrallashtirib, bu urushni “oʻgʻri qonun”lariga zid deya baholagan kuchlar, Rossiyadagi mahbuslarni ommaviy va oshkora urushga (aldov va majburlov vositasida) urushga yollashganida bunday qonunlarga koʻz yumishdi negadir. Ayrim maʼlumotlarga koʻra, rossiyalik harbiy elita, xususan, marhum Yevgeniy Prigojin va uning “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi mahbuslarning urushga borishlariga toʻsqinlik qilmasliklari, ertaga ularni xoin va “qizil” deb pastga urmasliklari uchun rus “qonundagi oʻgʻri”larining ruxsatini va kafolatini olishgan.

Prigojin, shuningdek, oʻz intervyularidan birida “Opushenniy” va “petux” “mast”idagi mahbuslarni urushga olmasligini aytgan. Chunki ular bilan birga jang qilish boshqa mahbuslar uchun “zapadlo”. Ulardan alohida rotalar ham tuzib boʻlmaydi.

“Qonundagi oʻgʻri” “taxti”ga nomzodlar, shuningdek, albatta kamida ikki muddat uchun sudlangan va “zonada” “oʻtirib” chiqqan boʻlishi lozim. Bunda Jinoyat kodeksining hamma moddalari ham “oʻtmaydi”. Nomzod JKning jinoyatchilik olamida “obroʻ”li boʻlgan moddalari – oʻgʻrilik, talon-toroj, bosqinchilik, qotillik va boshqa moddalari boʻyicha jazoga tortilgan boʻlishi kerak.

Nomzod oila va imkon qadar qarindoshlarga ham ega boʻlmasligi kerak. Qarindoshlari boʻlsa-da, ular bilan aloqani, bordi-keldini uzishi lozim. Chunki dushmanlar qarindoshlar orqali yoki ularni garovga olib, “vor v zakone”ga bosim koʻrsatishi mumkin.

Nomzod hech qanday ijtimoiy foydali mehnat qilmasligi, biznes va boshqa qonuniy daromad olish manbalariga ega boʻlmasligi lozim. Hatto toj kiydirish marosimida qasamyod qabul qilganida, boʻlajak “qonundagi oʻgʻri” “men oʻldim, endi oilam va qarindoshlarim men uchun yoʻq” degan jumlalarni ham aytadi. Biroq oilasizlik talabi hozirda bekor qilingan. Yaʼni hozirgi “qonundagi oʻgʻri”larning nafaqat oʻz biznesi, balki oila va qarindoshlari ham bor.

“Qonundagi oʻgʻri” maqomi uchun toj kiydirish marosimi taxminan shunday boʻladi.

Va albatta, nomzod puli koʻp, oʻziga toʻq odam boʻlishi kerak. Bu, avvalo, nomzodning rostan ham hurmatli va qoʻli uzun, uddaburon odam ekanidan darak beradi. Qolaversa, uning asosiy vazifalaridan biri – “obshak”ni toʻldirib turish hisoblanadi.

Tanlangan nomzod uchun kamida bir, aksar hollarda ikki nafar amaldagi “qonun oʻgʻrisi”ning kafolati va ijobiy tavsiyasi kerak. Qolaversa, uning shu paytgacha oʻzini tutishi va boshqalar bilan munosabati ham oʻrganiladi.

Bu talablarning barchasiga javob bergan nomzodga toj kiydirish marosimining vaqti va joyi belgilanadi. “Koronatsiya” marosimi faqat tor doiradagi hurmatli oʻgʻrilar ishtirokida xufyona tarzda oʻtkaziladi. Shu boisdan bu marosim haqida aniq maʼlumotlar kam. Biroq ayrim koʻrsatmalarga qaraganda, marosim paytida nomzod beligacha yalangʻoch boʻlib yechinadi. Toj kiydiruvchilar uning badanidagi tatuirovka suratlarini diqqat bilan koʻzdan kechirishadi. Chunki aksariyat blatnoylarda butun jinoyatchilik “faoliyati” mana shu suratlarda aks etgan boʻladiki, bu kriminalistlar uchun juda qulaylik tugʻdiradi.

Qolaversa, past tabaqaga tushirilgan odamlarning badaniga blatnoylar majburiy ravishda turli suratlar chizishadi. Agar shunday suratlar va belgilar boʻlmasa, toj kiydirish marosimi boshlanadi. Marosimda nomzod oʻgʻrilar olamiga sodiqligi va xiyonat qilmasligi haqida maxsus qasamyod qabul qiladi. Shundan soʻng uning ikki yelkasi yoki koʻkragiga faqat “qonun oʻgʻrilar”iga xos boʻlgan 8 qirrali yulduz chiziladi. Yangi “qonundagi oʻgʻri”ga toj kiydirilgani haqida barcha qamoqxona va manzil koloniyalaridagi mahbuslar, shuningdek, ozodlikda yurgan jinoyatchilik olami vakillariga “malyava” joʻnatilib, xabardor qilinadi.

“Qonundagi oʻgʻri” maqomi abadiy emas. Oʻgʻrilar qonunlarini jiddiy buzgan bunday shaxslardan “toj olib qoʻyiladi”, maqomi tushiriladi, uning barcha imtiyoz va huquqlari bekor qilinadi.

“Blatnoy”lar

«Blatnoy»lar (“qoralar”, brodyaga – “polojenets”lar, avtoritetlar) – jinoyatchilik iyerarxiyasidagi eng yuqori kasta. Ular professional jinoyatchilar boʻlishadi. Koʻpincha “blatnoy” soʻzi qamoqxona yoki zonada hokimiyat va obroʻga ega shaxsni anglatadi.

“Blatnoy” soʻzining kelib chiqishi haqida talqinlar koʻp. Ulardan biriga koʻra, Rossiya imperiyasi qirolichasi Yekaterina Ikkinchi (1762-1796) Rossiyaga hunarmand va ilmli nemislarni koʻchirib kelgan. Ularga maxsus imtiyozli hujjat – Blatt (nemischa – varaq, qogʻoz) berilgan. Bunday hujjat sohiblariga yer berilgan. Ular jismoniy jazo, surgun va armiyadagi xizmatdan ozod qilingan. Ularni xalq tilida “blatnoylar”, yaʼni “blat” imtiyoz egalari deb atashgan. Nemis tili va yahudiylarning idish tili yaqin boʻlgani uchun bu jinoyatchilarning jargoniga ham koʻchgan. (Jinoyatchi va firibgar yahudiylar va ularning uyushgan jinoyatchilik “madaniyati” va jagonlarini yaratishdagi roli haqida navbatdagi maqolalarda hikoya qilinadi – tahr.)

Yana bir talqinga koʻra, nemis tilida Platt – ishonchli, doʻstona, degan maʼnolarni bildiradi. Yana bir nemischa soʻz – Blut esa “qon” degani. Ammo “blatnoy” soʻzi hozirgi maʼnosida XX asrda Odessadagi (bu yerda ham yahudiylar koʻp yashagan – tahr.) jinoyatchilik olamida keng qoʻllanila boshlagan.

“Blatnoy”lar “xata”si.

SSSR davrida esa rejali iqtisodiyotning kasofati bilan doimiy tovar-mahsulot yetishmasligi muhitida, defitsit tovarlarni faqat “blat” boʻyicha, yaʼni tanish-qilish qilib sotib olishgan. Nima boʻlganda ham, “blatnoy” soʻzi hurmatli va imtiyozlar hamda hokimiyatga ega shaxsni bildirib kelgan.

Qamoqxonalarda esa ular mahkumlarning norasmiy iyerarxiyasidagi eng yuqori darajali guruh vakili hisoblanadi. “Blatnoy”lar “qora zona” tartib-qoidalari va oʻgʻri qonunlarini tan olib, amal qilishi, "toʻgʻri tushunchalar"ga rioya etishi, "toza" oʻtmishga ega boʻlishi va zonada hech qanday lavozimda ishlamasligi, jismoniy mehnat qilmasligi kerak. Ular, koʻpincha, oʻz kirlarini ham boshqalarga –  xizmatkor va yugurdak maqomidagi mahbuslar – “shestyorka” va “shnir”larga yuvdirishadi.

