platina.uz
Siyosat

Prezident Ohangarondagi ikkita korxona faoliyati bilan tanishdi

Zamonaviy korxonada ishlab chiqariladigan mahsulotlar Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiziston, Mozambik, Kambodja kabi qator davlatlarga eksport qilinadi.

Prezident Ohangarondagi ikkita korxona faoliyati bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 13 fevral kuni Toshkent viloyatining Ohangaron tumaniga tashrif buyurib, yuqori kuchlanishli kabel mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Enco Group” korxonasi va “Vades Group” kompaniyasi faoliyati bilan tanishdi.

“Enco Group” korxonasi Belarusning “Energokomplekt” kompaniyasi bilan hamkorlikda “Eltech Industrial” texnoparki hududida 21 gektar maydonda barpo etilmoqda. Loyihaning umumiy qiymati qariyb 60 million dollarni tashkil etadi. Korxona toʻliq quvvatga chiqqanidan soʻng 600 ga yaqin yangi ish oʻrni yaratiladi.

Loyiha ikki bosqichda amalga oshirilmoqda. Korxona yiliga 25 ming tonna mahsulot ishlab chiqarishi, eksport salohiyati 300 million dollarni tashkil etishi kutilmoqda.

Ayni paytda qurilish ishlarining birinchi bosqichi 98 foizga yakunlangan, 10 million dollardan ortiq investitsiya oʻzlashtirilgan. Korxona mahsulotlarini Germaniya, Latviya, Estoniya, Bolgariya va MDH davlatlariga eksport qilish rejalashtirilgan boʻlib, dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, yillik eksport hajmi 140 million dollarga yetishi taxmin qilinmoqda.

Oʻtgan yili mamlakatimizga 400 million dollarga yaqin yuqori kuchlanishli kabel mahsulotlari va izolyatsiyalangan mis shinalar import qilingan. Korxona toʻliq ishga tushirilgandan keyin 150 million dollarlik import oʻrnini bosuvchi shunday mahsulot ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.

“Vades Group” korxonasida identifikatsiya uchun moʻljallangan mikroprotsessor modullari, sim-kartalar, shuningdek, transport, ijtimoiy va xalqaro toʻlov kartalarini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi.

Korxona raqamli davlat xizmatlarini joriy etish, fuqarolarning kundalik ehtiyojlari uchun qulay va xavfsiz toʻlov tizimlarini shakllantirishda zarur boʻlgan vositalarni ishlab chiqaradi.

Germaniyaning “Infineon technologies” kompaniyasi bilan hamkorlikda “Eltech Industrial” texnoparki hududida tashkil etilayotgan korxonaning umumiy qiymati 15 million dollarga teng.

Ayni vaqtda qurilish ishlarining ikkinchi bosqichi oʻn besh foizga bajarilib, 7 million dollar investitsiya oʻzlashtirilgan.

Hududi 4 gektar maydonni egallagan zamonaviy majmuada 100 ga yaqin yangi ish oʻrni yaratiladi, 6 million dollarlik eksport amalga oshiriladi.

Maʼlumot oʻrnida, 2025 yil davomida mamlakatimizga 35 million dollarlik mikroprotsessor modullari, sim-kartalar va turli toʻlov kartalari import qilingan.

Mazkur korxona toʻliq ishga tushishi hisobiga 5 million dollarlik import oʻrnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarilib, bozordagi tannarx uch-besh foizga pasayishi kutilyapti.

Zamonaviy korxonada ishlab chiqariladigan mahsulotlar Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiziston, Mozambik, Kambodja kabi qator davlatlarga eksport qilinadi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid