Oʻzini osgan yigit tazyiqqa uchragan boʻlishi mumkin
Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) holatni oʻrganishga kirishdi.
Chirchiqdagi tergov hibsxonasida oʻzini osib qoʻygan 22 yoshli yigitning burni singani va tanasida jarohatlar borligi aniqlangani aytilmoqda.
Mazkur holatni Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) nazoratga olib, ishga taalluqli maʼlumotlarni soʻradi. Ishga oid hujjatlar oʻrganilmoqda.
"Toʻplangan hujjatlar oʻrganilib, Jinoyat-protsessual kodeksida belgilangan tartibda koʻrib chiqish uchun viloyat prokuraturasiga yuboriladi va yuqoridagi holat yuzasidan qoʻshimcha maʼlumot beriladi", deyiladi ombudsman xabarida.
Eslatib oʻtamiz, Chirchiq shahar ichki ishlar boshqarmasi tergov hibsxonasidan 2001 yilda tugʻilgan yigit oʻzini osib qoʻygandi.
Avgustda Toshkentda shunday holat kuzatilgandi. Tergovga olib borilgan fuqaro toʻsatdan vafot etgan, u ogʻir jinoyatda ayblangani aytilgandi. Lekin bu ish hozir qaysi jarayonda ekani nomaʼlum.