Ukraina transkaspiy konsorsiumiga zarbalar – Oʻzbekiston gaz taʼminotiga zarbami?
Bu voqealar Oʻzbekistonning energetika zanjiri Qozogʻiston hududidan tranzit xavfsizligiga bevosita bogʻliq ekanini yana bir bor isbotladi.

Har yili shu boʻlar takror... Hozirda Internetning oʻzbek segmentida bu jumlalar yana dolzarb. Har yili qish kirmasidan tabiiy gaz tanqisligi boshlanadi. Metan shoxobchalariga cheklov oʻrnatiladi. Xonadonlarda gaz oqimi toʻsatdan, ogohlantirilmasdan oʻchirilishi oqibatida is gazi yoki gaz portlashlaridan odamlar halok boʻlishi koʻpayadi.
Hattoki 2023 yilda roʻy bergan anomal sovuq va uning halokatli va sharmandali oqibatlari ham, bir qator amaldorlarning namoyishkorona ishdan boʻshatilishi ham, energetika sohasiga millardlab subsidiya va imtiyozlar berilishi ham, Rossiyadan gaz importi yil sayin koʻpaytirilishi ham vaziyatni oʻnglay olmayapti.
Masalan, soʻnggi yillarda energetika kompaniyasi gaz hajmini oshirish uchun milliardlab dollar kredit mablagʻlarini jalb qilgan, ammo bu saʼy-harakatlar kutilgan natijalarni bermagan. Shu bois, kelgusi yilda ishlab chiqarish loyihalari va geologik qidiruv ishlarini moliyalashtirish uchun yana $2 mlrd xorijiy kreditlar jalb etilishi rejalashtirilmoqda.
Energetika vaziri Joʻrabek Mirzamahmudov bu yil Fargʻona vodiysida bosim bilan bogʻliq muammolarni keltirib chiqardi. Bu haqda vazir Oliy majlis qonunchilik palatasidagi maʼruzasi davomida xabar berdi.
Vazir, jumladan, 11 dekabr kuni mamlakat energetika tizimida amalga oshirilgan ishlar haqida hisobot berib, qoʻshni davlatdagi infratuzilmadagi nosozlik sababli tabiiy gaz importi qisqartirilganini maʼlum qildi. Uning soʻzlariga koʻra, eksportyor mamlakat hududidagi texnologik nosozlik kunlik 6 mln kubometrlik defitsitga sabab boʻlgan. Ammo vazir bu nosozlik tafsilotlarini oshkor qilmagan. Shu bois avtomobil gaz toʻldirish kompressor stansiyalarida gaz berish yana cheklanishi eʼlon qilindi.
Xullas, bu yil ham amaldorlar ochiq tan oldi: gaz taʼminoti qiyinlashadi, elektr energiyasiga oʻtish rejalashtirmoqda. Yaʼni, isitishda gazdan toʻliq voz kechiladi va elektr boʻyicha imtiyozli tariflar joriy etiladi. Ammo elektr energiyasi taʼminoti ham oʻlda-joʻlda yotibdi: vazir magistral tarmoqlar qishga tayyor emasligini ochiq tan oldi. Bunga quyoshli kunlar kamligi bois quyosh energiyasi tarmoqlari yetarli tok ishlab chiqarmagani, quvvatlar noaniq rejalashtirilmagani bahona qilindi. Shu paytgacha ajratilgan milliardlab mablagʻ yetmaganidek, yanada koʻproq pul yoʻnaltirish kerakligi shamaʼ qilindi. Garchi xuddi shu amaldor oktabr oyi oxirida Oʻzbekiston elektr energiyasi ishlab chiqarish tizimi yetarli quvvatga egaligi, elektr tarmoqlari maʼnan eskirgan boʻlsa-da, kelayotgan qishda elektr taʼminotida cheklov va muammolar boʻlmasligi haqida tantanali “raport” bergan edi.
Kezi kelganda aytish joiz, hozirda elektr energiyasining 70 foizi gaz yoqib olinadi. Biroq, Energetika vazirligining maʼlumotlariga koʻra, gaz qazib olish hajmi yil sayin kamayib bormoqda.
Xususan, Statistika agentligining maʼlumotlariga koʻra, 2010 yildan 2023 yilgacha boʻlgan davrda gaz qazib olish 30 foizga, yaʼni 19,2 mlrd kubometrga kamaygan.
Joriy yilning yanvaridan noyabr oyiga qadar muddatda esa 40,7 mlrd kubometr gaz qazib olingan boʻlib, bu 2023 yilning shu davriga nisbatan 4,7% kamroqdir. Kelgusi yilda vaziyat yomonlashishi mumkin. Masalan, mamlakatning eng yirik gaz qazib oluvchi kompaniyasi “Oʻzbekneftegaz” 2025 yilda 26,5 mlrd kubometr gaz qazib olishni rejalashtirmoqda. Bu 2024 yil prognozidan 2,8 mlrd kubometrga, 2022 yil darajasidan esa 5,7 mlrd kubometrga kam koʻrsatkichdir.
