Nega AQSh prezidentlariga koʻp suiqasd qilishadi?
Prezidentlarga qarshi suiqasdlar – bu faqat fojia emas, balki jamiyat holatining koʻrsatkichidir. Qarama-qarshilik nafratga aylanganda, xavf real tus oladi.

AQSh prezidenti Donald Trampga yana bir suiqasd uyushtirildi. 26 aprel kechasi Washington Hilton mehmonxonasida, Oq uy muxbirlari assotsiatsiyasining anʼanaviy kechki tadbiri oʻtayotgan paytda otishma sodir boʻldi. Oʻq tovushlaridan soʻng prezident xavfsizligi uchun masʼul AQSh maxfiy xizmati xodimlari Trampni zudlik bilan sahnadan olib chiqib ketdi. Maʼmuriyat vakillariga koʻra, prezident jarohat olmagan va xavfsiz joyda, uning rafiqasi, birinchi xonim Melaniya Tramp va boshqa yuqori lavozimli shaxslar jabrlanmagan. Otishma natijasida bir maxsus xizmat xodimi jarohat olgan.
Hujumchi shaxsi haqida
CNN va boshqa OAV maʼlumotiga koʻra, qoʻlga olingan shaxs 31 yoshli kaliforniyalik oʻqituvchi Koul Allen boʻlgan. U C2 Education kompaniyasida (imtihonlarga tayyorlov markazi) yarim stavkada oʻqituvchi boʻlib ishlagan. 2024 yil dekabrida u ishlagan tashkilot tomonidan “oy oʻqituvchisi” deb eʼtirof etilgan.
Suiqasddan soʻng, Koul Allen bu voqeadan avvalroq “manifest” qoldirgani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur hujjatda Trampga nisbatan “pedofiliya”, “zoʻrlash” va Jefri Epshteyn bilan aloqalar haqida ayblovlar bildirilgani aytilgan. Lekin Tramp bu ayblovlarni qatʼiyan rad etib, ularni “kasal odamning yolgʻoni” deb atagan va Epshteyn ishi boʻyicha “toʻliq oqlangani”ni taʼkidlagan. Politsiya maʼlum qilishicha, gumonlanuvchi ham ehtimol Washington Hilton mehmonxonasida yashagan.
Kolumbiya okrugi prokurori Janin Pirro maʼlum qilishicha, gumonlanuvchiga oʻqotar quroldan foydalanish va federal xizmatchiga qurol bilan hujum qilish ayblovlari qoʻyilishi mumkin. Hokimiyat vakillari bildirishicha, erkak yonida miltiq, toʻpponcha va bir necha pichoqlar boʻlgan. Tergov maʼlumotlariga koʻra, ushbu hodisaga boshqa shaxslar aloqador emas. CBS News manbasiga koʻra, hibsga olingandan soʻng gumonlanuvchi oʻz nishonlari sifatida AQSh maʼmuriyati amaldorlarini koʻrsatgan. Uning aniq nishoni Tramp boʻlgan-boʻlmagani mavhum qolgan.
“Kasofatli” mehmonxona
1981 yil mart oyida aynan shu Washington Hilton mehmonxonasi binosi yaqinida AQShning 40-prezidenti Ronald Reyganga nisbatan suiqasd amalga oshirilgan. Oʻq Reyganning oʻpkasini teshib oʻtgan va kuchli qon ketishi boshlangan. Shuningdek, uni kuzatib yurgan yana uch kishi ham jabrlangan. Oʻq uzgan shaxs – Jon Hinkley voqea joyida qoʻlga olingan va keyinchalik ruhiy nosogʻlom deb topilgan. 2016 yilda u psixiatriya shifoxonasidan ozod qilingan.
Jamiyatni ikkiga boʻlgan siyosatchi
Donald Tramp – zamonaviy Amerika siyosatining eng bahsli shaxslaridan biri. Ayrimlar uchun u “kuchli Amerika” ramzi boʻlsa, boshqalar uchun jamiyatdagi boʻlinish manbai hisoblanadi.
Bunday munosabatning sabablari oydin. Avvalo Trampning qatʼiy migratsion siyosati, “Avvalo Amerika” shiori, OAV va siyosiy raqiblarga nisbatan keskin, hattoki haqoratli ritorikasi shunday omillardandir.
Ammo gap faqat siyosatda emas. Tramp chuqurroq jarayon – jamiyat polyarizatsiyasining ramziga aylangan. Amerikaliklar turli axborot muhitlarida yashamoqda, bu yerda bir xil voqealar mutlaqo turlicha qabul qilinadi. Bunday sharoitda keskinlik nazoratdan chiqishi oson.
Nafrat oʻqqa aylanganda
AQSh tarixi siyosiy nafrat qotillikka olib kelgan holatlarni unutmagan.
Eng birinchi qurbon – Abraham Linkoln boʻlib, u 1865 yilda, Amerikada fuqarolar urushi tugaganidan soʻng, janub tarafdori tomonidan otib oʻldirilgan. Linkolnning qullikni bekor qilish siyosati va Shimolning gʻalabasi bunga sabab boʻlgan.
Oradan yillar oʻtib, mamlakat yana shok holatiga tushdi. 1963 yilda prezident Jon Kennedi oʻldirildi. Rasmiy versiyaga koʻra, hujumchi yakka oʻzi harakat qilgan, ammo bu voqea atrofidagi bahslar haligacha toʻxtagan emas.
Shuningdek, yana bir prezident Jeyms Garfild 1881 yilda oʻzini nohaq kamsitilgan deb hisoblagan shaxs tomonidan otilgan. Oradan 2 oy oʻtib, jarohatlar oqibatida halok boʻlgan.
