Saida Mirziyoyeva Turkiya Prezidenti Kotibiyati va Administratsiyasi rahbarlari bilan uchrashdi
Muloqot davomida mamlakatlar oʻrtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash istiqbollarini muhokama qilindi.

Saida Mirziyoyeva Turkiya Prezidenti Kotibiyati va Administratsiyasi rahbarlari bilan uchrashdi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Turkiya Respublikasi Prezidenti Kotibiyati rahbari Hasan Doʻgʻan hamda Prezident Administratsiyasi Bosh kotibi Haqqi Susmaz bilan uchrashdi. Bu haqda Saida Mirziyoyev oʻz Telegram kanalida maʼlum qildi.
“Muloqot davomida hamkorlikni kengaytirish boʻyicha navbatdagi amaliy qadamlarni muhokama qildik va har ikki tomon uchun manfaatli boʻlgan yangi tashabbuslarni birgalikda amalga oshirish jarayonini davom ettirishga kelishib oldik”, — deya yozadi Mirziyoyeva.
Unga koʻra, ikki mamlakatni umumiy tarix, yaqin til, madaniyat va anʼanalar bogʻlab turadi. Aynan shu mushtarak qadriyatlar Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi doʻstlik hamda hamkorlikni izchil rivojlantirish uchun mustahkam zamin boʻlib xizmat qilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq administratsiya rahbari Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan bilan koʻrishgan edi.