Eksportchidan – importchilikka yoʻl
Eng alam qiladigan jihati – Oʻzbekiston tabiiy gazga boy davlat. Jahon gaz zaxiralarining 1 foizi Oʻzbekistonda joylashgan. Ranking.kz sayti maʼlumotlariga koʻra, 2024 yilda Oʻzbekiston tabiiy gaz ishlab chiqaruvchi 49 ta davlat orasida dunyoda 19-oʻrinni egallagan. Shu yilda mamlakatda 42,2 mlrd kubometr tabiiy gaz ishlab chiqarilgan, uning isteʼmoli esa 54,6 mlrd kubometrni tashkil etgan.
Sobiq SSSR davlatlari orasida Oʻzbekiston gaz qazib olish hajmi boʻyicha Rossiya va Turkmanistondan keyingi oʻrinda turadi.
Oʻzbekiston 5 yilcha avval gaz eksportchisi edi. Oʻzbek gazining asosiy xaridorlari anʼanaviy ravishda Rossiya, Xitoy va Qirgʻiziston boʻlgan. 2020 yilda Rossiyaga eksport toʻxtatildi, Xitoyga yetkazib berish esa sezilarli darajada qisqardi.
Taʼkidlash lozim, Oʻzbekiston gazi xorijga qanday narxda sotilgani hech qachon oshkor qilinmagan – bu “tijorat siri” sifatida qaralgan.
Joriy yilning ilk 11 oyida Oʻzbekiston gaz eksportidan 593 mln dollar daromad oldi, bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 16,5% koʻpdir. Gaz yetishmasligiga qaramasdan, eksport toʻliq toʻxtatilmagan. Bu Toshkent va Pekin oʻrtasidagi uzoq muddatli shartnoma bilan bogʻliq boʻlib, uning shartlari ham xalqdan sir tutiladi.
Oʻtgan yildan boshlab hokimiyat gaz yetishmovchiligini Turkmaniston va Rossiyadan import orqali qoplashni boshladi. 2023 yil avgust oyida Oʻzbekiston va Turkmaniston yiliga 2 mlrd kubometrgacha gaz yetkazib berish boʻyicha qisqa muddatli kelishuv imzolashdi. Oktabr oyida esa Rossiya gazining Qozogʻiston orqali Oʻzbekistonga yetkazib berilishi boshlandi.
Shunday qilib, koʻp yillik samarasiz iqtisodiy va energetik siyosat gazga boy mamlakatni importga bogʻliqlikka olib keldi.
2023 yilda Oʻzbekiston 695 mln dollar qiymatida gaz import qilgan boʻlsa, joriy yilning ilk 11 oyida bu koʻrsatkich 1,55 mlrd dollarni tashkil etdi, yaʼni oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 2,8 baravar koʻp.
Energetika vaziri Joʻrabek Mirzamahmudovning taʼkidlashicha, agar Ustyurt hududidagi qazilma ishlab chiqarish va geologik qidiruv ishlari kutilgan natijani bermasa, 2030 yilga qadar gaz importi 10-11 mlrd kubometrga yetishi mumkin.
Boshqa gaz kelishuvlari kabi, gaz import shartnomalarining sharti ham sir hisoblanadi. Lekin Rossiya OAV maʼlumotlariga koʻra, oʻtgan yilda Qozogʻiston orqali Rossiya gazi importi hajmi 1,22 mlrd kubometrni tashkil etgan va Oʻzbekiston uchun narxi 1000 kubometrga taxminan 160 dollar boʻlgan. Solishtirish uchun, Qirgʻiziston xarid narxini muntazam oshkor qiladi: rasmiy maʼlumotlarga koʻra, bu respublika Rossiya gazini 1000 kubometrga taxminan 112 dollardan xarid qiladi.
Eng muhimi, 2020-2022 yillarda Rossiyaga gaz eksporti toʻxtatildi. Ustuvorlik Xitoy bozoriga oʻtdi. Ammo ichki isteʼmol talabi oʻsib bordi, natijada gaz tanqisligi oshib boryapti. 2023-2025 yillarda esa Oʻzbekiston Rossiyadan (Qozogʻiston orqali) gaz import qila boshladi.
Avvaliga – 2023yilda Energetika vazirligi “Gazprom” bilan 2 yillik gaz kelishuvi imzolab, Rossiyadan kuniga 9 million kub metr, yaʼni yiliga 2,8 milliard kub metr gaz sotib olinishini maʼlum qildi. “Kommersant” nashri esa avvalroq asl hajm bundan ikki baravar koʻproq boʻlishi haqida ham yozgan.
Qolaversa, “Gazprom” va Oʻzbekiston energetika vazirligi gaz sanoati sohasida imzolangan “yoʻl xaritasi” Qozogʻiston va Oʻzbekiston hududidan oʻtuvchi “Markaziy Osiyo – Markaz” gaz quvuri orqali Rossiya gazining tranzitini koʻzda tutadi. Uch tomonlama gaz ittifoqi deb nomlangan ushbu loyiha 15 yilga tuzilgani aytiladi.
Asl sabab nimada?
