Markaziy Osiyo mintaqasining tolerant yetakchisi
Platina.uz qoʻshnilar bilan nizoli holatlarni bartaraf etishda Shavkat Mirziyoyevning taʼsirini tahlil qiladi.

Qirgʻizistonda Prezident Sadir Japarovning 5 yillik rahbarlik faoliyatiga bagʻishlangan 4 qismli “Prezident” hujjatli filmi namoyish etildi. Filmning ikkinchi qismida Qirgʻiziston yetakchisi qirgʻiz-tojik chegarasidagi keskin vaziyat haqida gapirib, oʻzaro kelishuvga erishishda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning maslahati va murosayu madora yoʻlini taklif etgani ularga katta yordam berganini eslagan.
“Sammitlarda va uchrashuvlarda birinchi boʻlib Tojikiston rahbariga “keling, oʻtirib chegara masalasini gaplashib olaylik”, deb aytdim. Avvaliga u bunga rozi boʻlmadi. Ikkinchi bor uchrashganimizda esa Tojikiston tomoni chegara masalasini muhokama qilishga rozilik bildirdi. Shu oʻrinda alohida taʼkidlashim kerakki, bunda Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning oʻrni juda katta boʻldi. U kishi “muammolarni hozir, shu yerning oʻzida hal qilishingiz kerak, keyin imkon boʻlmasligi mumkin. Yon berishga borish zarur”, deb maslahat berdi. Shundan soʻng ikki rahbar bir stol atrofida oʻtirib, chegara muammosini hal qildik”, deydi Sadir Japarov.
Filmda, shuningdek, Qirgʻiziston tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev ham bu muammoning hal qilinishida Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari va harakatlari katta ahamiyatga ega boʻlganini gapirgan.
Qirgʻiziston yetakchisi hamda bosh diplomatining bunday eʼtiroflari kuchli asoslarga ega. Zero, Shavkat Mirziyeyov Oʻzbekiston hukumati tepasiga kelgach, mamlakat tashqi siyosatida tub burilishlar yuz berdi. Oʻzbekiston yetakchisi butun Markaziy Osiyo muammolariga ham eʼtibor qaratdi va ularni hal qilishga katta hissa qoʻshdi. Mintaqada integratsion jarayonlar boshlanishi uchun qulay sharoit yaratilishida muhim rol oʻynadi.
Mojaroning tarixiy ildizlari
Markaziy Osiyo – oʻziga xos qarama-qarshiliklarga boy, tarixi, etnik va geografik murakkabligi, shuningdek, resurslar va infratuzilma bilan bogʻliq muammolari oʻzaro chambarchas bogʻlangan mintaqadir. Mustaqillikka erishganidan soʻng oʻtgan oʻn yilliklar davomida mintaqa davlatlari oʻrtasidagi munosabatlar turli bosqichlarni boshdan kechirdi, integratsiya jarayonlari esa bir qator jiddiy toʻsiqlarga duch keldi. Bu, ayniqsa, Qirgʻiziston va Tojikiston oʻrtasidagi davlat chegarasida yaqqol namoyon boʻldi – u mintaqadagi eng murakkab va nizoli hududlardan biri hisoblanadi.
Yaqin-yaqingacha Qirgʻiziston va Tojikiston oʻrtasidagi umumiy uzunligi 984 kilometrga teng davlat chegarasining kattagina qismi demarkatsiya qilinmagan edi. Bu ikki davlatning chegara hududlarida istiqomat qiluvchi aholi uchun suv, yaylovlar va yoʻllardan foydalanish masalasida turli muammolarni keltirib chiqargan.
Maʼlumki, 1991 yilda sovet ittifoqi parchalanganidan soʻng Markaziy Osiyo davlatlari mustaqillikka erishdi. Biroq sovet davrida belgilangan maʼmuriy chegaralar koʻp hollarda anʼanaviy xoʻjalik aloqalari, suvdan foydalanish tizimlari va etnik tarkibni toʻliq hisobga olmagan edi. Ayniqsa, chegara chiziqlari anʼanaviy yaylovlar, sugʻorish inshootlari va transport yoʻllarini kesib oʻtgan hududlarda murakkab vaziyat shakllandi.
Aslini olganda, chegara masalalari boʻyicha kelishmovchiliklar sovet davridayoq boshlangan edi. Xususan, 1974, 1982 va 1989 yillarda Vorux atrofida joylashgan qirgʻiz va tojik qishloqlari aholisi oʻrtasida mojarolar sodir boʻlgan. Oʻshanda ham tushunmovchiliklar asosan yer va suv resurslari bilan bogʻliq masalalar tufayli yuzaga kelgan.
Yangi davr – yangi toʻqnashuvlar
Soʻnggi yillarda ikki davlat oʻrtasidagi chegara hududlarida bir necha bor qurolli toʻqnashuvlar yuz berib, ular ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarni keskinlashtirib yubordi.
