Toshkent viloyatida odamlarni oʻzboshimchalik bilan jazolab kelgan jinoiy guruh aniqlandi
Guruhga 2004 yilda tugʻilgan, muqaddam oʻgʻrilik jinoyati uchun sudlangan, taekvondo bilan shugʻullangan va "Oʻgʻri" laqabi bilan tanilgan shaxs rahbarlik qilgan. Tezkor tadbir davomida guruh rahbari hamda uning "Boʻri", "Saman", "Abu", "Tosh" va "Baklan" laqablari bilan tanilgan besh nafar sherigi qoʻlga olindi.

DXXning Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda viloyat IIBB hamkorligida respublika boʻylab oʻtkazilayotgan profilaktik tadbirlarining uchinchi bosqichi doirasida Chirchiq shahrida uyushgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qoʻyildi.
Aniqlanishicha, guruhga 2004 yilda tugʻilgan, muqaddam oʻgʻrilik jinoyati uchun sudlangan, taekvondo bilan shugʻullangan va "Oʻgʻri" laqabi bilan tanilgan shaxs rahbarlik qilgan.
Tezkor tadbir davomida guruh rahbari hamda uning "Boʻri", "Saman", "Abu", "Tosh" va "Baklan" laqablari bilan tanilgan besh nafar sherigi qoʻlga olindi. Ularning ayrimlari muqaddam ham turli jinoyatlar uchun sudlangan.
Qoʻlga olish jarayonida "Oʻgʻri"ning yonidan 1,8 gramm gashish giyohvandlik vositasi topilib, belgilangan tartibda rasmiylashtirildi.
Shuningdek, gumonlanuvchilarning uyali telefonlari koʻzdan kechirilganda, fuqarolarga nisbatan zoʻravonlik ishlatish va ularni oʻzboshimchalik bilan jazolash — "samosud" holatlari aks etgan videolavhalar aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirildi.
Mazkur holat yuzasidan guruh aʼzolariga nisbatan Jinoyat kodeksining 112- va 277-moddalari, guruh rahbariga esa qoʻshimcha ravishda 276-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Avvalroq Navoiyda 6 ta jinoiy guruh ushlangandi.





