Marhamatdagi qoʻshib yozish ortidan korxona rahbari jazoga tortildi
Hozirda 837 nafar fuqaroning elektron mehnat daftarchadagi noqonuniy maʼlumotlari oʻchirilishi taʼminlangan.

Andijon viloyati Marhamat tumanidagi "Marhamat agropilla" MChJ orqali 837 nafar fuqaro soxta ishga joylashtirilgani va buning oqibatida ayrim fuqarolar Ijtimoiy reyestrdan chiqarilgani xabar berilgandi.
Bandlik vazirligi holat yuzasidan izoh berdi.
Mazkur holat 2025 yil may–oktabr oylarida sodir boʻlgan boʻlib, Marhamat tuman prokuraturasining 2026 yil 12 maydagi talabnomasi asosida oʻrganilgan.
Oʻrganish davomida korxonada amalda ishlamagan, mehnat shartnomalari tuzilmagan 837 nafar fuqaro haqidagi maʼlumotlar korxona rahbari A. Axmedovning elektron kaliti orqali Yagona milliy mehnat tizimiga kiritilgani aniqlangan.
Amaldagi tartibga koʻra, xodimlarni ishga qabul qilish va ular haqidagi maʼlumotlarni tizimga kiritish ish beruvchining vakolatiga kiradi.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi sudda koʻrib chiqilib, korxona rahbari A. Axmedov aybdor deb topilgan va unga 1 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.
Hozirda 837 nafar fuqaroning elektron mehnat daftarchadagi noqonuniy maʼlumotlari oʻchirilishi taʼminlangan.





