"Bobur koʻchasidagi uyga byudjetdan pul sarflanmagan": agentlik yana Alisher Qodirovga javob berdi
Avvalroq deputat Madaniy meros agentligini milliy meros boʻyicha qaygʻurmaslikda ayblagandi. Shuningdek, Mizdahkon, Shohi Zinda, Buxorodagi Qurʼon qoʻlyozmasi va Mingtepa boʻyicha hozir ommaviy tarzda koʻtarilayotgan masalalar boʻyicha ham izoh berildi.

Soʻnggi kunlarda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov tomonidan Madaniy meros agentligi faoliyati, ayrim madaniy meros obʼektlarining holati va ularga davlat tomonidan koʻrsatilayotgan munosabat yuzasidan bir qator bayonotlar bildirildi.
Madaniy meros agentligi Alisher Qodirov tomonidan tilga olingan har bir masala boʻyicha maʼlumot berdi.
A.Qodirov tomonidan “Sarmishsoy” muzey-qoʻriqxonasidan tashqari tilga olingan bir qator obʼektlar boʻyicha hamda aynan u koʻtargan masalalar yuzasidan Agentlikka partiya yoki fraksiya nomidan avval rasmiy deputatlik soʻrovi kelib tushmagan.
Jumladan, Sarmishsoy boʻyicha “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari A.Qodirov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan 2025 yilda Navoiy viloyatida oʻtkazilgan oʻrganishlar davomida “Sarmishsoy” davlat muzey-qoʻriqxonasining holati alohida oʻrganilgan.
Mizdahkon, Shohi Zinda, Buxorodagi Qurʼon qoʻlyozmasi va Mingtepa boʻyicha hozir ommaviy tarzda koʻtarilayotgan masalalar yuzasidan avval rasmiy deputatlik soʻrovi boʻlmaganiga qaramay, Agentlik ushbu masalalar boʻyicha ham jamoatchilikka batafsil maʼlumot bermoqda.
Sarmishsoyda madaniy meros obʼektlarini muhofaza qilish, tashrif buyuruvchilar uchun sharoit yaratish va turistik infratuzilmani rivojlantirish maqsadida davlat byudjetidan 4,2 mlrd. soʻm mablagʻ yoʻnaltirilgan.
Ushbu mablagʻlar hisobidan:
- 2 ta kirish darvozasi;
- axborot markazlari;
- petrogliflarga olib boruvchi 2,5 km piyoda yoʻlagi;
- 5 ta soyabon;
- avtoturargoh;
- quyosh energiyasida ishlovchi tungi yoritish tizimi;
- videokuzatuv kameralari;
- kuzatuv binokllari;
- boshqa zarur infratuzilma obʼektlari tashkil etilgan.
Bundan tashqari, Agentlik jamgʻarmasi mablagʻlaridan yana 1,2 mlrd. soʻm ajratilgan. Ushbu mablagʻ hisobidan tashrif buyuruvchilar markazi va dara boshlanish qismida nazorat punkti tashkil etilmoqda.
Hududda:
- 2 ta zamonaviy qoʻriqlash posti;
- videokuzatuv;
- doimiy monitoring;
- ichki ishlar organlari bilan hamkorlik;
- dronlar;
- aloqa va muhofaza vositalari joriy etilgan.
Quyosh panellari oʻrnatish, obodonlashtirish va infratuzilmani yanada takomillashtirish ishlari ham davom etmoqda.
Shunday ekan, “Sarmishsoyga milliardlab mablagʻ sarflandi, ammo Agentlik hech qanday ish qilmadi” degan xulosa amalga oshirilgan ishlar va ajratilgan mablagʻlar bilan tasdiqlanmaydi.
Agar hududning ayrim qismlarida kamchiliklar mavjud boʻlsa, Agentlik ularni yashirmaydi.
Lekin mavjud kamchiliklarni sanab oʻtish boshqa, amalga oshirilgan ishlarni inkor qilish esa mutlaqo boshqa masala.
