Orttirilgan nochorlik sindromi
Avvaliga apatiya (befarqlik) keladi, keyin esa depressiya (tushkunlik) paydo boʻladi. Nihoyat inson taslim boʻladi.

Tasavvur qiling: bir inson qayta-qayta oʻz hayotini oʻzgartirishga harakat qiladi – imtihon topshirish, ish topish, munosabatlar qurishga urinadi. Lekin har safar muvaffaqiyatsizlikka duch keladi. Nihoyat shunday payt keladiki, u intilish va harakatlanishdan toʻxtaydi. Qoʻlidan kelmagani uchun emas, balki endi qoʻlidan kelishiga oʻzi ishonmay qoʻygani uchun shunday boʻladi.
Bu – orttirilgan nochorlik sindromi (ONS) (inglizcha: learned helplessness), psixologiyadagi eng paradoksal va shu bilan birga kundalik uchraydigan hodisalardan biridir.
Laboratoriyadan – hayotga
Bu holatni ilk bor amerikalik psixolog Martin Seligman tasvirlab bergan. Uning 1967 yilda oʻtkazgan tajribalari bu tushunchani ochib berdi.

Seligman itlar ustida Pavlovning shartli reflekslar nazariyasi sxemasi asosida tajriba oʻtkazgan. Maqsad – signal ovoziga nisbatan qoʻrquv refleksini shakllantirish edi. Agar Pavlov tajribalarida hayvonlar qoʻngʻiroq ovozidan soʻng goʻsht olgan boʻlsa, Seligman tajribasida – tovush signalidan soʻng itlarni tok urgan. Itlar ertaroq qochib ketmasligi uchun maxsus arqon bilan bogʻlab qoʻyilgan.

Dastavval, itlar tok urganida qafasdan sakrab chiqishga urinishgan. Ammo qafas devori balandligi va arqon bunga imkon bermagan. Bir necha tok zarbalaridan keyin itlar oʻz taqdiriga koʻnikkan – qochib keta olmasligiga ishonchi mustahkamlangan.
Keyin Seligman itlarni past toʻsiqli qafasga oʻtkazgan. Endi itlarda qochish uchun imkoniyat bor edi. Olim tajribadagi itlar yangi qafasda volerga oʻtkazilganda, signalni eshitishi bilan qochib ketadi, deb oʻylagan. Axir har qanday tirik mavjudot ogʻriqdan qochish uchun qoʻlidan kelgan barchasini qiladi, shunday emasmi? Ammo yangi qafasda itlar yerda yotib, faqat ingrashgan xolos.
Hech qaysi kuchuk eng oddiy toʻsiqni ham oshib oʻtmagan – hatto urinib koʻrmagan. Shu sharoitga tajribada qatnashmagan boshqa “yangi” it joylashtirilganda esa u osonlik bilan qochib ketgan.
Seligman shunday xulosaga kelgan: noxush holatlarni nazorat qilish yoki ularga taʼsir oʻtkazish imkoni boʻlmasa, kuchli ojizlik hissi shakllanadi. 1976 yilda olim oʻrganilgan ojizlik kashfiyoti uchun Amerikaning Psixologiya assotsiatsiyasi mukofotiga sazovor boʻlgan.
Baliqlar bilan tajriba
Bir kuni katta akvariumga choʻrtanbaliq tashlandi. U bir muddat yolgʻiz oʻzi erkin suzib yurardi. Keyin oʻsha idishga mayda baliqlar ham qoʻshildi.
Choʻrtanbaliq darhol oʻljani payqadi va yaqinlashishga harakat qildi – bir marta oʻtmoqchi boʻldi, qayta-qayta urinib koʻrdi... Lekin har safar u shaffof toʻsiqqa urilib qaytardi. Baliq oʻljani oldiginasida koʻrib turar, his qilardi, ammo yeta olmasdi.

Bu bir muddat davom etdi. Oxir-oqibat choʻrtanbaliq urinishlarni toʻxtatdi. U hatto akvariumning mayda baliqlar solingan qismiga oʻtmay ham qoʻydi.
Biroz vaqtdan soʻng toʻsiq olib tashlandi. Makon yana yagona boʻldi. Mayda baliqlar butun akvarium boʻylab, hatto choʻrtanbaliq yonida erkin suzib yurardi.
Ammo kutilmagan hol yuz berdi: choʻrtanbaliq endi ularga yaqinlashishga urinib ham koʻrmadi. U oʻz tomonida qolaverdi, goʻyo chegara hamon mavjuddek.
Unda imkoniyat bor edi – ammo harakat yoʻq edi. Bu qila olmagani uchun emas. Balki u urinishlari foyda bermasligiga allaqachon ishonib qolgandi.
Fil oʻrgatuvchilar
Fil oʻrgatuvchilar ham fillarga yoshligidan ONSni shakllantirishadi. Oyogʻini ip bogʻlab qoʻyishganida avval filcha qochishga urinib koʻradi. Ammo uza olmaydi.

