Zoyir Mirzayev obodonlashtirishga yarim milliarddan oshiq pul ajratdi
Avvalroq Nurafshonda amfiteatr qurish uchun 15 mlrd. soʻm berilishi maʼlum boʻlgandi.

Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi binosining bogʻini obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish uchun pul ajratdi. Bu boʻyicha hokim farmoyishi eʼlon qilindi.
Bugun, 18 dekabr kuni chiqarilgan hujjatga koʻra, buning uchun 550 million soʻm mablagʻ beriladi. Pul viloyat mahalliy byudjetining 2023 yil 3-choragi orttirilgan qismidan taqdim etiladi.
Biroz avval Toshkent viloyatida mahalliy byudjetning qoʻshimcha manbalari hisobidan 31 mlrd. 655 million soʻm mablagʻ ajratilishi belgilangandi.
Jumladan, Nurafshon shahrida amfiteatr binosini qurish uchun 15 mlrd. soʻm pul beriladi.
Shuningdek, Buxoro shahrida "Islom dargʻalari tamadduni" xiyobonini barpo etishga 400 million soʻm, "Somoniylar" madaiy istirohat bogʻidagi koʻl va obodonlashtirish xarajatlari (yoqilgʻi) uchun 200 mln. soʻm ajratilgani maʼlum boʻlgandi.