Yoshlarning startap loyihalari uchun 2 mlrd soʻm taqdim etiladi
Eng yaxshi loyihalarni taklif qilgan yoshlar ishtirokida Samarqand shahrida Xalqaro inklyuziv yoshlar oromgohini tashkil etiladi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi va Yoshlar ishlari agentligi “Fikringni ber (Voice Up)” inklyuziv oromgohini tashkil qilib, yoshlar tashabbusi asosida oʻndan ziyod loyihalarni amalga oshirdi.
Endilikda ushbu loyihani har bir hududda oʻtkazib, 1 ming nafar yoshlarni qamrab olish, eng yaxshi loyihalarni taklif qilgan yoshlar ishtirokida Samarqand shahrida Xalqaro inklyuziv yoshlar oromgohini tashkil qilish topshirildi.
“Oʻsish va rivojlanish (Upshift)” startap loyihasi kengaytirilib, bu yil media, dizayn, hunarmandchilik, ishlab chiqarish va innovatsiya yoʻnalishlarida ham tanlov oʻtkaziladi.
Yoshlarning eng yaxshi 40 ta startap loyihasini moliyalashtirish uchun 2 milliard soʻm ajratiladi.
Avval yoshlar tadbirkorligi uchun qoʻshimcha 200 million dollar ajratilishi maʼlum boʻlgandi.
