Isroil Gʻazoning milliondan ortiq aholisiga hududni tark etishni buyurdi
BMT Xavfsizlik kengashi bugun favqulodda yigʻilish oʻtkazadi.

Isroil Gʻazo sektorining shimoliy qismi aholisiga 24 soat ichida anklavning janubiga koʻchib oʻtishni buyurdi, deydi BMT bosh kotibi vakili Stefan Dyujarrik.
"Birlashgan Millatlar Tashkiloti fojiali vaziyatni oʻta halokatli holatga aylantirmaslik uchun bunday buyruqni bekor qilishga qatʼiy chaqiradi", dedi u.
BMT maʼlumotlariga koʻra, juma kuni yarim tunda chiqarilgan buyruq taxminan 1,1 million kishiga taʼsir qiladi - bu butun Gʻazo sektori aholisining yarmi. Chiziqning shimolida aholisi zich boʻlgan Gʻazo shahri joylashgan.
Uning soʻzlariga koʻra, Isroil harbiylari Gʻazoda ishlayotgan BMT rasmiylariga buyruq tashkilotning barcha xodimlari va uning hududidagilar, jumladan, maktab va shifoxonalarga ham tegishli ekanligi haqida xabardor qilgan.
“Birlashgan Millatlar Tashkiloti halokatli gumanitar oqibatlarsiz bunday koʻchish amalga oshirilishi mumkin emas, deb hisoblaydi”, - deya qoʻshimcha qildi Dyujarrik.
Aftidan, Isroil soʻnggi kunlarda Gʻazo chegarasiga askar, ogʻir artilleriya va tanklarni toʻplab, quruqlikdan hujumga tayyorlanmoqda.
BMT Xavfsizlik kengashi bugun favqulodda yigʻilish oʻtkazadi.
Isroil mudofaa vazirligi vakili 1,1 milliondan oshiq aholiga hududdan chiqib ketish buyrugʻi berilganini rasman tasdiqladi.
Eslatib oʻtamiz, Isroil chegarasi va Gʻazo sektorida 7 oktabrdan boshlab vaziyat keskinlashdi. HAMAS guruhi boshlagan hujumlar ortidan Isroil Gʻazoga raketa zarbalari berdi.