2025 yil 29-30 noyabr kunlari Ukraina armiyasi dronlar bilan Novorossiyskdagi Kaspiy truboprovod konsorsiumi (KTK) obʼektlariga zarba berdi, infratuzilma vayron boʻldi – neftnitankerlarga yuklaydigan uchta tashqi moslamadan biri ishdan chiqdi. Natijada neft xomashyosini yuklash vaqtincha toʻxtatildi. Maʼlumot uchun, mazkur konsorsium orqali Qozogʻiston neftining 80 foizdan ortigʻi asosan Yevropaga eksport qilinadi.
Qozogʻiston norozilik bildirdi, Ukrainaga qarshi ogohlantiruvchi bayonot berdi va neftni Xitoyga yoʻnaltirishni boshladi.
Xususan, dekabr oyida Qozogʻiston Kashagandan olingan 50 000 tonna neftni Atasu – KTK orqali emas, Alashankou yoʻli orqali Xitoyga joʻnatdi, Ukraina birinchi marta Kaspiy dengizidagi Filanovskiy nomli Rossiya neft platformasini yopdi, 20dan ortiq quduqdan neft va gaz chiqarilishi toʻxtatildi.
Bu voqealar Oʻzbekistonning energetika zanjiri Qozogʻiston hududidan tranzit xavfsizligiga bevosita bogʻliq ekanini yana bir bor isbotladi. KTK yoki Novorossiyskdagi obʼektlarga har qanday zarar gaz taʼminotining barqarorligini buzishi mumkinligi oshkor boʻldi.
Yana bir muammo – Rossiyaning Ukrainaga bosqiniga chek qoʻyish uchun kiritilgan xalqaro sanksiyalar bilan bogʻliq. Gʻarb Markaziy Osiyo davlatlarini bu sanksiyalarni aylanib oʻtishda Rossiyaga yordam beryapti deb hisoblaydi. Yaʼni, goʻyoki Oʻzbekistonga joʻnatilayotgan gaz – aslida Xitoyga va Hindistonga yoʻnaltirilayotgan gaz ekani daʼvo qilinadi. Shu bois, Oʻzbekiston va Qozogʻiston Rossiya gazi tranziti uchun xizmat qilyapti xolos, degan taxminlar mavjud. Rossiyadan gaz importi koʻpaytirilganiga, “Uch tomonlama gaz ittifoqi” tuzilgan paytda eʼlon qilingan ulkan raqamlaga qaramasdan, Oʻzbekistonda gaz tanqisligi kamaymayotgani bu taxminni mustahkamlaydi, afsuski.
Qolaversa, Yevropa Ittifoqi Kengashi 2026 yil 1 yanvardan boshlab Yevropa komissiyasi taklifi asosida Rossiyadan gaz importini bosqichma-bosqich toʻxtatishni maʼqulladi. 2023 yilda esa “Gazprom” Yevropaga gaz sotishning keskin pasayishi fonida 629 milliard rubl (6,9 milliard AQSh dollari) zarar koʻrgan boʻlib, bu oxirgi chorak asrdagi eng katta yoʻqotish hisoblanadi. Yevropa esa Rossiya energetikasiga muqobil variantlar topishda va aholisini energiya bilan taʼminlashda kutilganidan ham kattaroq muvaffaqiyatga erishdi.
Bu holat ham Rossiya oʻz gazini sotish uchun yangi bozor va tranzit hududlarni qidirayotganini isbotlaydi.
Albatta, Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Rossiya oʻrtasida imzolangan gaz kelishuvi (2023-2030) hozircha barqaror. Ammo bu kelishuvning samaradorligi tranzit barqarorligiga bogʻliq. Agar Qozogʻiston Rossiya bilan neft tranziti borasida kelishmovchilikka borsa, gaz masalasida ham muvozanat oʻzgarishi mumkin.
Xulosa
Xulosa qilib aytganda, Oʻzbekiston uchun bu faqat gaz emas – bu ijtimoiy barqarorlik. Gaz taʼminoti – qishda issiqlik, sanoat uchun energiya, elektr stansiyalari uchun xomashyo demakdir. Rossiya gazining Qozogʻiston orqali oʻtishi esa bir qator xavflarni ehtimoldan soqit qilmaydi. Infratuzilma buzilsa yoki siyosiy vaziyat murakkashlashsa, Oʻzbekistonga yetkaziladigan gaz xavf ostida boʻladi. Shuningdek, Qozogʻiston neftini eksport qilishni kamaytirsa, valyuta tushumlari kamayadi, tenge bosim ostida qoladi va bu narxlarning oʻsishiga olib kelishi mumkin.
Energetika – bu nafaqat iqtisodiyot, balki siyosat, xavfsizlik va mustaqillikning asosiy ustuni. KTK yoki neft-gaz obʼektlariga har bir zarba Markaziy Osiyo iqtisodiyotiga taʼsir qiladi.
Oʻzbekiston uchun signal aniq: bir tranzit yoʻliga bogʻliqlik – strategik xavf. Diversifikatsiya, tranzit kafolatlari, ichki qazib olish va qayta tiklanadigan energiya manbalari endi faqat iqtisodiy emas, balki strategik vazifaga aylandi.