Jumladan, 2021 yil aprel-may oylarida chegara hududlarida katta hamda davomli mojaro yuz berdi. Natijada ogʻir harbiy texnika qoʻllanilgan jiddiy toʻqnashuvlar, oʻnlab insonlarning halok boʻlishi, vayronagarchiliklar hamda 58 ming nafar aholining evakuatsiya qilinishi kuzatildi. Evakuatsiya qilinganlarning aksariyati Qirgʻizistonning Botken viloyati aholisi boʻlgan.
Ikki mamlakat oʻrtasidagi chegaraboʻyi mojarosi bahsli hududda joylashgan Oqsuv daryosidagi “Golovnoy” suv olish inshooti atrofida boshlangan. U yerda tojik chegarachilari suv taqsimotini nazorat qilish maqsadida videokameralar oʻrnatayotgan paytda, qirgʻiz mahalliy aholisi bunga qarshilik koʻrsatgan.
Aslida Qirgʻizistonning Botken tumanidagi Kok-Tosh qishlogʻida joylashgan “Golovnoy” suv olish inshootidan ham qirgʻizlar, ham tojiklar foydalanadi. Ushbu inshoot tojik anklavi – taxminan 35 ming nafar Tojikiston fuqarosi istiqomat qiladigan Vorux hududiga ham yaqin joylashgan.
Qirgʻiziston hokimiyati maʼlum qilishicha, Tojikiston bilan chegarada yuz bergan mojaro paytida ushbu mamlakat fuqarolari orasida jabrlanganlar soni 173 nafardan oshgan va ularning 34 nafari halok boʻlgan. Tojikiston tomoni esa 12 kishi halok boʻlganini maʼlum qilgan. Shu tariqa, rasmiy maʼlumoarga koʻra, ikki davlat oʻrtasidagi bahsli chegara uchastkasidan kelib chiqqan qarama-qarshilik qurbonlarining umumiy soni 46 nafarni tashkil etgan. Mojaroni toʻxtatish maqsadida ikki mamlakat prezidentlari yana bir bor telefon orqali muloqot oʻtkazgan.
2022 yil sentabrida esa qirgʻiz-tojik chegarasida yana bir yirik mojaro sodir boʻldi. 14 sentabr kuni Samarqand shahrida boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti arafasida boshlangan Qirgʻiziston va Tojikiston harbiy xizmatchilari oʻrtasidagi toʻqnashuvlar 19 sentabrga qadar davom etdi.
Qirgʻiziston rasmiylarining maʼlumotlariga koʻra, mazkur mojaro davomida qirgʻiz tomonidan 63 nafar inson halok boʻlgan, taxminan 140 ming nafar aholi evakuatsiya qilingan. Tojikiston tashqi ishlar vazirligi maʼlumotlariga koʻra, tojik tomonidan 83 nafar inson halok boʻlgan. Qirgʻiziston hokimiyati, shuningdek, janglar vaqtida 200 nafardan ortiq tojik harbiy xizmatchisi halok boʻlgani va 400 nafarga yaqini yaralanganini maʼlum qilgan. Tojikiston hokimiyati maʼlumotlariga koʻra esa soʻnggi 12 yil ichida tojik-qirgʻiz chegarasida qurol qoʻllanilgan 230 tadan ortiq hodisa qayd etilgan.
Ushbu mojarolarning oqibatlari juda ogʻir boʻldi: koʻplab insonlar halok boʻldi va yaralandi, ular orasida bolalar ham bor. Aholining ommaviy evakuatsiya qilinishi, uy-joylar, infratuzilma va chorva mollarining yoʻq qilinishi kuzatildi. Ikki davlat uchun, ayniqsa eng kam taʼminlangan hududlar uchun, jiddiy iqtisodiy yoʻqotishlar yuzaga keldi.
Nihoyat oʻt ochishni toʻxtatish toʻgʻrisida kelishuvga erishilgan va prezidentlar oʻrtasida tegishli sulhlar tuzilgan. Shu tariqa, 2022 yil 20 sentabrda tomonlar tinchlik kelishuvini imzoladi. 2025 yil fevralida esa ikki mamlakat maxsus xizmatlari rahbarlari chegarani delimitatsiya qilish boʻyicha kelishuvni imzoladilar, bu esa keskinlikning maʼlum darajada pasayishiga olib keldi.
Yangi siyosiy muhit: Shavkat Mirziyoyev va mintaqaviy munosabatlarda burilish
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hokimiyat tepasiga kelishi bilan Markaziy Osiyoda mutlaqo yangi siyosiy muhit shakllana boshladi. Toshkent mintaqadagi qoʻshnilar bilan ochiq, pragmatik va ishonchga asoslangan munosabatlarni ustuvor vazifa sifatida belgiladi.
Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining muntazam maslahat uchrashuvlari yoʻlga qoʻyildi. Bu uchrashuvlar mintaqada ilgari kuzatilmagan darajadagi ochiq muloqot maydoniga aylandi. Ushbu format davlatlar oʻrtasidagi oʻzaro ishonchni mustahkamlash, mavjud muammolarni ochiq muhokama qilish va oʻzaro manfaatli qarorlar qabul qilishga xizmat etmoqda.
Tinchlik oʻrnatish va chegara masalalarida vositachilik
Qirgʻiziston va Tojikiston oʻrtasida yuz bergan mojarolar davrida Shavkat Mirziyoyev har ikki davlat rahbarlari bilan telefon orqali va keyinchalik yuzma-yuz muloqotlar oʻtkazdi.
Masalan, 2021 yil 20 aprel kuni Shavkat Mirziyoyev va Sadir Japarovning telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi. Suhbatda prezidentlar Qirgʻiziston-Tojikiston chegarasida yuzaga kelgan vaziyatni va uni tez fursatda hal qilishni muhokama etdi. Qirgʻiziston va Tojikiston tomonlari vaziyatni barqarorlashtirish va uning yanada keskinlashishiga yoʻl qoʻymaslikka qaratilgan kelishuvlarga erishgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Yuzaga kelayotgan barcha bahsli masalalar koʻp asrlik doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik, ishonch va sheriklik ruhidagi muloqot asosida hal qilinishi zarur ekani taʼkidlandi.
Umuman, Oʻzbekiston tomoni koʻp hollarda muzokaralar uchun neytral va ishonchli maydon vazifasini bajarib, qarama-qarshi tomonlarni muloqotga chorladi. Natijada chegara masalalari boʻyicha tarixiy kelishuvlarga erishildi, jumladan, Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekiston davlat chegaralarining tutash nuqtasi boʻyicha kelishuv imzolandi. Bunday ulkan natija koʻplab xalqaro tashkilotlar va davlat rahbarlari tomonidan ham alohida eʼtirof etildi. Jumladan, Rossiya prezidenti Vladimir Putin Shavkat Mirziyoyevga, Sadir Japarovga hamda Imomali Rahmonga Lev Tolstoy nomidagi Xalqaro tinchlik mukofotini topshirdi. Uch davlat rahbarlari Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga qoʻshgan katta shaxsiy hissalari uchun ushbu nufuzli mukofotga sazovor boʻlishdi.
Taqdir marosimida aytilganidek, 2025 yil 31 mart kuni uch davlat rahbarlari Xoʻjand shahrida davlat chegaralarining tutash nuqtasi toʻgʻrisidagi Shartnomani hamda Abadiy doʻstlik haqidagi Xoʻjand deklaratsiyasini imzolab, xalqaro huquq ustuvorligi asosida umumiy va teng xavfsizlikni taʼminlash, xalqlar oʻrtasida oʻzaro anglashuv va hamkorlikni mustahkamlashga salmoqli hissa qoʻshgan.
Iqtisodiy integratsiya va infratuzilmaviy loyihalar
Shavkat Mirziyoyev mintaqaviy integratsiyani faqat siyosiy muloqot bilan cheklab qoʻymasdan, uni iqtisodiy va infratuzilmaviy asoslar bilan mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratmoqda. Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston temir yoʻli, transafgʻon transport yoʻlaklari, savdo-logistika zanjirlarini rivojlantirish kabi loyihalar Markaziy Osiyoni yagona iqtisodiy makonga aylantirishga qaratilgan.
Oʻzaro savdo hajmining oshishi, investitsiya loyihalarining koʻpayishi va gumanitar aloqalarning faollashuvi davlatlar oʻrtasidagi ishonchni yanada mustahkamlamoqda.
Taʼkidlash lozim, Oʻzbekiston Prezidenti mintaqada taʼsirchan diplomatiya olib bormoqda. Bunday jarayonlarda davlat rahbarlari oʻrtasidagi muntazam va ochiq muloqot, xalqaro tashkilotlar doirasida muvofiqlashtirilgan pozitsiyalar, institutsional hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslar, iqtisodiy oʻzaro bogʻliqlikni kuchaytirish orqali siyosiy barqarorlikka erishish kabi jihatlar alohida oʻrin tutadi.
Xulosa: umumiy kelajak sari ishonch va hamjihatlik bilan
Bugun Markaziy Osiyo muhim tarixiy bosqichni boshdan kechirmoqda. Qirgʻiz-tojik chegarasidagi mojarolar kabi nizolar oʻtmish saboqlari sifatida qolmoqda. Ular mintaqada tinchlik va barqarorlikning qay darajada noyob neʼmat ekanini yana bir bor eslatdi.
Shavkat Mirziyoyev boshchiligida Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda ishonch, muloqot va hamkorlikka asoslangan yangi siyosiy madaniyatni shakllantirishga muhim hissa qoʻshmoqda. Bugun mintaqa davlatlari tobora yaqinlashib, umumiy manfaatlar yoʻlida harakat qilmoqda. Ana shu integratsiya jarayonlarida Oʻzbekiston va uning Prezidentining roli hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda. Shu bois haqli ravishda Shavkat Mirziyoyevni nafaqat Oʻzbekiston, balki butun mintaqa taqdirida tub birilishlar yasay olgan mintaqaviy yetakchi sifatida ham eʼtirof etish oʻrinli boʻladi. Qirgʻiziston rahbarlarining yuqorida zikr etilgan hujjatli filmdagi eʼtiroflari – bunafaqat minnatdorlik, balki mintaqaviy siyosatdagi real voqelikning tasdigʻi boʻldi.
Abulfayz Sayidacqarov