Mizdahkon majmuasi ham davlat muhofazasidan chetda qolgan emas.
2017 yilda davlat byudjetidan 800 mln. soʻm mablagʻ ajratilib, Mazlumxon Suluv, Madaminxon, Qirq choʻpon va Shomun Nabiy maqbaralarida taʼmirlash-restavratsiya ishlari amalga oshirilgan.
2024 yilda Mazlumxon Suluv maqbarasiga yana 290 mln. soʻm mablagʻ yoʻnaltirilgan. Maqbara atrofida himoya toʻsigʻi oʻrnatilgan.
Rajab Xalifa masjid-maqbarasida konservatsiya va arxeologik tadqiqotlarni amalga oshirish uchun 80 ming AQSh dollari miqdorida grant jalb qilingan.
Shuning uchun Mizdahkon boʻyicha “Agentlik bu obʼekt bilan shugʻullanmayapti” degan taassurotni mavjud hujjatlar va amalga oshirilgan ishlar bilan asoslab boʻlmaydi.
Shohi Zinda majmuasining kirish peshtoqi 2022–2023 yillarda Polsha mutaxassislari ishtirokida oʻrganilgan.
Tadqiqotlar davomida obʼektning vertikal oʻqqa nisbatan ogʻishi avvaldan mavjud ekani aniqlangan:
- chap tomonda — 46 sm;
- oʻng tomonda — 31 sm.
Eng muhim jihat — obʼekt qayta oʻlchingan.
Qiyosiy oʻlchovlarda yangi sezilarli deformatsiya aniqlanmagan.
Aksincha:
- chap tomondagi ogʻish 4 mmga kamaygan;
- oʻng tomondagi ogʻish taxminan 8 mmga kamaygan.
Demak, “Shohi Zinda ogʻib ketyapti” degan xavotirni yangi deformatsiya sifatida talqin qilish mavjud texnik oʻlchovlarga mos kelmaydi.
Obʼektning texnik holati vizual taassurot bilan emas, muhandislik monitoringi, instrumental oʻlchov va ilmiy ekspertiza asosida baholanadi.
Yoʻl harakati taʼsiri boʻyicha ham asoslangan texnik maʼlumot mavjud boʻlsa, Agentlik uni oʻrganishga tayyor.
“Buxoro” davlat muzey-qoʻriqxonasida saqlanayotgan Qurʼon qoʻlyozmasi muzey fondlarini saqlash talablariga muvofiq tarzda Ark qoʻrgʻonining birinchi qavatidagi fond saqlash xonasida saqlanmoqda.
Shu sababli qoʻlyozmani “talabga javob bermaydigan omborga tashlab qoʻyilgan” deb ifodalash amaldagi saqlash tartibini aks ettirmaydi.
Biroq Agentlik bu masalada “hammasi joyida” deb muammoni yopib qoʻyish pozitsiyasida ham emas.
Qoʻlyozmaning holatini barqarorlashtirish, uni konservatsiya qilish va zarur restavratsiya ishlarini ilmiy asosda tashkil etish maqsadida xalqaro mutaxassislar jalb etilmoqda.
Jumladan, qogʻoz va pergament materiallarini konservatsiya va restavratsiya qilish boʻyicha mutaxassis Aksel Deloni jalb qilinish rejalashtirilgan.
U 2023 yilda Oʻzbekiston–Fransiya hamkorligi doirasida Katta Langar Qurʼonining ayrim sahifalarini restavratsiya qilish ishlarida ham ishtirok etgan. 2026 yildagi missiyani tashkil etish boʻyicha tashkiliy ishlar olib borilmoqda.
Mingtepa — Andijon viloyati Marhamat tumanida joylashgan, Dovon davlati tarixi bilan bogʻliq muhim arxeologik yodgorlik. Obʼekt Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4 oktabrdagi 846-son qarori asosida milliy roʻyxatga kiritilgan. Biroq Mingtepa atrofidagi yer munosabatlari bu qarordan ancha oldin shakllangan.
Xususan, Marhamat tumani hokimining 2006 yil 19 maydagi 163-K-son qarori bilan ayrim yer maydonlari bogʻ va uzumzorlar tashkil etish uchun ajratilgan.
Jumladan:
- 1,12 gektar yer maydoni fuqaro G.Boʻronovga 50 yil muddatga 40547-son shartnoma asosida ijaraga berilgan;
- yana 26 gektar yer maydoni 21 nafar fuqaroga ajratilgan.
Bu faktlar muhim. Chunki 2006 yildagi yer munosabatlarini goʻyoki 2019 yilda yodgorlik milliy roʻyxatga kiritilgandan keyin Agentlik tomonidan yoʻl qoʻyilgan holat sifatida koʻrsatish voqealar xronologiyasini buzib koʻrsatish boʻladi.
Shu bilan birga, obʼekt muhofaza maqomiga kiritilgandan keyin Agentlik va hududiy madaniy meros organlari tomonidan tegishli choralar koʻrilgan.
2020 yil 19 avgustdagi 01-06/778-son xat bilan Marhamat tumani hokimligiga bogʻ va uzumzorlardan foydalanuvchilarga muqobil yer ajratish masalasida amaliy yordam koʻrsatish soʻralgan.
Yodgorlik hududida qishloq xoʻjaligi ishlaridan foydalangan 22 nafar fuqaroga ogohlantirish berilgan.
Hozirda oʻzboshimchalik bilan yer egallash holatlari huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan oʻrganilmoqda.
Bundan tashqari, Mingtepani muhofaza qilish va muzeylashtirish uchun davlat mablagʻlari ham yoʻnaltirilgan:
- 2024 yil — 1,2 mlrd. soʻm;
- 2025 yil — 1,2 mlrd. soʻm;
- jami — 2,4 mlrd. soʻm.
Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi, Samarqand arxeologiya instituti va Fargʻona davlat universiteti mutaxassislari tadqiqotlarga jalb qilingan. Madaniy qatlamlar asosida yodgorlik chegaralari aniqlanmoqda. Noqonuniy egallangan yerlar aniqlanib, yodgorlik hududiga kiritilmoqda. Muhofaza choralari kүchaytirilmoqda.
A.Qodirovning “qaysidir rus rassomining uyi” mazmunidagi bayonoti jamoatchilikda obʼektning huquqiy maqomi va tarixiy qiymati haqida notoʻgʻri taassurot uygʻotishi mumkin. Bobur koʻchasi, 7-uy 1935 yilda qurilgan.
Bino Toshkentda faoliyat yuritgan taniqli meʼmor Aleksey Viktorovich Щusev nomi bilan bogʻliq.
Turli yillarda ushbu binoda Oʻzbekiston ilm-fani va madaniyati rivojiga hissa qoʻshgan olim va professorlar yashagan.
Obʼektning madaniy meros sifatidagi maqomi esa kimningdir millatiga qarab emas, uning tarixiy, meʼmoriy va madaniy qiymati asosida belgilangan.
2020 yilda Agentlik huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashi obʼektni Milliy roʻyxatga kiritishni maʼqullagan. 2021 yilda obʼektni Milliy roʻyxatdan chiqarish masalasi koʻrib chiqilgan va rad etilgan.
Bino hozir ham davlat muhofazasida turibdi.
Shu bilan birga, mazkur obʼektga respublika byudjeti hisobidan shu kүnga qadar mablagʻ sarflanmagan.
Yaʼni jamoatchilikka “Agentlik davlat mablagʻlarini qaysidir rus rassomining uyini saqlashga sarflayapti” degan taassurot berish mavjud moliyaviy maʼlumotlarga mos kelmaydi.
Bundan ham muhimrogʻi: Agentlik mazkur obʼektning saqlanishini taʼminlash masalasida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga rasmiy murojaat qilgan.
Murojaatda Toshkent shahar hokimining 2018 yil 30 oktabrdagi 1550-son qaroriga huquqiy baho berish hamda obʼektning buzilishi yoki shikastlanishining oldini olish choralarini koʻrish soʻralgan.
Bu yerda prinsipial nuqta bor. Tarixiy obidani kim yaratgani emas, uning insoniyat va jamiyat uchun tutgan oʻrni madaniy meros sifatidagi maqomini belgilaydi.
Oʻzbek, rus, tojik, yevropalik yoki boshqa millat vakili bunyod etgan boʻlishidan qatʼi nazar, tarixiy obʼekt madaniy meros boʻlib qolaveradi. Chunki madaniy meros — bu xalqlarni ajratuvchi emas, ularni bogʻlovchi qadriyatdir, deyiladi agentlik bayonotida.
2026 yil birinchi yarmida restavratsiya, taʼmirlash, rekonstruksiya va arxeologik tadqiqotlarga 79,4 mlrd. soʻm mablagʻ yoʻnaltirilgan. Shundan 77,6 mlrd. soʻm — 97,7 foizi oʻzlashtirilgan.
60 ta madaniy meros obʼektini restavratsiya va taʼmirlash boʻyicha shartnomalar tuzilgan. Mazkur obʼektlar faqat sovet davrida barpo etilganlarni tashkil qilmaydi.
28 ta obʼekt boʻyicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilmoqda.
39 ta obʼekt boʻyicha ijobiy ekspertiza xulosalari olingan.
Ishlar:
- Jizzax;
- Samarqand;
- Toshkent;
- Surxondaryo;
- Andijon;
- Xorazm;
- Sirdaryo;
- Fargʻona viloyatlari;
- Toshkent shahri hududlarida olib borilmoqda.
Demak, Agentlik faoliyatini “qaysidir davr obʼektlariga alohida mehr” degan subʼektiv taassurot bilan emas, qaysi obʼektda qanday muhofaza chorasi koʻrilgani, qancha mablagʻ sarflangani va qanday natija olingani bilan baholash mumkin.
- 4,2 mlrd. soʻm sarflangan obʼektga “hech nima qilinmadi” deyish — faktni inkor qilishdir.
- 2,4 mlrd. soʻm davlat mablagʻi yoʻnaltirilgan Mingtepa boʻyicha “Agentlik qarab turibdi” deyish — amalga oshirilgan ishlarni chetlab oʻtishdir.
- 2022–2023 yillarda xalqaro mutaxassislar tomonidan oʻrganilgan Shohi Zinda holati haqida yangi deformatsiya bordek gapirish — texnik oʻlchovlarni eʼtiborsiz qoldirishdir.
- Muzey fondida saqlanayotgan Qurʼon qoʻlyozmasini “omborga tashlab qoʻyilgan” deb atash — amaldagi saqlash tartibini notoʻgʻri talqin qilishdir.
- 2006 yildagi yer munosabatlarini 2019 yildagi madaniy meros maqomi bilan aralashtirish — voqealar xronologiyasini buzishdir.
- Bobur koʻchasi, 7-uyni “rus rassomining uyi” deb atash — obʼektning tarixiy va madaniy qiymatini uning millatiga bogʻlashdir.
Bobur koʻchasi, 7-uyning Toshkent tarixiy shahar muhitining shakllanishidagi oʻrni, oʻz davriga xos meʼmoriy qiyofasi, bezak elementlari va XX asr meʼmorchiligi anʼanalarini aks ettirishi — uning tarixiy-madaniy ahamiyatini belgilovchi asosiy omillardir.
Shu bois mazkur obʼektni “rus rassomining uyi” degan taʼrif bilan cheklash — uning haqiqiy tarixiy va meʼmoriy qiymatini toraytirib koʻrsatishdir, deya xulosa qilinadi Madaniy meros agentligi maʼlumotida.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Alisher Qodirov mazkur uy haqida fikr bildirib, uni "hech kim kerak emas" deb tariflagandi. Keyinchalik Madaniy meros agentligi unga javob qaytargandi.
