platina.uz
Maqola

Koʻrinmas front jangchilari: Roʻzi Nazar – xoinmi yoki qahramon?

Butun umrini ozod Oʻzbekistonni koʻrishga bagʻishlagan bu inson AQShda eng ishonchli xodimga aylangan, Eronda aygʻoqchilik qilgan. U mashhur Hollivud filmlariga ham aloqador.

Koʻrinmas front jangchilari: Roʻzi Nazar – xoinmi yoki qahramon?
Fotokollaj: Platina.uz

Rus propagandasining Oʻzbekiston axborot makonini va ijtimoiy fikrni boshqarishga urinishlari hech kimga sir boʻlmay qoldi. Propaganda ruporlarining yurtimizdagi har bir oʻzgarish va siyosiy ritorikaga Moskva manfaatlari tomidan turib baho va dakki berishlariga ham quloq oʻrgandi.

Biroq 2 oycha oldin Rossiya propagandasi koʻtargan bir masala yana yurakka tegadi. Goʻyoki, oʻzbek matbuoti fashistlarni maqtab, ularni oqlayotgan emish.

Toʻgʻri, Roʻzi Nazar vermaxt – fashistlar Germaniyasining armiyasi bilan bogʻliq boʻlgan va nemis qoʻmondonligi ostida faoliyat yuritgan tuzilmalarda xizmat qilgan. Ammo uning maqsadi nemislarga xizmat qilish emas, balki asriy orzusi – Turkistonni yana rus istilosidan ozod boʻlgan mustaqil holda koʻrish edi. Roʻzi Nazar butun hayoti davomida bu maqsadiga – xalqlar qamoqxonasi hisoblangan SSSRning parchalanishiga hissa qoʻshishga urindi, butun faoliyatini Turkiston mustaqilligi uchun yoʻnaltirdi.

Yoshlik yillari

Roʻzi Nazar Fargʻona vodiysidagi Margʻilon shahrida tugʻilgan. Nazarning otasi ipak savdosi bilan shugʻullangan. Onasi esa Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olinguniga qadar Qoʻqon xonligida nufuzli oʻrin tutgan oiladan chiqqan boʻlib, millatparvarlik gʻoyalariga moyil edi.

1927 yilda, Roʻzi Nazar 10 yoshga toʻlganida, uning akasi Qori Yoʻldoshev milliy qarshilik harakatida ishtirok etgani uchun sovet hokimiyati tomonidan otib oʻldirildi. Bu voqea oila uchun ogʻir ruhiy zarba boʻldi, Roʻzi Nazarning dunyoqarashiga kuchli taʼsir koʻrsatdi.

Roʻzi Nazar yoshligida Margʻilondagi oʻrta maktabda oʻqidi, keyin esa Toshkentda iqtisodiyotni oʻrgandi. Shu bilan birga, kechki kimyo kurslariga ham qatnashgan. Bu davrda u Oʻzbekiston kommunistik partiyasining mahalliy yoshlar qanotida ham faoliyat yuritgan.

1930-yillarda koʻplab turkistonlik shoirlar, yozuvchilar va ziyolilar sovet hokimiyati tomonidan taʼqibga uchradi. Ular millatchilikda ayblanib, surgun qilindi, qamaldi yoki otib oʻldirildi. Bu voqealar butun sovet ittifoqi boʻylab millionlab insonlarga taʼsir koʻrsatgan stalincha ommaviy repressiyalar fonida yuz berdi.

1937 yil fevral oyida Stalin partiya markaziy qoʻmitasi oldida chiqish qilib, mamlakatni “xalq dushmanlari” deb ataluvchi shaxslardan – trotskiychilar, millatparvarlar va sovet hokimiyatiga qarshi chiqqanlardan tozalash vaqti kelganini maʼlum qildi.

Oʻzbek elitasining koʻplab yetakchilari boshqa mashhur siyosatchilar bilan birga davlatga qarshi fitnada ayblandi. Sud ularni otib oʻldirish jazosiga hukm qildi, barcha mol-mulklari esa musodara qilindi.

