Bobur Bekmurodov Alisher Qodirovning oʻlim jazosini tiklash taklifiga qarshi chiqdi
Qodirov qasddan qotillik sodir etganlar, ayniqsa jabrlanuvchi yosh bola boʻlsa, oʻlim jazosini qoʻllashni taklif qilgandi. "Yuksalish" harakati yetakchisi esa oʻlim jazosi Konstitutsiya bilan taqiqlanganini eslatdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi aʼzosi va "Yuksalish" harakati yetakchisi Bobur Bekmurodov "Milliy tiklanish" yetakchisi Alisher Qodirovning pedofillar va qotillar uchun oʻlim jazosini tiklash taklifiga qarshi chiqdi.
Qodirov qasddan qotillik sodir etganlar, ayniqsa jabrlanuvchi bola boʻlsa, oʻlim jazosini qoʻllashni taklif qilgandi.
Bekmurodov oʻlim jazosiga taqiqni eslatdi. U bolalarga qarshi jinoyatlar uchun qattiq jazo zarurligiga qoʻshilishini, ammo oʻlim jazosini tiklashni qoʻllab-quvvatlamasligini aytdi.
Uning soʻzlariga koʻra, oʻlim jazosi Oʻzbekiston Konstitutsiyasi bilan qatʼiy taqiqlangan. Amaldagi Konstitutsiyaning 25-moddasida yashash huquqi har bir insonning ajralmas huquqi ekanligi va mamlakatda oʻlim jazosi taqiqlanganligi aytilgan.
Bobur Bekmurodov shuningdek, bunday chorani, ayniqsa bolalarga qarshi jinoyatlar boʻyicha qoʻllashning mumkin boʻlgan oqibatlarini ham taʼkidladi. Uning fikricha, agar bolani zoʻrlash va oʻldirish uchun bir xil oʻlim jazosi qoʻllanilsa, jinoyatchi jinoyatning yagona guvohini yoʻq qilish uchun qoʻshimcha ragʻbatga ega boʻlishi mumkin.
"Agar bolani zoʻrlash va oʻldirish ham oʻlim bilan jazolanadigan boʻlsa, jinoyatchining yagona guvohni, yaʼni bolani oʻldirishiga hech narsa toʻsqinlik qila olmaydi", deb taʼkidladi u.
Deputat shuningdek, Oʻzbekistonning xalqaro majburiyatlarini va adolatsizlik xavfini koʻrib chiqishga chaqirdi.
Oʻlim jazosini tiklash oʻrniga Bekmurodov bolalarni himoya qilishning boshqa choralariga eʼtibor qaratishni taklif qildi. Ular orasida u jinsiy jinoyatchilar reyestrini yaratish, bunday shaxslarning bolalar bilan ishlashini umrbod taqiqlash, maktab va mahallalarda potensial tahdidlarni erta aniqlash, jinoyatlarni tezkor tergov qilish va zoʻravonlik qurbonlari boʻlgan bolalarni psixologik qoʻllab-quvvatlashni tilga oldi.