Boshqa bir prezident Uilyam Mak-Kinli esa 1901 yilda anarxist jinoyatchi qurboni boʻlgan. U otilganidan soʻng 1 hafta oʻtgach hayotdan koʻz yumgan.
Lekin hamma suiqasd ham fojia bilan tugamagan. Masalan, 1981 yilda prezident Ronald Reygen ogʻir yaralangan, ammo omon qolgan. Keyinchalik u bu voqeani kulib eslab yurgan. Yanada hayratlanarli hodisa – Teodor Ruzvelt holati: 1912 yilda u koʻksiga oʻq tekkaniga qaramay, oʻz nutqini davom ettirgan.
Nega prezidentni oʻldirishga urnishadi?
Agar mayda tafsilotlarni chetga surib qarasak, suiqasdlarning asosiy sabablari bir necha omilga borib taqaladi:
Birinchidan, siyosiy qarama-qarshilik. Jamiyat boʻlinganda, raqiblar bir-birini raqib emas, balki xavf sifatida qabul qila boshlaydi.
Ikkinchidan, radikal gʻoyalar. Ilgari anarxistlar, bugun esa ekstremistlar – “oliy maqsad” uchun shunday zoʻravonlikka qoʻl urishadi.
Uchinchidan, shaxsiy omillar. Koʻplab hujumchilar yakka harakat qilgan va ruhiy muammolarga ega boʻlgan.
Shuningdek, ayrim konspirologik nazariyalarga koʻra, AQShdagi sionistlar lobbisi hamda boy elita vakillari oʻz rejalariga qarshi borgan prezidentlarni shu yoʻl bilan mahv etishga uringan. Masalan, AQSh federal rezerv tizimini davlatga qaytarishga uringan yoki Falastin masalasida Isroil manfaatlariga qarshi borgan prezidentlar albatta turli tuhmat, obroʻsizlantirish yoki suiqasdga duch kelgan. Ammo bunday nazariyalar tasdiqlanmagan.
Hodisa Tramp reytingiga qanday taʼsir qiladi?
Albatta, barcha suiqasdlar kabi bu holat ham turlicha talqin va konspirologik nazariyalarga sabab boʻldi.
Masalan, videoga eʼtibor qilsak, qoʻriqchilar avval Trampni emas, vitse-prezident Vensni xavfsiz joyga olib chiqib ketishgan.
Yana bir shubhali talqinlarga koʻra, suiqasddan 12 soat oldin internetda Koul Allen nomi koʻp qidirilgan. Shu bilan birga, Koul Allenning oxirgi suratlarida u Isroil armiyasiga tegishli ramz tushirilgan futbolkada aks etgan.
Shuningdek, AQShdagi ayrim faollar otishma haqidagi xabarni “Tramp jamoasining yangi shousi” deb atashdi. Ayrim manbalarda, jumladan, Eron tomoniga yaqin pozitsiyalarga koʻra, bu hodisa Tramp maʼmuriyati tomonidan uyushtirilgan. U Tramp siyosiy reytingini sunʼiy ravishda oshirish, jamiyatda rahm-shafqat uygʻotish, millatni joriy prezident atrofida birlashtirish va xalqaro maydondagi, masalan, Eron bilan bogʻliq siyosiy muvaffaqiyatsizliklarni yashirish maqsadida uyushtirilgan, degan fikrlar mavjud.
Ayrim ekspertlar Tramp jamoasi ushbu otishma holatidan uning reytingini oshirish uchun foydalanishi mumkin, degan fikrda. Zero Trapm reytingi har ikki prezidentlik davridagi eng past koʻrsatkichlarga tushib ketgan va noyabr oyida boʻlib oʻtadigan oraliq Kongress saylovlari oldidan vaziyatni oʻzgartirishga urinish boʻlishi mumkin.
Tramp maʼmuriyati mamlakatda fuqarolar urushi xavfi borligi, demokratlar va uning siyosiy raqiblari uni oʻldirishga urinayotgani haqidagi gʻoyani ilgari suradi. Ushbu suiqasd mavzusi saylov kampaniyasining muhim qismiga aylanishi mumkin.
Biroq boshqa mutaxassislar fikricha, ushbu hodisa AQSh prezidenti reytingiga sezilarli taʼsir koʻrsatmaydi. Avvalgi (2024 yil 13 iyulda Pensilvaniyada yuz bergan) suiqasd urinishidan keyin Tramp reytingi atigi 1% ga oʻsgan. Holbuki nisbatan Washington Hilton yaqinida Ronald Reyganga nisbatan suiqasddan keyin uning reytingi 8% ga oshgan edi.
Shu bilan birga, ekspertlar hodisa siyosiy uslubga taʼsir qilishi mumkinligini taʼkidlaydi. Masalan, Tramp oʻz raqiblariga nisbatan yanada qattiq va agressiv siyosat yuritishi mumkin. Agar avval uni saylovlar oldidan maʼlum darajada ehtiyotkorlik toʻsib turgan boʻlsa, endi u yanada faol va keskin harakat qilish ehtimoli bor.
Xulosa oʻrnida
AQSh tarixi shuni koʻrsatadiki, demokratiya zoʻravonlikdan toʻliq himoya qilmaydi. U faqat uni cheklash mexanizmlarini beradi.
Prezidentlarga qarshi suiqasdlar – bu faqat fojia emas, balki jamiyat holatining koʻrsatkichidir. Qarama-qarshilik nafratga aylanganda, xavf real tus oladi.
Abulfayz Sayidasqarov