Oʻsha paytda Roʻzi Nazar 21 yoshda edi. Mahalliy yetakchilar va faollar yoʻq qilinmoqda edi. Qamoqlar, chaquvlar va siyosiy tozalashlarni kuzatar ekan, Nazar sovet tizimiga nisbatan tobora koʻproq ishonchini yoʻqota boshladi.

“Qizil armiya” saflarida harbiy xizmat

1941 yil yanvar oyida 24 yoshli Roʻzi Nazar qizil armiyaga chaqirildi. Oradan bir necha oy oʻtib, 1941 yil iyunda natsist Germaniyasi sovet ittifoqiga hujum qilganida, Nazar Ukraina frontiga yuborildi.

1941 yil yoziga kelib, nemis qoʻshinlari sharqqa tez surʼatlarda ilgarilab borardi. Qizil armiya ogʻir magʻlubiyatlarga uchrardi. Butun armiyalar qurshovda qolib ketar, millionlab sovet askarlari nemislarga asir tushardi.

Shunday janglardan birida Roʻzi Nazar ogʻir yaralandi va oʻz boʻlinmasidan ajralib qoldi. Bir muddatdan soʻng nemis qoʻshinlari tomonidan asirga olindi.

Turkiston legioni

1941 yil oxiriga kelib, millionlab sovet askarlari nemis asirligida edi. Asirlikdagi sharoit juda ogʻir boʻlgan. Koʻplab odamlar ochlik, kasallik va sovuqdan halok boʻlgan. Shunday sharoitda ayrim harbiy asirlar tirik qolish umidida turli harbiy tuzilmalarga qoʻshilishga rozi boʻlishgan. Asirlikka tushgan Nazar ham nemis armiyasiga oʻtdi.

“Turkiston legioni” askarlari namoz paytida

Bu vaqtda Germaniya sovet asirlaridan “sharqiy legionlar” deb atalgan harbiy qismlarni tuzishni boshlagan edi. Shunday boʻlinmalardan biri Turkiston legioni boʻlib, u asosan Markaziy Osiyo xalqlari vakillaridan tashkil topgan edi.

Vermaxtdagi xizmat davri

Roʻzi Nazar sharqiy frontdagi janglarda yana bir bor yaralandi. Shundan soʻng, uni boshqa ishga oʻtkazishdi va Berlindagi turkistonlik muhojirlarning siyosiy organi hisoblangan Turkiston milliy birligi qoʻmitasi bilan aloqa bogʻlovchi etib tayinlashdi.

Bu qoʻmita Markaziy Osiyo xalqlari manfaatlarini ifodalashga harakat qilgan hamda sovet ittifoqi magʻlub boʻlgan taqdirda mustaqil Turkiston davlatini tuzish gʻoyasini ilgari surgan edi.

Urushning yakunlanishi

1945 yil bahorida Germaniyaning ahvoli tez surʼatlarda yomonlasha boshladi. Turkiston legionining qoldiqlari sharqiy frontdan olib chiqilib, Shimoliy Italiyaga, Bolsano hududiga koʻchirildi. Biroq bu vaqtga kelib, Nazar urush amalda yutqazilganini yaxshi tushunib yetgan edi.

Koʻplab sobiq harbiy asirlar va legion ishtirokchilari uchun bu deyarli muqarrar repressiyalar, lagerlar yoki vatanga qaytgandan soʻng qatl etilish xavfini anglatardi.

1945 yil apreliga kelib, Amerika armiyasi Shimoliy Italiyada tez surʼatlarda ilgarilab borar, nemis okkupatsion maʼmuriyati esa amalda tugatilgan edi. Germaniyaning harbiy tizimi yemirilayotgan edi. Oʻz missiyasi amalga oshmasligini tushungan Nazar Italiyani tark etib, Germaniyaga qaytishga qaror qildi.

Nazar urushning soʻnggi kunlarida, ittifoqchi armiyalar gʻarbdan ham, sharqdan ham Uchinchi reyx chegaralariga tez yaqinlashayotgan bir paytda Germaniyaga qaytdi.

1945 yil may oyida Germaniya taslim boʻlganida, Nazar Bavariyadagi Rozenxaym shahrida edi. Shu davrda u Ermelinda Rot bilan tanishdi – u Bavariyadagi mashhur katolik sudyasining qizi boʻlib, otasi natsistlar davrida tanqidiy pozitsiyada boʻlgan va natsizmga qarshi chiqqan edi.

Roʻzi Nazar va Emilenda nikoh marosimida

Ular orasida ishqiy munosabatlar boshlanib, 1946 yil oxirida turmush qurishdi. Keyingi yilning avgust oyida ularning birinchi qizi Silviya tugʻildi. U keyinchalik mashhur siyosatshunos, jurnalist va yozuvchi Silviya Nazar boʻlib voyaga yetdi.

MRBdagi faoliyati

Urushdan keyingi yillarda AQSh Germaniyada asir olingan koʻplab olimlar va mutaxassislarni Vashingtonga joʻnatdi. Ularni AQSh uchun xizmat qildirishni maqsad etdi.

Roʻzi Nazar ham Amerika maxsus xizmatlari eʼtiboriga tushdi. 1951 yilda Markaziy razvedka boshqarmasi ofitseri va sobiq prezident Teodor Ruzveltning nabirasi Archibald Ruzvelt kichik Nazarni Amerika Qoʻshma Shtatlariga taklif qildi. Unga Markaziy Osiyo va sovet ittifoqi xalqlarini oʻrganishga qaratilgan yangi tadqiqot yoʻnalishida ish taklif etildi.

MRBdagi faoliyat davri

Bu faoliyat Nyu-Yorkdagi Kolumbiya universiteti qoshida amalga oshirilgan dasturlar bilan bogʻliq boʻlib, u yerda Amerika tadqiqot markazlari sovet jamiyati, milliy respublikalar va ehtimoliy antisovet harakatlarni oʻrganish bilan shugʻullanardi.

Nazar Nyu-Yorkka kelgach, jumladan, u “Amerika ovozi” xalqaro radiostansiyasining oʻzbek tilidagi eshittirishlarida ishtirok etgan. Bu radiostansiya “temir parda” ortidagi mamlakatlarga axborot yetkazish uchun tashkil etilgan edi. Sovet ittifoqi xalqlarining milliy tillaridagi dasturlar sovuq urush davrida Gʻarb axborot siyosatida muhim oʻrin tutgan.

Bir necha yildan soʻng, Nazar rasman Amerika Qoʻshma Shtatlarining Markaziy razvedka boshqarmasiga shtatdagi doimiy xodimi sifatida ishga kirdi va Vashingtonga koʻchib oʻtdi.

Uning koʻplab xorijiy tillarni bilishi, Markaziy Osiyodagi siyosiy vaziyatni chuqur tushunishi va muhojirlar muhitidagi aloqalari uni sovet ittifoqi boʻyicha qimmatli mutaxassisga aylantirdi.

Turkiyadagi yillar

1959 yil oxirlaridan boshlab Roʻzi Nazar Anqaradagi Amerika elchixonasida diplomatik niqob ostida, aslida MRB josusi sifatida ishlay boshladi. Oʻsha davrda Turkiya sovuq urush tizimida strategik jihatdan muhim oʻringa ega edi. Mamlakat sovet ittifoqi bilan chegaradosh boʻlib, 1952 yildan NATO aʼzosi edi. Bu esa uni sovet blokiga qarshi kurashda AQShning janubiy qanotdagi asosiy ittifoqchilaridan biriga aylantirgan.

Turkiya Amerika razvedkasiga SSSR, Kavkaz, Markaziy Osiyo va Yaqin Sharqdagi vaziyatni kuzatish uchun muhim maydon boʻlgan. Tillarni yaxshi bilgan va mintaqadagi siyosiy vaziyatni chuqur tushungan Nazar Amerika tuzilmalari bilan turk siyosiy va harbiy doiralari oʻrtasida foydali bogʻlovchiga aylandi.

Shu davrda Nazar Turkiya razvedka xizmati – Milliy Istixborot Tashkiloti(MIT)ni modernizatsiya qilishga ham hissa qoʻshgani aytiladi. Oʻsha yillarda turk razvedkasi koʻp jihatdan Amerika xizmatlarining yordami va maslahatlariga muhtoj boʻlib, uning mustaqilligi va operativ imkoniyatlarini oshirish asosiy vazifalardan biri edi.

Turkiyada 10 yildan ortiq ishlaganidan soʻng, Nazar 1971 yilda Anqarani tark etdi. Keyinchalik u AQSh tashqi siyosati va razvedkasi bilan bogʻliq tuzilmalarda faoliyatini davom ettirib, Vashington va oʻsha paytdagi Gʻarbiy Germaniya poytaxti Bonnda ishladi.

Bu davrda u mashhur amerikalik siyosatshunos va strateg Zbignev Bjezinskiy bilan hamkorlik qildi. Keyinchalik Bjezinskiy AQSh prezidentining milliy xavfsizlik boʻyicha maslahatchisiga aylanadi. Ularning faoliyati sovet tizimini tahlil qilish va gʻarb kapitalistik demokratiyasi hamda sovet kommunizmi oʻrtasidagi ideologik qarama-qarshilikni oʻrganish bilan bogʻliq edi. Bu aloqalari orqali Roʻzi Nazar AQSh prezidentlarining qarorlariga ham taʼsir qila oladigan maslahat va tavsiyalar berdi.

Erondagi operatsiyalar

1970-yillar oxirida Roʻzi Nazar Amerika razvedkasi bilan bogʻliq tuzilmalarda ishlashda davom etdi va Yaqin Sharq hamda Markaziy Osiyodagi sovuq urush operatsiyalarida ishtirok etdi.

Bu davrdagi eng dramatik voqealardan biri uning Erondagi garov inqirozi paytidagi faoliyati boʻldi. 1979 yil noyabrida Eronda AQShning Tehrondagi elchixonasi bosib olindi. Yaqinda hokimiyatga kelgan Oyatulloh Ruhulloh Xumayniy rejimi tarafdorlari boʻlgan radikal talabalar guruhi diplomatik vakolatxonani egallab, 66 nafar xodimni garovga oldi.

Bu inqiroz 1970-yillar oxiridagi eng jiddiy xalqaro mojarolardan biriga aylanib, 400 kundan ortiq davom etdi. Eron ichidagi vaziyat haqida ishonchli maʼlumotlar deyarli yoʻq sharoitda Amerika maxsus xizmatlari garovdagilarning ahvoli va ularni ozod qilish imkoniyatlari haqida axborot toʻplashga harakat qildi.

Shu doirada Nazar niqob ostida Eronga yuborildi. Ayrim manbalarga koʻra, u oʻzini nemis-afgʻon gilam savdogari sifatida tanishtirgan. Bu “afsona” unga Eron ichida erkin harakatlanish va mahalliy savdo doiralari bilan muloqot qilish imkonini bergan.

Uning vazifasi AQSh elchixonasi atrofidagi vaziyat haqida maʼlumot toʻplash va diplomatlarni qutqarish imkoniyatlari bor-yoʻqligini baholash edi.

Bu davrda Nazar Amerika razvedkasining eng mashhur maxfiy operatsiyalaridan biri – MRBning “Argo” operatsiyasini tayyorlashda ham ishtirok etgan. Operatsiya elchixonadan chiqib ketishga muvaffaq boʻlgan va Kanada diplomatik vakolatxonasida panoh topgan olti nafar amerikalik diplomatni qutqarishga qaratilgan edi.

Rejaga koʻra, ularni oʻylab topilgan Hollivud ilmiy-fantastik filmining suratga olish guruhi aʼzolari sifatida koʻrsatib, Erondan maxfiy ravishda olib chiqish koʻzda tutilgan. (Bu operatsiya va film haqida Platina.uz’da chop etilgan maqolamizda oʻqing). Natijada operatsiya muvaffaqiyatli yakunlandi. Diplomatlar mamlakatni tark etib, xavfsiz tarzda Gʻarbga yetib borishdi. Keyinchalik bu voqea keng mashhurlikka ega boʻldi va “Argo” filmida ekranlashtirildi, biroq bu filmda Nazarning ishtiroki tilga olinmagan, afsuski.

“Argo operatsiyasi” filmi posteri

Afgʻoniston

1980-yillar boshida Nazar Afgʻonistondagi urush bilan bogʻliq voqealarga ham jalb etilgan. 1979 yil dekabrida sovet qoʻshinlari kiritilgandan soʻng, bu mamlakat sovuq urushning asosiy frontlaridan biriga aylandi.

AQSh sovet armiyasi va Moskva qoʻllab-quvvatlagan hukumatga qarshi qurolli kurash olib borgan afgʻon mujohidlarini qoʻllab-quvvatlay boshladi. Bu davrda Nazar Afgʻonistonga bir necha marta safar qildi. Uning vazifalaridan biri sovet armiyasida xizmat qilayotgan markaziy osiyoliklar bilan aloqa oʻrnatishga urinish edi.

Afgʻoniston mujohidlari

SSSRning parchalanishi

1980-yillar oxiriga kelib, sovet ittifoqi tez surʼatlarda oʻzgara boshladi. 1988 yil may oyida Reygan sovet ittifoqiga tarixiy rasmiy tashrif bilan bordi.

Bu tashrif Mixail Gorbachyovning yangi siyosati – oshkoralik va qayta qurish davri boshlanishiga toʻgʻri keldi. Bunday muhim tashriflardan oldin davlat rahbarlari odatda puxta tayyorgarlik koʻradi, tashrif buyuradigan mamlakat boʻyicha mutaxassislardan maʼlumot toʻplaydi. Tashrif maqsadlari belgilab olinadi, ikki tomon diplomatlari imzolanishi rejalashtirilgan kelishuvlar boʻyicha oldindan tayyorgarlik ishlarini olib boradi.

Roʻzi Nazar Amerika prezidentini sovet ittifoqidagi siyosiy vaziyat va millatlararo muammolar haqida xabardor qilish uchun Oq uyga taklif etildi. Shu yerda Pentagondan bir necha generallar chaqirilib, ular prezidentga harbiy vaziyat haqida maʼlumot berishdi. Keyin esa bu maʼlumotlarni baholash prezidentning vazifasi edi.

Qayta qurish siyosati va markaziy hokimiyatning zaiflashishi ittifoqdosh respublikalarda milliy ozodlik harakatlarining kuchayishiga olib keldi. Aynan shunday ssenariy haqida Roʻzi Nazar oʻnlab yillar oldin gapirgan edi – u milliy masala sovet davlatining kelajakda parchalanishiga olib kelishi mumkin boʻlgan asosiy omillardan biri ekanini taʼkidlagan. 1991 yilda uning bu bashorati koʻp jihatdan roʻyobga chiqdi. Moskvada avgust oyidagi toʻntarishga urinish – PUTCh muvaffaqiyatsiz tugagach, sovet ittifoqi batamom parchalanib ketdi va sobiq sovet respublikalari mustaqillikka erishdi.

Hayotining soʻnggi yillari

Orzular roʻyobga chiqqanda

1991 yil sentabrida Oʻzbekiston Oliy Kengashi mamlakat mustaqilligini eʼlon qildi. Bu Nazar uchun butun umri davomida kutib kelgan tarixiy lahza edi.

Yarim asrdan ortiq vaqtni xorijda oʻtkazgandan soʻng, Nazar nihoyat vataniga qaytish imkoniga ega boʻldi. 1992 yil may oyida u 50 yillik tanaffusdan soʻng ilk bor Oʻzbekistonga tashrif buyurdi. Oʻzbekistonda Nazar davlat darajasida qabul qilindi. Uni mamlakat prezidenti Islom Karimov va hukumat vakillari kutib olishdi. Koʻplab odamlar uchun u oʻnlab yillar davomida sovet tizimiga qarshi chiqqan va Markaziy Osiyo xalqlari mustaqilligi gʻoyasini qoʻllab-quvvatlagan siyosiy muhojirlar avlodining ramzi edi. Toshkentda oʻtkazgan 4 kuni davomida Roʻzi Nazar koʻplab insonlar bilan uchrashdi. Toshkent davlat televideniyesi u haqda yarim soatlik hujjatli film ham tayyorladi.

Bahslar sabab taqdir

Roʻzi Nazar 2015 yil 30 aprelda Turkiyada 98 yoshida vafot etdi. Nazarning doʻsti, Turkiya milliy razvedka tashkilotida agent boʻlib ishlagan Enver Altayli u haqida kitob yozdi.

Roʻzi Nazarning oxirgi suratlaridan biri

Taʼkidlash joizki, milliy masala sovet davlatidagi eng murakkab muammolardan biri boʻlgan, xuddi podsholik davridagi kabi. Lenin bu masalani koʻplab maqolalarida muhokama qilgan. Stalin ham jiddiy eʼtibor qaratgan. Inqilobdan oldin Lenin va uning hamfikrlari podsholik Rossiyasini dunyodagi eng katta “xalqlar qamoqxonasi” deb tanqid qilib, rus boʻlmagan xalqlarga mustaqillik vaʼda qilgan edi.

Biroq inqilobdan soʻng sovet ittifoqida yashovchi bu xalqlar aldanganini tushunib yetdilar va shu sababli Ikkinchi jahon urushida ayrimlari nemislar tomonida urushga kirdi. Ular natsistlar sovet ittifoqini yoʻq qilib, oʻz milliy davlatlarini barpo etishlariga yordam beradi, degan umidda edilar.

Ammo nemislar Sharqiy Yevropada hududlarni egallay boshlab, hatto Moskvaga yaqinlashganida, natija umuman bunday boʻlmasligi aniqlashdi, deb yozadi muallif. Altayli Nazarni turkiy dunyoning buyuk vatanparvari va Turkistonning aziz oʻgʻli deb atagan.

Roʻzi Nazardan oʻgʻli Erkin va qizi Silviya qolgan. Ayni paytda 78 yoshga toʻlgan Silviya Kolumbiya universiteti biznes-jurnalistika professoridir.

Roʻzi Nazarning qizi Silviya Nazar

Yana bir gap. Koʻpchilik mashhur matematik daho Jon Neshni yaxshi biladi. U haqida “Tafakkur oʻyinlari” filmi suratga olingan. Qizigʻi shundaki, aynan Roʻzi Nazarning qizi Silviya 1998 yilda nashr etilgan, Nobel mukofoti sovrindori va matematik geniy Jon Nesh hayoti haqidagi “Goʻzal tafakkur” nomli biografik kitob muallifidir.

Silviya Nazar kitobi

“Aynan shu kitob mashhur “Tafakkur oʻyinlari” filmi ssenariysiga asos boʻlgan, bosh rolni esa Rassel Krou ijro etgan.

“Tafakkur oʻyinlari” filmi posteri

Endi Roʻzi Nazar nega butun umri davomida sovet tizimiga qarshi chiqqanini tushunib yetgan boʻlsangiz kerak. U repressiyalarni, oʻz akasi qatl etilganini, ziyolilarning taʼqib qilinishi va uni vatanidan ajratib qoʻygan oʻnlab yillik muhojirlikni oʻz koʻzi bilan koʻrgan.

Shuningdek, nega bugungi Rossiyada uning nomi haligacha keskin munosabat uygʻotishi ham tushunarli. Moskva uchun u oʻnlab yillar davomida sovet tizimiga qarshi ishlagan va milliy harakatlarni qoʻllab-quvvatlagan shaxslardan biri edi. Bu harakatlar esa oxir-oqibat sovet ittifoqi parchalanishida oʻz rolini oʻynagan.

Garchi Rossiya propagandasi Roʻzi Nazarni xiyonatkor va ideologik raqib deb baholasa-da, Gʻarb tahlilchilari uni sovuq urush davridagi qarama-qarshilikda eng samarali shaxslardan biri sifatida baholaydilar.

Abulfayz Sayidasqarov

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid