Qashqadaryoda 3 yashar qizini urib oʻldirgan onadan boshqa farzandi olib qoʻyildi
Bolaning xavfsizligi, huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlash maqsadida u qarindoshi qaramogʻiga berilgan. Hozirda ijtimoiy himoya tizimi mutaxassislari tomonidan uning hayotiy holati va mavjud xavf omillari baholanmoqda.

Qashqadaryoda 3 yashar qizini urib oʻldirgan onadan boshqa farzandi olib qoʻyilgani maʼlum qilindi.
Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumanida oʻgay onasi kaltaklashi oqibatida 4 yoshli qiz vafot etgani xabar berilgandi. Ushbu oiladagi boshqa voyaga yetmagan bola yaqin qarindoshining vasiyligiga topshirildi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, bolaning xavfsizligi, huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlash maqsadida u qarindoshi qaramogʻiga berilgan. Hozirda ijtimoiy himoya tizimi mutaxassislari tomonidan uning hayotiy holati va mavjud xavf omillari baholanmoqda.
Shuningdek, bolaga psixologik yordam koʻrsatilmoqda, tibbiy koʻrik tashkil etilmoqda. Yashash manzili oʻzgargani sababli uning taʼlimini uzluksiz davom ettirish choralari ham koʻrilmoqda. Ijtimoiy xodim tomonidan individual ijtimoiy xizmatlar rejasi ishlab chiqilmoqda.
Agentlik bolaning xavfsizligi va farovonligini, shuningdek, unga koʻrsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar ijrosini muntazam nazorat qilib borishini maʼlum qildi.
Eslatib oʻtamiz, 26 sentabr kuni Kasbi tumanida 1994 yilda tugʻilgan I.S. turmush oʻrtogʻi bilan oʻzaro nizodan soʻng uning 2022 yilda tugʻilgan qizini kaltaklagan. Oqibatda qiz bosh qismidan ogʻir jarohat olib, shu kuni vafot etgan. Holat yuzasidan qotillik ayblovi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, ayol gumonlanuvchi sifatida protsessual tartibda ushlangan.