Vaqtlar oʻtib, fil baribir ozodlikka chiqa olmasligiga ishonib qoladi. Keyinchalik fil voyaga yetib, ulkan va qudratli mavjudotga aylanganida ham oʻsha yoshligida bogʻlangan barmoqdek chilvirni uzishga urinmaydi. Chunki unda baribir uza olmayman, degan ONS shakllanib qolgan boʻladi.
Odamlar-chi – it, baliq va fillardan farq qiladimi?
Seligman nazariyasi turli mamlakat olimlari tomonidan koʻp bor tekshirilgan. Natijada bir qator taxminlar isbotlangan.
Agar inson muntazam ravishda:
- barcha harakatlariga qaramay magʻlubiyatga uchrasa;
- oʻz harakatlari hech narsaga taʼsir qilmaydigan ogʻir vaziyatlarni boshdan kechirsa;
- qoidalar doim oʻzgarib turadigan, har qanday harakat jazoga olib kelishi mumkin boʻlgan tartibsiz muhitda yashasa, uning irodasi va umuman harakat qilish istagi soʻnib boradi.
Avvaliga apatiya (befarqlik) keladi, keyin esa depressiya (tushkunlik) paydo boʻladi. Nihoyat inson taslim boʻladi.
Orttirilgan ojizlik nazariyasini hayotning oʻzi tasdiqlaydi. Buning uchun albatta kimnidir zanjirga bogʻlanib, tok urdirish shart emas. Hammasi ancha oddiy boʻlishi mumkin.
Masalan, ishga joylashishdagi muvaffaqiyatsiz urinishlar: sababsiz rad javoblari ortidan yana rad javoblari olish bunga sabab boʻladi. Yoki oiladagi zolim va axmoq erning qattiq talablari va qaysarligi ham ayollarda orttirilgan bechoralik sindromini paydo qiladi. “Hammasi befoyda, hayotimni yaxshilashga urinish barabir samarasiz” degan fikr shakllanadi.
Tashqaridan qaraganda chiqish yoʻli bordek tuyuladi: rezyumeni qayta yoz! Ajrash! Rahbarga shikoyat qil! Buni qil, uni qil! Lekin Seligman tajribasidagi it kabi, ojizlikka tushgan inson hatto past toʻsiqdan ham oʻta olmaydi. U chiqish yoʻli borligiga ishonmaydi. U yerda gʻingshib yotadi xolos.
Shuningdek, ONS “Stokholm sindromi”da ham yondosh effekt sifatida paydo boʻladi va rivojlanadi. (Bu haqda batafsil “Mazlumning zolimga mehr qoʻyishi – Stokholm sindromi” nomli maqolamizda oʻqing).
Ojizlik qanday qilib miyada “yoziladi”?
Ilmiy nuqtai nazardan, oʻrganilgan ojizlik – bu shunchaki kayfiyat emas, balki reallikni qabul qilishning barqaror modeli.
Inson muntazam ravishda harakatlar natija bermaydigan vaziyatlarga uchraganda, miya quyidagi xulosaga keladi: nazorat mavjud emas.
Shundan keyin kortizol – stress gormoni darajasi oshadi. Qaror qabul qilishga javobgar miya qismlari faolligi pasayadi, qoʻrquv va qochish reaksiyalari kuchayadi.
Eng muhimi – fikrlash uslubi oʻzgaradi. Inson sodir boʻlayotgan narsalarni quyidagicha izohlay boshlaydi:
- “Bu har doim shunday”;
- “Bu mening aybim”;
- “Bu hech qachon oʻzgarmaydi (peshonamga shunday bitilgan)”.
Aynan shu uchta ichki ishonch bir martalik muvaffaqiyatsizliklarni barqaror hayotiy strategiyaga aylantiradi.
Qayerdan boshlanadi?
ONSga tamal toshi koʻpincha bolalikda qoʻyiladi. Doimiy tanqid qilingan bola vaqt oʻtishi bilan urinishni toʻxtatadi. Oʻrniga hamma ishni boshqalar qilib beradigan bola esa mustaqil harakat qilishni oʻrganmaydi.
Biroq muhim jihat: ONS – “bolalikdan chiqarilgan hukm” emas. U hayotning istalgan pallasida shakllanishi mumkin.
Masalan, bir necha marta suhbatlarda rad javobini olgandan keyin, ayol va erkak oʻrtasidagi toksik munosabatlarda, harakatlar, taklif va gʻoyalar eʼtiborsiz qoldiriladigan muhitda va hokazo. Hatto muvaffaqiyatli inson ham bir kuni qoʻl siltab qoʻyganini payqab qolishi mumkin.
Bu hayotda qanday koʻrinadi?
ONS odatda dramatik tarzda namoyon boʻlmaydi. Koʻproq oddiy, kundalik gaplar orqali yuzaga chiqadi:
- “Men ariza topshirmayman – baribir qabul qilishmaydi”;
- “Men bu imtihondan oʻtolmayman”;
- “Biror narsani oʻzgartirishning maʼnosi yoʻq”.
