Shavkat Mirziyoyev Abduraim Hamidov vafoti sabab hamdardlik bildirdi
Oʻzbekiston Qahramoni Abduraim Hamidov fermerlik harakati rivojini yangi bosqichga koʻtarishga hissa qoʻshgandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Qahramoni Abduraim Hamidov vafoti sabab hamdardlik bildirdi. A.Hamidov shu yil 10 dekabr kuni 82 yoshida vafot etdi.
Abduraim Hamidov 1943 yil 20 oktabrda Namangan viloyatining Toʻraqoʻrgʻon tumanida tugʻildi. Mehnat faoliyatini 1960 yilda tumandagi “Oʻzbekiston” jamoa xoʻjaligida mexanizatorlikdan boshladi.
Keyinchalik shirkat xoʻjaligi pudratchisi sifatida mehnat qildi. 2007 yilda “Shahand humo qushi” fermer xoʻjaligini tashkil etib, koʻp yillar davomida fidoyilik bilan faoliyat yuritdi.
A.Hamidov qariyb 60 yillik ish faoliyati mobaynida oʻzini dehqonchilik ilmini chuqur biladigan haqiqiy mirishkor, zamonaviy agrotexnologiyalarni puxta egallagan, paxtachilikda oʻz maktabini yaratgan fidoyi fermer, mehnatsevar, samimiy va el-yurtiga sadoqatli inson sifatida namoyon etib, mamlakatimizda agrar sohada keng koʻlamli islohotlarni amalga oshirish, fermerlik harakati rivojini yangi bosqichga koʻtarishga munosib hissa qoʻshdi.
U Xalq deputatlari Namangan viloyati kengashi deputati sifatida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholining turmush darajasini yaxshilash, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash ishlarida alohida faollik koʻrsatdi.
Abduraim Hamidovning uzoq yillik samarali mehnati davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni, “Mehnat shuhrati” ordeni va Oʻzbekiston Respublikasining Faxriy yorligʻi bilan mukofotlangan edi.
Avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyev professor Abdulla Ubaydullayev vafoti sabab hamdardlik bildirgandi.