Kinotavsiya: “Nomaʼlum”dan daho matematikkacha
Loyihamizning ushbu sonida retro filmdan tortib josuslik haqidagi kinolarni saraladik.

“Kinotavsiya” loyihasining bu galgi sonida qadrdon retro film, josuslik va daholar haqidagi kinolar oʻrin olgan.
5. “Avtomobildan saqlaning”, 1966 (SSSR)
1966 yilda rejissyor Eldor Ryazanov tomonidan suratga olingan mashhur sovet detektiv tragikomediyasi. Film Emil Braginskiy va Eldor Ryazanovning shu nomli povesti asosida yaratilgan.
Filmda oʻz davrining va kino olamining yulduzlari suratga tushgan:
- Innokentiy Smoktunovskiy – Yuriy Detochkin rolida.
- Oleg Yefremov – tergovchi Maksim Podberyozovikov rolida.
- Andrey Mironov – Dima Semitsvetov rolida.
- Anatoliy Papanov – Semitsvetovning qaynotasi rolida.
Film syujeti oʻsha paytlarda xalq orasida yurgan “Robin Gud” haqidagi afsonaga asoslangan. Ryazanov va Braginskiy bunday odamni izlab topishga harakat qilishgan, ammo u toʻqima obraz boʻlib chiqqan.
Andrey Petrov tomonidan bastalangan valm kuyi filmning eng taniqli va sevimli qismlaridan biriga aylangan.
Film ekranlarga chiqqandan soʻng, SSSRda koʻpchilik oʻz avtomobillarini oʻgʻirlikdan sugʻurta qilishni boshlagan.
Detochkin haydagan “Volga” GAZ-21 avtomobili keyinchalik “Brilliant qoʻl” va “Plyushixadagi uchta terak” filmlarida ham ishlatilgan.
Syujet
Film markazida sugʻurta agenti va havaskor teatr aktyori Yuriy Detochkin turadi. U oʻziga xos “zamonaviy Robin Gud” boʻlib, quyidagi ishlar bilan shugʻullanadi: nohalol yoʻl bilan boylik orttirgan shaxslarning (poraxoʻr va spekulyantlarning) avtomobillarini oʻgʻirlaydi.
Oʻgʻirlangan mashinalarni sotib, tushgan pullarni yetimxonalarga oʻtkazadi. Detochkinning doʻsti, tergovchi Maksim Podberyozovikov ushbu jinoyatlarni tergov qiladi va oxir-oqibat jinoyatchi oʻz doʻsti ekanini bilib qoladi.
4. “Pivoga ketib”, 2022 (AQSh)
Rejissyor Piter Farrelli (mashhur “Yashil kitob” filmi muallifi) tomonidan suratga olingan biografik harbiy komediya va drama. Film real voqealarga asoslangan boʻlib, Jon “Chiki” Donoxyu va Joanna Molloyning shu nomli kitobi asosida yaratilgan.
Asosiy rollarda: Zak Efron, Rassel Krou, Bill Myurrey. Bu voqea haqiqatan ham sodir boʻlgan. Chiki Donoxyu 1968 yilda haqiqatan Vetnamga borib, bir nechta doʻstlariga pivo yetkazgan va Tet hujumi (Tet Offensive) paytida oʻsha yerda boʻlgan.
Filmda komediya elementlari boʻlsa-da, urushning ogʻir oqibatlarini koʻrsatuvchi jiddiy drama hisoblanadi.
Syujet
Voqealar 1967 yilda Nyu-Yorkda boshlanadi. Bosh qahramon Chiki Donoxyu – Vetnam urushiga qarshi namoyishlardan charchagan va frontdagi doʻstlarini qoʻllab-quvvatlamoqchi boʻlgan oddiy yigit. U mast holatda doʻstlariga ajabtovur vaʼda beradi: Vetnamga borib, u yerda jang qilayotgan mahalladosh doʻstlariga Amerika pivosini yetkazib berish.
Chiki pivo toʻla sumka bilan xavfli sayohatga otlanadi. Urush oʻchogʻiga borgach, u nafaqat doʻstlarini topadi, balki urushning dahshatli haqiqati bilan yuzma-yuz kelib, dunyoqarashi butunlay oʻzgaradi.
3. “Nomaʼlum”, 2011 (AQSh)
Rejissyor Xaume Kollet-Serra tomonidan suratga olingan psixologik ekshn-triller. Film fransuz yozuvchisi Dide van Kovelartning “Mening boshimdan tashqarida” (Hors de moi) romani asosida yaratilgan.
Bosh rollarda yulduzli aktyorlar jamoasi qatnashgan: Liam Nison, Dayan Kryuger, Jenyuari Jons, Eydan Kuinn, Bruno Gans.
Film oxiridagi kutilmagan burilish (tvist) tomoshabinlarni hayratda qoldirishi bilan ajralib turadi.
Syujet
Doktor Martin Xarris xotini bilan Berlinga ilmiy konferensiyaga boradi. Biroq mehmonxonaga kelgach, u hujjatlari solingan sumkasini aeroportda qoldirganini sezib, orqasiga qaytadi. Yoʻlda taksida avariyaga uchraydi va toʻrt kun davomida komada yotadi.
Uygʻongach, Martinni dahshatli syurpriz kutadi: xotini uni tanimaydi va boshqa bir erkakni “haqiqiy Martin Xarris” deb tanishtiradi. Hech kim, hatto politsiya ham uning gaplariga ishonmaydi. U sirli qotillar tomonidan taʼqib qilina boshlaydi.
Martin oʻzining kimligini isbotlash va bu firibgarlik ortida kim turganini aniqlash uchun taksi haydovchisi Jina (avariya paytida uni qutqargan qiz) va sobiq razvedkachi bilan birlashadi.
2. “Argo” operatsiyasi, 2012 (AQSh)
Ben Afflek tomonidan suratga olingan, real voqealarga asoslangan tarixiy siyosiy triller. Film 1979 yilda Erondagi garovga olish inqirozi paytida olti nafar amerikalik diplomatni qutqarish boʻyicha MRB va Kanada hukumatining maxfiy operatsiyasi haqida hikoya qiladi. (Bu operatsiya va film haqida Platina.uz’da chop etilgan maqolamizda oʻqing.)
Bosh rollarda: Ben Afflek, Brayan Krenston, Alan Arkin, Jon Gudman. Film dunyo miqyosida katta shuhrat qozongan va bir qancha nufuzli mukofotlarni qoʻlga kiritgan. Xususan, “Oskar” (2013): “Eng yaxshi film”, “Eng yaxshi moslashtirilgan ssenariy” va “Eng yaxshi montaj” nominatsiyalarida gʻolib boʻlgan. “Oltin globus”: eng yaxshi drama va eng yaxshi rejissyor mukofotlariga loyiq koʻrilgan.
Garchi film real voqealarga asoslangan boʻlsa-da, baʼzi sahnalar drama uchun boʻrttirilgan. Filmda asosiy rol MRBga berilgan boʻlsa-da, real hayotda operatsiyaning muvaffaqiyatli oʻtishida Kanada hukumatining hissasi 90% ni tashkil etgan. Aeroportdagi taʼqib sahnasi tomoshabinni hayajonda ushlab turish uchun oʻylab topilgan, aslida evakuatsiya hech qanday muammosiz va silliq kechgan.
Syujet
1979 yil 4 noyabrda Tehrondagi AQSh elchixonasi namoyishchilar tomonidan ishgʻol qilinadi va 50 dan ortiq xodim garovga olinadi. Biroq olti nafar diplomat qochishga muvaffaq boʻlib, Kanada elchisining uyidan boshpana topadi.
MRBning evakuatsiya boʻyicha mutaxassisi Toni Mendes ularni qutqarish uchun aql bovar qilmaydigan reja tuzadi: ular goʻyoki Eronda fantastik film suratga olish uchun kelgan Kanada kino guruhi sifatida koʻrsatiladi.
Buning uchun Hollivudda soxta kinostudiya tashkil qilinadi, ssenariy va reklama materiallari tayyorlanadi. Diplomatlar oʻzlarining soxta shaxsiyatlarini va kino sohasiga oid maʼlumotlarni yod olishlari kerak boʻladi.
1. “Daho Uill Xanting”, 1997 (AQSh)
1997 yilda suratga olingan, kino olamida klassikaga aylangan psixologik drama. Bu film nafaqat yuksak intellekt, balki insoniy tuygʻular va ichki qoʻrquvlarni yengish haqida.
Bosh rollarda: Mett Deymon, Robin Uilyams, Ben Afflek, Stellan Skarsgard. Film 9 ta nominatsiya boʻyicha “Oskar”ga nomzod boʻlgan va 2 tasini qoʻlga kiritgan: eng yaxshi ikkinchi plandagi erkak roli – Robin Uilyamsga, eng yaxshi original ssenariy – Mett Deymon va Ben Afflekka (bu ular uchun Hollivudga katta yoʻl ochgan).
Oʻsha paytda nomaʼlum boʻlgan doʻstlar – Mett Deymon va Ben Afflek ssenariyni oʻzlari uchun yozishgan, chunki hech kim ularga bosh rollarni bermayotgan edi.
Robin Uilyamsning xotini haqidagi hikoyasi toʻliq improvizatsiya boʻlgan. Mett Deymonning kulgisi esa haqiqiy edi.
Film inson qanchalik iqtidorli boʻlmasin, mehr va qoʻllab-quvvatlashsiz oʻz yoʻlini topishi qiyinligini koʻrsatib beradi.
Syujet
Film markazida 20 yoshli Uill Xanting turadi. U Massachusets texnologiya institutida (MTI) farrosh boʻlib ishlaydi, lekin aslida tugʻma daho va matematik qobiliyat egasi. U dunyodagi eng murakkab matematik masalalarni bir necha daqiqada yechib tashlaydi.
Biroq Uillning oʻtmishi ogʻir boʻlgani sababli, uning xarakteri juda murakkab va tajovuzkor. Navbatdagi mushtlashuvdan soʻng u qamoqqa tushish xavfi ostida qoladi. Matematika professori Jerald Lambo uni qutqarib qoladi, ammo ikkita shart qoʻyadi: Uill professor hamrohligida matematika bilan shugʻullanishi va psixoterapevt huzuriga borishi shart.
Uill koʻplab psixologlarni mazax qilib haydab yuboradi, toki u Shon Maguayr bilan uchrashguncha. Shon Uillning ichki dunyosini tushunishga va uning “bu sening aybing emas” degan haqiqatni anglashiga yordam beradi.
