Toshkentda Isroil va arab davlatlari vakillari Gʻazo boʻyicha muhokama oʻtkazdi
Oʻzbekiston TIV rahbari Baxtiyor Saidov bu haqda maʼlumot berdi.

Oʻzbekiston TIV rahbari Baxtiyor Saidov toʻqqiz davlat vakillari bilan Gʻazodagi vaziyatni muhokama qildi. Bu haqda vazir oʻz Telegram kanalida yozmoqda.
"Bugun Tashqi ishlar vaziligida BAA, Jazoir, Iordaniya, Kuvayt, Misr, Qatar, Falastin, Saudiya Arabistoni va Isroilning Oʻzbekistondagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlarini qabul qildik. Boshqa masalalar qatorida Gʻazo sektoridagi mavjud vaziyat yuzasidan ham fikr almashdik.
Biz yana bir bor barcha tomonlarni tinch aholi orasida minglab insonlar, jumladan, bolalar qurbon boʻlayotgan qurolli mojaroni toʻxtatishga, yechim topish uchun faqat diplomatik vositalar va xalqaro huquq meʼyorlaridan foydalanishga chaqiramiz" deyiladi unda.
Taʼkidlash joizki, mojaro boshlangan ilk kunlarda ham Oʻzbekiston jiddiy xavotir bildirib, muammoga diplomatik yoʻl bilan yondashishga chaqirgandi. Shuningdek, Gʻazodagi shifoxonaga uyushtirilgan raketa hujumi va uning oqibatida yuzlab insonlar vafot etishi ham qoralangandi.