Hokimiyat tuzilmalari, uning siyosiy institutlari bilan har qanday, hatto tasodifiy munosabatlar (masalan, partiya yoki komsomolga aʼzolik), keyinchalik u qanchalik yuqori jinoiy malakaga ega boʻlishidan qatʼi nazar, jinoyatchi uchun "oʻgʻrilar dunyosi"ga yoʻlni abadiy yopib qoʻyadi. 1930-1950 yillarda armiyada xizmat qilgan va hech boʻlmaganda bir marta zonaga ishlash uchun ketgan oʻgʻrilar “blatnoy” hisoblanmagan. Hozirga kelib, ular uchun qoʻyiladigan talablar ancha yumshagan.

Shu bilan birga, ozodlik paytida xizmat koʻrsatish – servis ishlarida mehnat qilganlar – ofitsiant, taksi haydovchisi boʻlganlar ham “blatnoy” oʻgʻri boʻla olmaydi. Ularni “xaldey”, yaʼni xizmatkor, deb atashadi. Jinoyatchi maqomiga daʼvogarlar uchun yana boshqa koʻplab talablar mavjud. Har bir zonaning oʻziga xos talablari boʻlishi ham mumkin.

“Blatnoy”lar qamoqxona maʼmuriyati bilan hamkorlik qilmasligi, rasmiy lavozimlarda ishlamasligi kerak. Aks holda ular “kozyol” (echki) yoki “qizil” (aktivist)ga aylanib qolishadi. 

“Blatnoy”lar axloq tuzatish muassasalaridagi haqiqiy hokimiyat rasmiy hokimiyat bilan, yaʼni zona maʼmuriyati bilan kurasha oladigan kuchdir. Hokimiyatdan tashqari, oʻgʻrilar imtiyozlarga – ishlamaslik huquqiga hamda umumiy jamgʻarma – “obshak”dan zarur deb bilgan narsalarni olish va saqlash huquqiga ega.

“Blatnoy”larning masʼuliyatlari ham bor. Ular “qora zona”ni “grit” qilish (yaʼni “isitish”, “moylash”) uchun oziq-ovqat, choy, tamaki, araq, giyohvand moddalar va kiyim-kechaklar noqonuniy yoʻllar bilan yetkazib turilishini taʼminlashi shart. Ayrim muammolarni hal qilish uchun maʼmuriyatga beriladigan pora pullari ham “blatnoy”lar tarafidan “obshak”(umumiy jamgʻarma)dan olib ishlatiladi. Shuningdek, u boshqa mahkumlar oʻrtasida yuzaga keladigan nizolarni hal qilishga va umuman ular oʻrtasida hech qanday toʻqnashuvlarga yoʻl qoʻymaslikka, mahbuslarning nohaq jazolanishi, “obijenniy” va “opushenniy” darajasiga tushirib qoʻyilishining oldini olishga majbur.

Bularning barchasi, albatta, “blatnoy” uchun zonada tartib oʻrnatish bilan shugʻullanishi uning shaxsiy manfaatlaridan muhimroq ekanini anglatmaydi. Koʻpincha ular zonadagi yashash sharoitlarini yaxshilab olish va mahbuslarni oʻz foydasiga ishlatish uchun oʻz mavqesidan foydalanishadi.

“Blatnoy” boʻlish uchun alohida marosim oʻtkazilmaydi. Mahbusning feʼl-atvori va hayoti hamda mafkurasi, oʻgʻri qonunlariga sadoqati va unga mos hayot kechirishi, mahbuslar orasidagi hurmat-eʼtibori inobatga olinadi xolos. Biroq u oʻgʻri qonunlarini buzsa, past tabaqaga tushirilishi ham mumkin.

“Blatnoy”larning oʻzlari "blatnoy" soʻzini ishlatishdan qochishadi. Uning oʻrniga “avtoritet”, “arestant” (mahbus), “bosyak” (yalangoyoq), “brodyaga” (daydi), “julik” (firibgar oʻgʻri), “polojenets” (vaziyat-tartibga qarab turuvchi) kabi turli evfemizm va sinonimlarni qoʻllashni afzal koʻrishadi.

GULAG davridan qolgan “jigan” (siyosiy mahbus), “lyudi” (odamlar), “paxan” (otaxon) kabi atamalar borgan sari yoʻqolib bormoqda. Lekin hozir ham jinoyatchilar zonadagi eng yuqori “blatnoy”ni “paxan” deyishadi. Shuningdek, “odamlar” deb, jinoyatchilar oʻzlarini nazarda tutishadi. Qolganlar esa goʻyoki bu nomga nomunosib. “Odamdek oʻtirib, odamlar bilan araq ich” deyish, “jinoyatchilar qonun-qoidasiga muvofiq oʻtirib, jinoyatchilar bilan araq ich”, degan maʼnoni anglatadi, masalan. (Oʻgʻri jargonlari haqida keyingi maqolalarda batafsil oʻqing – tahr.)

“Mujik”lar

“Mujik” (erkak) deb XIX asrdan boshlab, Rossiyada krepostnoy qulligidan qutulgan ozod dehqonlar nazarda tutilgan. Baʼzan koʻcha-koʻyda ham “mujikmisan” yoki “mujik boʻl” degan iddaolar quloqqa chalinib qoladi. Albatta, bunda “erkak” boʻlish nazarda tutilgandir. Biroq “koʻcha” – jinoyatchilik olami jargonida bu atama boshqa kengroq maʼnoga ega.

“Mujik”lar sexda mehnat qilishmoqda.

“Mujik”lar – ("kulrang"lar) mahbuslar qatlamidagi son jihatdan eng katta guruhdir. Ayrimlar oʻylaganidek, "mujiklar" "zonalarda" faqat tasodifiy mehmonlar emas.

Koʻpincha “mujik” deb oʻgʻri va talonchilikda ayblangan hamda odatda bir necha marta sudlangan, lekin professional jinoyatchi boʻlmagan mahbuslarga aytiladi.

Maʼlumot:

Professional jinoyatchi – kriminal kasb-hunarga ega, jinoyatchilikni yagona daromad manbai sifatida tanlagan shaxslardir. Ular biror jinoyat boʻyicha hunar va tajribaga ega mutaxassis boʻlishadi. Masalan, qulfbuzar va seyfbuzar, mashina oʻgʻrisi, xonadon oʻgʻrisi, choʻntakkesar, “maydonchi” – odamlar koʻp yigʻiladigan maydon va bozorlarda turli qimor oʻyinlari oʻtkazib, firibgarlik yoʻli bilan sodda odamlarning pulini olib qoʻyuvchilar va hokazo.

"Mujiklar" – jinoyat olamining askarlari va asosiy ishchi kuchi. Professional jinoyatchi bilan solishtirganda, ular kamroq tajriba va malakaga ega boʻlishadi. Aksariyat "mujiklar" armiyada xizmat qilishgan, oilali, bola-chaqali odamlar. Ozodlikda va zonada turli kasblarda mehnat qilishadi. Oʻgʻrilarning hokimiyatini tan olishadi, ularga boʻysunishadi. Lekin “mujiklar” ham hokimiyatga ega boʻlishadi baʼzan. Ular brigadir (“bugor”) va “master”(ustaboshi) sifatida boshqa mahbuslarni boshqarishi ham mumkin.

Avvallari "mujiklar"ning mavqesi zonada ancha past edi. Ammo “sukalar” urushidan soʻng blatnoylarning taʼsiri ancha pasaygan.

Oʻgʻrilarning maslahat va mahkama yigʻilishlari – “razborka”larda "mujiklar" ovoz berish huquqiga ega emas. Lekin “blatnoylar” hurmati baland “mujik”larning fikriga quloq solishi mumkin.

“Mujik” tabaqasiga mansub boʻlish uchun alohida marosim oʻtkazilmaydi. Ammo oʻgʻri qonunlarini buzish orqali bu maqomdan pastroqqa tushib ketish mumkin.

“Mujiklar”ning “zona”da mehnat qilishi “zapadlo” (nomaqbul) hisoblanmaydi. "Zona"da ishlashdan bosh tortgan “mujik”lar odatda qotillik, baxtsiz tasodif, oʻz joniga qasd qilish oqibatida tez oʻlib ketishadi.

Ayrimlar hisoblaganidek, ozodlikda rahbarlik lavozimlarini egallagan va davlat mulkini talon taroj qilishda ayblanib, sudlangan shaxslar "mujik" hisoblanmaydi.

Davomi bor...

Abulfayz Sayidasqarov tayyorladi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+