Uch yilda 14 yoshga toʻlmagan bolalarning nomusiga tegish boʻyicha 445 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan
Bu haqda deputat, parlamentning Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qoʻmitasi raisi Gulruh Agzamova maʼlumot berdi. Bunday holatlar boʻyicha 2024 yilda — 129 ta, 2025 yilda esa 123 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Oʻzbekistonda 2022−2025 yillarda 14 yoshga toʻlmagan bolalarning nomusiga tegish boʻyicha 445 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Bu maʼlumotni 29 sentabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yigʻilishida Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qoʻmitasi raisi Gulruh Agzamova keltirdi.
Uning soʻzlariga koʻra, 2022 yilda bunday holatlar boʻyicha 85 ta, 2023 yilda — 108 ta, 2024 yilda — 129 ta, 2025 yilda esa 123 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Bu maʼlumotlar bolalarni zoʻravonlikdan himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasini muhokama qilish jarayonida keltirildi.
"Bugun biz shunchaki navbatdagi qonun loyihasini muhokama qilayotganimiz yoʻq. Biz bolalarimizning taqdiri, ularning xavfsizligi, ertangi kunga boʻlgan ishonchi, eng muhimi, jamiyatimizda bola qadri qanchalik ustuvor ekanligi haqida gaplashmoqdamiz", — dedi Agzamova.
U, shuningdek, bolalar har doim ham boshidan kechirgan zoʻravonlik haqida kattalarga ayta olmasligiga eʼtibor qaratdi.
Eslatib oʻtamiz, Namanganda 5 yoshli qizchaning bogʻsa ombor mudiri tomonidan zoʻrlangani ortidan Oʻzbekistonda boalarga nisabatan qilingan zoʻravonlik boʻyicha jazo chorasini kuchaytirish masalasi kun tartibiga chiqdi. Deputat Alisher Qodirov qasddan qotillik sodir etganlar, ayniqsa jabrlanuvchi bola boʻlsa, oʻlim jazosini qoʻllashni taklif qildi. Biroq boshqa bir deputat Bobur Bekmurodov Konstitutsiyada oʻlim jazosi taqiqlanganini eslatdi.




