Ali Xomanaiyning oʻgʻli Eronga yangi rahbar boʻldi – OAV
56 yoshli Mojtaba otasining imperiyasi soyasida faoliyat yuritgan, taʼsir doirasi katta, ammo omma koʻzidan yiroq shaxs hisoblanadi.

Ali Xomanaiyning 56 yoshli oʻgʻli Mojtaba Xomanaiy Eron oliy rahbari lavozimiga asosiy nomzod boʻldi. Bu haqda The New York Times va bir qator Gʻarb nashrlari xabar bermoqda.
Londondagi Iran International telekanali 3 mart oqshomida Ekspertlar kengashi Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi (IIQK) bosimi ostida Mojtaba Xomanaiyni mamlakatning yangi oliy rahbari etib saylaganini xabar qildi. Germaniyaning Deutsche Welle nashri ham shunday xabar bergan, ammo hozircha rasman tasdiqlanmagan.
The New York Times manbalari ham Mojtaba Xomanaiyning tanlanishini IIQK talab qilayotganini aytgan. Eron oliy rahbari lavozimiga boshqa daʼvogarlar sifatida Ekspertlar kengashi aʼzosi, oyatulloh Alirizo Arofiy hamda Islom respublikasi asoschisi oyatulloh Xomeyniyning nabirasi Hasan Xomeyniy koʻrsatilmoqda.
56 yoshli Mojtaba otasining imperiyasi soyasida faoliyat yuritgan, taʼsir doirasi katta, ammo omma koʻzidan yiroq shaxs hisoblanadi, deyilgan nashr xabarida.
Mamlakatni 1989 yildan buyon boshqarib kelgan Eron oliy rahbari Ali Xomanaiy 28 fevral kuni Isroil va AQSh zarbalari natijasida oʻldirilgandi. Hozirda mamlakatni uch kishidan iborat vaqtinchalik kengash boshqarmoqda.