Bu holatni osonlikcha yalqovlik yoki apatiya bilan chalkashtirish mumkin. Lekin farq prinsipial: yalqov inson qila oladi, lekin qilishni istamaydi. ONSka tushgan inson esa qila olishiga ishonmaydi.
Kundalik ssenariylar
Oʻqish joyida
Talaba bir necha imtihondan yiqilib, oʻzini “aqlsizman” deb oʻylay boshlaydi. Holbuki muammo tayyorgarlik usulida boʻlishi mumkin.
Ishda
Xodim bir necha bor eʼtiborsiz qoldirilgandan soʻng yangi gʻoyalar taklif qilishni toʻxtatadi.
Jamiyat
Baʼzan bu hodisa shaxs doirasidan chiqadi. Odamlar uzoq vaqt davomida taʼsir koʻrsata olmasligini his qilsa, jamoaviy passivlik shakllanadi.
Eng yomoni, biror ish oʻzining qoʻlidan kelmagan omadsiz va landovurlar, boshqalarga, hatto oʻz yaqinlari va bolalariga ham shu ONSni singdirmoqchi boʻladi: “yoʻq, bu ishing boʻlmaydi”, “yoʻq, bu harakatlaringdan foyda yoʻq, men qilib koʻrganman, oʻxshamagan”... Lekin bunday odamlarga “sen qilib koʻrganingda boshqa davr va sharoit boʻlgan, qolaversa, bu odam sendan farqli, balki buning harakatlari samara berar”, deb aytish joiz.
Qisqasi, zamonaviy voqelik har doim ham bizni qoʻllab-quvvatlamaydi. Hasad, raqobat va ONS sizga motivatsiya berishlariga yoʻl qoʻymaydi.
Qolaversa, ijtimoiy tarmoqlardagi qalbaki hayot tasvirlari foydalanuvchida “hamma baxtli, faqat men omadsizman” degan illyuziyani yaratadi. Natijada oilada juftliklar bir-biridan koʻproq narsa talab qila boshlaydi, norozilik va ruhiy uzoqlashuv paydo boʻladi. Bu esa xiyonat va ajrashishga ham sabab boʻladi.
Yoki nosogʻlom oilaviy munosabatlar sharoitiga oʻrgangan juftliklarda “baribir bundan yaxshirogʻini topa olmayman” degan fikr shakllanadi. Erining zulmi va haqoratlariga koʻnikib yashashga oʻrganib qoladi.
Armiya va tutqunlikda
Armiyaga yangi kelgan boʻlajak askarlar avval ruhan sindiriladi. Ular hech kim emasligi, endi yangi tartibga boʻysunishi kerakligiga ishontiriladi. Keyin esa tegishli psixolog koʻnikma – aniqroq aytganda oʻziga xos ONS paydo qilinadi. Askar endi sarkashlikka urinmaydi, balki komandirlarning buyruqlariga soʻzsiz itoat qilish kerak deb qalban ishonadi.
ONSning davosi bormi?
Amerikalik psixolog Martin Seligman keyinchalik “orttirilgan optimizm”, yaʼni fikrlash uslubini ongli ravishda oʻzgartirish qobiliyati konsepsiyasini taklif qilgan ONSda quyidagilar haqiqatan ham ish beradi:
Harakatlarga shaxsiy munosabatni qayta yozish. “Men omadsizman” emas, balki “bu safar oʻxshamadi” deyish.
Kichik harakatlar. Hatto eng kichik yutuqlar ham nazorat hissini qayta tiklaydi.
Psixoterapiya (ayniqsa kognitiv-xulq-atvor terapiyasi). U fikrlash va reaksiyalarni tizimli ravishda oʻzgartirishga yordam beradi.
Tayanch nuqta qayerda?
Paradoks shundaki, ONSdan chiqish kaliti – harakatda. Hatto eng kichik harakatlar ham yordam berishi mumkin.
Global “hayotni oʻzgartirish”da emas, balki aniq qadamlarda: yana bitta xat yozish, yana bitta qadam tashlash, yana bir bor urinishda koʻrinadi.
Chunki har bir shunday qadam miyaga “Men baribir hayotga taʼsir qila olaman”, degan signal beradi.
Xulosa oʻrnida
Xullas, ONS – shunchaki psixologik noqulaylik emas. Bu xavfli omillardan biridir.
Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, nazorat yoʻqligi hissining surunkali boʻlishi stressni kuchaytiradi. Depressiv holatlar ehtimolini oshiradi. Gormonal mexanizmlar orqali jismoniy sogʻliqqa taʼsir qiladi
Oddiy qilib aytganda, “men hech narsani hal qila olmayman”, degan his-tuygʻu bevosita tanaga taʼsir qiladi.
Lekin orttirilgan ojizlik – zaiflik ham, tashxis ham emas. Bu – miya bir vaqtlar oʻzini xafalikdan himoya qilish uchun “yaratgan” sozlamadir. Ammo har qanday orttirilgan sozlamani oʻzgartirish mumkin. Baʼzan – harakat bilan. Baʼzan – boshqalar yordami bilan...
Abulfayz Sayimdasqarov
