Markaziy bankning yangi talabi xufiyona iqtisodiyotga yoʻl ochishi mumkin
Regulyator hozircha texnik takomillashuv deb ishontirmoqda. Biroq amaliyotda mutlaqo teskari reaksiya kutilishi ham mumkin. Shu kutilmalar va jahon tajribasi haqida Platina.uz tahlilida oʻqing.

Oʻzbekistonda kartadan-kartaga (P2P – peer-to-peer – “mijozdan-mijozga”) pul oʻtkazmalarida “oʻtkazma maqsadini koʻrsatish” funksiyasini joriy etish tashabbusi keng muhokamaga sabab boʻlmoqda. Markaziy bank buni raqamli moliya rivojlanishining tabiiy bosqichi sifatida izohlayapti. Biroq jamoatchilik va ayrim iqtisodchilar bu qaror ortida soliqqa tortish va nazoratni kuchaytirish boʻyicha maqsadlar ham boʻlishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Nega aynan hozir bunday tartibni joriy etishga ehtiyoj tugʻildi? Markaziy bank mutasaddilarining izohlashicha, raqamli iqtisodiyot rivojlanayotgani sari raqamli operatsiyalar hajmi ortib bormoqda. Tizim ham shunga mos ravishda takomillashib boradi. Koʻproq operatsiya – koʻproq maʼlumot degani. Tizim esa toʻgʻri va aniq ishlashi uchun maʼlumot tartibli boʻlishi kerak.
Bahsga sabab yangilik
Maʼlumotlarga koʻra, Markaziy bank tijorat banklari va toʻlov tashkilotlariga endilikda mobil ilovalar orqali oʻtkazmalar amalga oshirilganda "oʻtkazma maqsadini koʻrsatish" boʻyicha koʻrsatma joʻnatgan.
Endi foydalanuvchi oʻtkazmani amalga oshirganida majburiy ravishda oʻtkazma maqsadini tanlashi kerak boʻladi. Markaziy bank bu koʻrsatma amalga oshirilmasa, tegishli chora koʻrishi haqida ogohlantirgan.
Albatta, mutasaddi moliyaviy idoralar aholidan soliqlar yigʻishni takomillashtirish, soliqlar tushumini oshirish va barcha moliyaviy harakatlarni nazoratga olishga harakat qiladi. Shuningdek, pul yuvish va jinoyatchilikni moliyalashtirishga qarshi kurash ham shuni taqozo etadi.
Shu boisdan boʻlsa kerak, 2020 yilda DSQ mijozlarning R2R oʻtkazmalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni olishga harakat qilgan, biroq uddasidan chiqmagan edi. Keyinroq, 2022 yilda DSQ raisi oʻrinbosari kelajakda R2R koʻrinishdagi yashirin iqtisodiyot holatlarini ham koʻrib chiqish rejalari borligini maʼlum qilgan edi. Mutaxassislarning aytishicha, Markaziy bankning yangi tartibni oʻrnatishga kirishgani mazkur tayyorgarlikning oqibati deyish mumkin.
Rasmiy pozitsiya: texnik takomillashuv va maʼlumotlarni tizimlashtirish
Markaziy bankning matbuot xizmati bergan izohlarga koʻra, yangi tartib raqamli operatsiyalar hajmi keskin oshgan sharoitda tranzaksiyalarni toʻgʻri tasniflash zarur.
Bu jarayon pul oʻtkazish operatsiyalarini aniq klassifikatsiya qilish, texnik xatolarni kamaytirish, tezkor qayta ishlashni taʼminlash, kelgusida servislarni personalizatsiya qilish uchun xizmat qiladi.
Haqiqatan ham xalqaro amaliyotda toʻlov izohi yoki kategoriya tanlash keng tarqalgan. Fintex ilovalar byudjet tahlili, xarajatlarni avtomatik guruhlash, kredit skoringi kabi yoʻnalishlarda ushbu maʼlumotlardan foydalanadi. Demak, texnik nuqtai nazardan bunday funksiya raqamli ekotizim mantigʻiga zid emas. Biroq...
Xalqaro tajriba
Markaziy bank bergan izohga koʻra, koʻplab xalqaro bank ilovalarida toʻlov maqsadi, izoh yoki kategoriya tanlash kabi funksiyalar mavjud. Bu raqamli moliyada oddiy amaliyot. Hattoki suniy intellekt orkali oʻz byudjeti, kredit intizomlari va hammasini kuzatib oʻzi boshkarishi uchun fintex rivojlanyapti.
Toʻgʻri, dunyo boʻylab banklar pul yuvish (AML – Anti Money Laundering) va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurash (CFT – Countering the Financing of Terrorism) boʻyicha xalqaro standartlarga rioya qiladi. Ular mijozni identifikatsiya qilish (KYC – Know Your Customer – “Mijozingni tanib ol”) operatsiyalarini monitoring qilish, shubhali tranzaksiyalarni aniqlash (SAR – Suspicious Activity Reports), moliyaviy razvedkaga hisobot yuborish (STR – Suspicious Transaction Report) kabilarni oʻz ichiga oladi.
Biroq xalqaro standartlar har bir jismoniy shaxs oʻrtasidagi P2P oʻtkazma uchun majburiy ravishda “oʻtkazma maqsadini” (purpose codes) koʻrsatishni talab qilmaydi! Toʻlov maqsadi kodlari (purpose codes) asosan xalqaro oʻtkazmalarda (SWIFT), valyuta operatsiyalarida, korporativ hisob-kitoblarda qoʻllaniladi.
Masalan, Hindistonda transchegaraviy oʻtkazmalarda toʻlov maqsadi kodi majburiy hisoblanadi. Ammo mamlakat ichidagi oddiy maishiy P2P oʻtkazmalar uchun, odatda, bunday talab qoʻyilmaydi.
Yevropa Ittifoqida (PSD2 – “Payment Services Directive 2”) doirasida har bir P2P oʻtkazma uchun maqsadni koʻrsatish majburiy emas.
Bunda nazorat moliyaviy monitoring, toʻlov provayderlarining hisobotlari (masalan, transchegaraviy operatsiyalar uchun CESOP), riskka asoslangan tahlil orqali amalga oshiriladi.
Rossiyada ham P2P oʻtkazmalarda maqsadni majburiy koʻrsatish talab etilmaydi. Bank ilovalarida toʻlov maqsadi uchun “Izoh” maydonini toʻldirish ixtiyoriy, turlari ham qatʼiy koʻrsatilmagan.
Banklar mijoz faoliyati, operatsiyalar chastotasi va xususiyatini tahlil qiladi. Soliqqa tortish – faqat oʻtkazma “daromad” hisoblangan taqdirdagina yuzaga keladi.
Rossiyada Purpose codes faqat xalqaro va valyuta operatsiyalarida qoʻllaniladi. Yaʼni har bir operatsiyani majburiy toifalash oʻrniga algoritmik va riskka asoslangan tahlilga tayaniladi.
Qozogʻistonda ham vaziyat Rossiyaga oʻxshash: P2P uchun majburiy maqsadni koʻrsatish talab etilmaydi. Nazorat riskka asoslangan moliyaviy monitoring orqali amalga oshiriladi. Soliq oqibatlari faqat real daromad mavjud boʻlganda yuzaga keladi. Purpose codes xalqaro va korporativ operatsiyalarda qoʻllaniladi.
Xulosa qilib aytganda, jahon moliyaviy amaliyotida purpose codes asosan xalqaro va banklararo oʻtkazmalarda standart hisoblanadi. Jismoniy shaxslar oʻrtasidagi maishiy P2P oʻtkazmalar uchun majburiy toifalash juda kam uchraydi, deyarli yoʻq deyish mumkin. Milliy doiradagi pul oʻtkazmalarida maqsadni koʻrsatish talab etilmaydi. Asosiy nazorat mexanizmi – moliyaviy monitoring va risk tahlili orqali amalga oshiriladi, foydalanuvchi tanlagan “maqsad” orqali emas!
Oʻzbekistonning oʻziga xos jihati
Oʻzbekistonda P2P oʻtkazmalarda maqsadni tanlash majburiy funksiya sifatida joriy etilmoqda. Toʻgʻri, bunday chora operatsiyalarni tahlil qilish va maʼlumotlarni tuzilmaviylashtirishni yaxshilashi mumkin. Biroq jamoatchilikda soliq yoki iqtisodiy nazorat kuchayishiga doir xavotirlarni ham keltirib chiqarmoqda.
Qolaversa, oʻzbekistonlik iqtisodchi Yuliy Yusupovning fikriga koʻra, bu yangi tartib orqali kartaga koʻp miqdorda pul tushadigan shaxslarga nisbatan moliyaviy daʼvolar bildirish mexanizmi shakllanishi mumkin. Agar shunday boʻlsa, aholi orasida teskari reaksiya yuzaga kelishi, yaʼni odamlar yana naqd pul aylanmasiga qaytish ehtimoli bor.
Maʼlumot – nazoratmi yoki resursmi?
Bu yerda maʼlumotdan qanday foydalanilishi diqqatga sazovor. Regulyatorning ishontirishcha, bank ilovasi orqali pul oʻtkazish jarayonida foydalanuvchi kiritgan maʼlumotlar mobil ilovaning ishlash doirasida qayta ishlanadi va uchinchi shaxslarga taqdim etilmaydi.
Shu bois, agar maʼlumot – servis sifati uchun resurs boʻlsa, banklar mijoz xulqini yaxshiroq tahlil qiladi, kredit skoring aniqlashadi, shaxsiy moliya boshqaruvi yaxshilanadi hamda raqamli iqtisodiyot shaffoflashadi. Bu holatda chora iqtisodiy oʻsishni ragʻbatlantirishi mumkin.
Lekin ushbu maʼlumot – fiskal nazorat vositasiga aylansa, fuqarolarda xavotir ortishi, “koʻp maʼlumot – katta nazorat” degan psixologik reaksiya yuzaga kelishi, foydalanuvchilar yana naqd pulga qaytishi, tranzaksiyalarni parchalash (pul summasini boʻlib yuborish) kabi aylanma mexanizmlar paydo boʻlishi mumkin. Natijada yana aholi qoʻlida naqd pul hajmi orta boshlaydi, bank orqali pul aylanmasi pasayadi, demakki, nazorat ham qiyinlashadi va xufiyona iqtisodiyot koʻlami ortadi. Iqtisodiy nazariyada bunday holat “regulyativ arbitraj” deb ataladi – ishtirokchilar qoidalardan qochish yoʻllarini izlab topishga urinadi.
Umid qilamizki, Markaziy bank ishontirganidek, bu nazorat mexanizmi emas, operatsiyalarni aniq va tizimli qayta ishlashga qaratilgan texnik yechim boʻladi.
Naqd pulga qaytish xavfi qanchalik real?
Sir emas, Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda naqdsiz toʻlovlar ulushi tez oʻsdi. Bu bank infratuzilmasi, QR toʻlovlar, marketpleyslar rivoji bilan bogʻliq. Biroq ishonch omili hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Agar aholi yangi funksiyani soliq bosimiga tayyorgarlik deb qabul qilsa, P2P oʻtkazmalar hajmi keskin qisqarishi, kichik biznesning yana “qoʻldan-qoʻlga” sxemalarga qaytishi, moliyaviy inklyuziya surʼatlarining sekinlashishi mumkin. Bu esa raqamli iqtisodiyot strategiyasiga zid natija berishi aniq.
Regulyator uchun asosiy muammo – ishonch
Markaziy bank rasmiylari maʼlumotlar uchinchi shaxslarga berilmasligini taʼkidlamoqda. Biroq iqtisodiyotda ishonch faqat bayonot bilan emas, institutsional kafolatlar bilan mustahkamlanadi.
Masalan, maʼlumotlardan foydalanish boʻyicha ochiq reglament, soliq organlari bilan almashinuv chegaralari, ommaviy hisobotdorlik, mustaqil audit mexanizmi shular jumlasidandir. Shu kabi choralar joriy etilmasa, har qanday texnik yangilik “nazorat kuchaymoqda” degan xavotirni kuchaytirishi tabiiy.
Iqtisodiy natija esa funksiyaning oʻziga emas, balki uning qanday qoʻllanilishiga bogʻliq. Agar bu tashabbus shaffoflik, servis sifati va moliyaviy inklyuziyani kuchaytirishga xizmat qilsa, ijobiy samara beradi. Agar u yashirin nazorat mexanizmi sifatida qabul qilinsa, bozor unga moslashib, qoidalarni aylanib oʻtish yoʻllarini topadi. Zero, raqamli iqtisodiyotda eng qimmat aktiv – bu avvalo maʼlumot emas, balki ishonchdir...
Abulfayz Sayidasqarov
