platina.uz
Jamiyat

"Tarix “oʻzimizniki” va “begonaniki”ga boʻlinmaydi" — Madaniy meros agentligi Alisher Qodirovga javob berdi

Bobur koʻchasidagi uyda oʻz vaqtida Oʻzbekiston ilm-fani va madaniyati rivojiga salmoqli hissa qoʻshgan olim va professorlar — akademiklar Toshmuhammad Qori-Niyoziy, Vasiliy Shishkin, Rahim Atajonov, Natan Mallayev kabi mutaxassislar yashagani taʼkidlangan.

"Tarix “oʻzimizniki” va “begonaniki”ga boʻlinmaydi" — Madaniy meros agentligi Alisher Qodirovga javob berdi

Madaniy meros agentligi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi Alisher Qodirovning eʼtirozlariga javob qaytardi.

Agentlik Toshkent shahri, Bobur koʻchasi, 7-uy manzilida joylashgan bino yuzasidan bildirilgan jamoatchilik fikrlari munosabati bilan oʻz pozitsiyasini bayon qilgan.

Xususan, mazkur binoga nisbatan uni buzish mumkinligi, “hech kimga kerak emasligi” va “rus rassomi uyi ekani” sababli “Bizga nima keragi bor?” degan mazmunda fikrlar ilgari surildi.

Madaniy meros obʼektiga “bugun bizga kerakmi yoki kerak emasmi?” degan mezon bilan baho berilmaydi. Bobur koʻchasi, 7-uydagi bino 1935 yilda qurilgan. Ochiq tarixiy va ekspert materiallarida mazkur bino Toshkent shahrida faoliyat yuritgan taniqli meʼmor Aleksey Viktorovich Щusev nomi bilan bogʻliq ekani qayd etilgan. Biroq binoning tarixi faqat uning meʼmori bilan ham cheklanmaydi. Turli yillarda bu yerda Oʻzbekiston ilm-fani va madaniyati rivojiga salmoqli hissa qoʻshgan olim va professorlar — jumladan, akademiklar Toshmuhammad Qori-Niyoziy, Vasiliy Shishkin, shuningdek, Rahim Atajonov, Natan Mallayev kabi mutaxassislar yashagan.

Demak, gap shunchaki eski turar joy binosi haqida emas. Ushbu bino tarixi XX asrda Toshkent shahrida meʼmorlik, ilm-fan va shahar madaniyatining rivojlanishi bilan bogʻliq. Binoning meʼmoriy yechimi XX asrning birinchi yarmida Toshkent shahrining tarixiy shahar muhiti shakllanishi nuqtai nazaridan ham qiziqish uygʻotadi.

Aytilishicha, obʼektning huquqiy maqomi tarixi ham alohida ahamiyatga ega. 2020 yilda Agentlik huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashi tomonidan mazkur binoni “Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obʼektlari Milliy roʻyxatiga” kiritish masalasi maʼqullangan. 2021 yilda obʼektni Milliy roʻyxatdan chiqarish taklifi rad etilgan. Bugungi kunda bino moddiy madaniy meros obʼekti sifatida davlat muhofazasida turibdi. Shu bilan birga, Toshkent shahar hokimining 2018 yil 30 oktabrdagi 1550-son qarori bilan “UNIVERSAL PACKING MASTERS” MChJga mazkur manzildagi mavjud turar va noturar binolarni buzish hamda ushbu hududda koʻp qavatli turar joy binosi qurish uchun yer maydoni ajratilgan. Agentlik oʻrganishlari davomida mazkur qaror binoning moddiy madaniy meros obʼekti sifatidagi huquqiy maqomi belgilanishidan oldin qabul qilingani aniqlangan.

"Bunday bayonotlar madaniy merosni asrashdek professional masalani huquqiy va ilmiy maydondan milliy qarama-qarshilik maydoniga olib chiqishi mumkin. Bu esa jamiyatda ortiqcha ijtimoiy taranglikni keltirib chiqarishi ehtimolini yuzaga keltiradi. Biz madaniy merosni milliy ajratish obʼektiga aylantirishga yoʻl qoʻymasligimiz kerak. Madaniy meros — umumiy tariximizning bir qismi. U bir millatga tegishli emas va u bilan bogʻliq insonning kelib chiqishi tufayli “begona” boʻlib qolmaydi.

Bizning vazifamiz — bugun qaysi tarixiy obʼekt kimga “kerak” yoki “kerak emas”ligini hal qilish emas. Bizning vazifamiz — uning tarixiy va madaniy qiymatini aniqlash hamda qonun va professional ekspertiza asosida uning saqlanishini taʼminlash. Bugun “Bu uy bizga nima uchun kerak?” deb soʻrash mumkin. Ammo ertaga jamiyat bizdan: “Sizga ishonib topshirilgan tarixni saqlab qolish uchun nima qildingiz?” deb soʻrashi mumkin. Shuning uchun Agentlik bundan keyin ham shaxsiy qarashlarga emas, qonunga, ilmiy ekspertizaga va madaniy merosni kelajak avlodlar uchun asrash tamoyiliga tayanadi" deyiladi munosatda.

"Gap faqat bitta bino haqida emas. Gap — oʻz tariximizga qanday munosabatda boʻlishimiz haqida. Toshkent tarixini turli meʼmoriy maktablar, ilmiy anʼanalar va oʻnlab yillar davomida shahar qiyofasini shakllantirgan turli madaniyatlarsiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Bu tarixning ayrim sahifalarini ular boshqa millat vakillari bilan bogʻliq boʻlgani uchun oʻchirish — Toshkentning oʻz tarixini sunʼiy ravishda kambagʻallashtirishdir. Shuning uchun savol “Bu uy bizga nima kerak?” tarzida emas, avvalo, “Ushbu obʼektning tarixiy va madaniy qiymati nimada va uni qonun talablari asosida saqlab qolish uchun biz nima qilishimiz kerak?” tarzida qoʻyilishi lozim.

Agentlikning javobi esa aniq: professional, huquqiy va ilmiy asoslangan. Madaniy merosning millati boʻlmaydi. U — tarix. Tarix esa “oʻzimizniki” va “begonaniki”ga boʻlinmaydi", deya xulosa qilinadi munosabatda.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid