platina.uz
Jamiyat

Talabalarning sarson-sargardonligi yechim topdimi?

Mana, bahoru yozni ortda qoldirib kuz ham keldi. Yangi oʻquv yili boshlandi, bu vaʼdaning ustidan chiqilyaptimi? Loyihalar amalga oshdimi? Qurilishi boshlangan yotoqxonalarning topshirilganlari bormi?

Oliy taʼlim muassasalari (OTM)da oʻqish boshlanish arafasida talabalar turar joy izlab qoladi. Talabalar turar joylari (TTJ) esa yetarli emas. Bu muammoni oʻtgan yilgi anomal sovuq vaqtidagi holat ochiq-oydin koʻrsatib bergandi. Talabaga joy yoʻq, joy topilsa, issiq emas. Bir “Toshkent Indeks”ga koʻchasan, deyishadi. Hali oʻrnashib ulgurmay, u yerdan ham chiqarib yuborishadi. It egasini tanimaydigan qahraton qishda koʻchada qolgan, oʻqib kelajak quraman deyotgan koʻp talabalar hatto ertasidan umidini uzgandi. Sababi sargardonlik yomon. Oʻz yurtida sargardonlik undan-da azob va alamli. Koʻpchilik talabalarning esa oʻtgan yilgi sarsonliklari hech kimning yodidan chiqmagan.

Oʻtgan yili hartugul “Toshkent Indeks” imkoniyati bilan vaziyat biroz yumshatilgandek boʻldi.

Oʻtgan yili ana shu voqealar fonida masʼullar tomonidan davlat OTMlaridagi TTJlarining soni 287 taga yetkazilib, jami 109 504 nafar talabani joylashtirish imkoniyati yaratilgan. Ammo shunga qaramay, 132 ming oʻrinli TTJga talab mavjudligi maʼlum qilingan. Ushbu ehtiyojni qondirish maqsadida prezidentning “2022-2026 yillarga moʻljallangan Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi farmoniga asosan 2023 yil yakuniga qadar 18 ming oʻrinli TTJlarini qurish va foydalanishga topshirish belgilangandi. Shuningdek, 2023 yilda yotoqxonalarni barpo etish boʻyicha jami 28 526 oʻrinli 58 ta loyiha, jumladan, davlat-xususiy sheriklik (DXSh) asosida 19576 oʻrinli 40 ta, oliygoh va byudjet mablagʻlari hisobidan 3450 oʻrinli 7 ta, oliygohlarning toʻliq oʻz mablagʻlari hisobidan 3 900 oʻrinli 8 ta hamda investitsiya dasturi doirasida 1 600 oʻrinli 3 ta loyihalarda tegishli ishlar amalga oshirilayotgani hamda respublika boʻyicha jami 16 466 oʻrinli 31 ta loyihada qurilish ishlari allaqachon jadal surʼatlarda olib borilayotgani aytilgandi.

Bu gaplar talabalarning yotoqxonalar yetishmasligi va mavjudlarida esa isitish imkoniyatlari anomal sovuqqa dosh berolmagani sabab turar joy uchun ijara narxlari osmonga oʻrlashidan koʻchada arzon yashash manzili izlab ovora boʻlishlari ortidan erta bahorda yangragan vaʼdalar va belgilangan chora-tadbirlar edi.

Mana, bahoru yozni ortda qoldirib kuz ham keldi. Yangi oʻquv yili boshlandi, bu vaʼdaning ustidan chiqilyaptimi? Loyihalar amalga oshdimi? Qurilishi boshlangan yotoqxonalarning topshirilganlari bormi?

Platina.uz Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda Fargʻona vodiysidagi 3 viloyatdagi talabalar uchun qurilgan va qurilayotgan TTJlar bilan tanishar ekan, ana shu savollarga javob izladi.

Guvoh boʻldikki, may oylari boshlarida qurilishda meʼyorlar buzilgani sabab maʼmuriy javobgarlikka tortilgan Qoʻqon davlat pedagogika instituti talabalari uchun DXSh asosidagi 1 ta 400 oʻrinli TTJ qurib bitkazilmoqda. Ushbu turar joy shu oyda foydalanishga topshirilishi kutilmoqda.

Shuningdek, Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Fargʻona filiali, Fargʻona politexnika insitituti, Fargʻona davlat universiteti, Andijon davlat universiteti, Andijon davlat tibbiyot instituti, Namangan davlat universiteti, Namangan muhandislik-qurulish instituti talabalari uchun yotoqxonalar qurilmoqda yoki qandaydir binolar yotoqxonalarga moslashtirilmoqda.

Oliygohlardagi masʼullar 2025 yilgacha 100% talabalarni turar joy bilan taʼminlash harakatida. Hozir esa bu qamrov aynan vodiy viloyatlarida 50%dan yuqori. Qurib topshirilishi rejalashtirilgan 18 ming TTJlarning 34 foizini vodiy qoplab berayotgan boʻlsa, qolgan 66 foizi boshqa viloyatlar va Toshkent shahri zimmasida qolmoqda. Eng koʻp oliy taʼlim muassasalari esa Toshkentda va Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot kotibining taʼkidlashicha, TTJ boʻyicha ehtiyojni qondirish masalasida poytaxt eng ogʻriqli masala. Chunki talabalar koʻp va TTJ uchun talab ham. Shunday ekan, vodiy viloyatlaridagi kabi jarayonlar poytaxtda ham tezlashtirilsa, maqsadga muvofiq boʻlardi. Sababi yangi oʻquv yili boshlanishi va talabalarning poytaxtga kelishi ortidan allaqachon ijara narxlari ham osmonga chiqqan, deyish mumkin. Material tayyorlash jarayonida biz Toshkentdagi ijara narxlari bilan tanishdik. ijara uyning qayerda joylashganligi, xonadondagi sharoitlar, uy egasi bilan turish turmasligiga qarab narxlar bir talabaga 50$- 100$gacha. Eslatib oʻtamiz, Oliygoh talaba qancha narxdagi kvartirada turishidan qatʼiy nazar har bir talabaga oyiga Toshkent shahrida 330 ming toʻlab beradi. Bu miqdor viloyatlarda 165 mingni tashkil qiladi.

Yana ham ogʻriqlisi, poytaxtda koʻp hollarda ijaraga beruvchilar hisob-kitobni dollar kursi bilan oʻlchashidir. Dollar kursi esa koʻtarilgandan koʻtarilyapti. Shu bois poytaxtlik masʼullar ham aynan vodiy tajribasi asosida talabalarining yashashi haqida koʻproq va tezroq qaygʻurishi kerak.

Muhimi, davlatining kelajagi qoʻlida boʻlganlar shu davlatda koʻchada qolmasa bas.

Fazilat Soib

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid