Bugun tunda Toshkentda havo sifati yomonlashishi kutilmoqda
Poytaxtda shamol tezligi ayrim soatlarda 0,5–1 m/s gacha pasayadi. Bu esa havoning vertikal aralashuvi sekinlashishiga olib keladi. Yogʻingarchilik kutilmayotgani sababli havodagi zarrachalarning uzoqroq vaqt davomida saqlanib qolish ehtimoli mavjud.

Bugun, 22 sentabr soat 21:00 dan 23 sentabr soat 04:00 gacha yer yuzasiga yaqin havo sovib, yuqori qatlamlarda havoning iliqroq saqlanishi natijasida harorat inversiyasi shakllanishi kutilmoqda. Bu haqda Ekologiya va iqlim oʻzgarishi qoʻmitasi xabar berdi.
Meteorologik prognozga koʻra, Toshkent shahrida shamol tezligi ayrim soatlarda 0,5–1 m/s gacha pasayadi. Bu esa havoning vertikal aralashuvi sekinlashishiga olib keladi.
Yogʻingarchilik kutilmayotgani sababli havodagi zarrachalarning uzoqroq vaqt davomida saqlanib qolish ehtimoli mavjud. Bunday sharoit PM2.5 va PM10 zarrachalarining yerga yaqin havo qatlamida toʻplanishiga olib kelishi mumkin.

Prognozlarga koʻra, poytaxtning aksariyat hududlarida soat 22:00 dan 01:00 gacha havo sifati AQI standarti boʻyicha «sezgir guruhlar uchun nosogʻlom» darajagacha yomonlashishi mumkin.
Ertalab yer yuzasi isishi bilan inversiya zaiflashishi, havoning vertikal aralashuvi kuchayishi va havo sifati asta-sekin yaxshilanishi kutilmoqda.
Shu munosabat bilan kechki vaqtlarda ochiq havoda uzoq vaqt boʻlmaslik tavsiya etilmoqda.
Ayni paytda atmosfera havosi sifati Maxsus komissiya tomonidan doimiy monitoring qilib borilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, 2026 yil 18 sentabr kuni kechki soatlarda Toshkent shahrida atmosfera havosida PM2.5 va, ayniqsa, PM10 zarrachalari miqdorining qisqa muddatli keskin ortishi kuzatilgandi.




