"Elektron retsept" tizimi boʻyicha koll-markaz tashkil etildi
Markaz Sogʻliqni saqlash vazirligining 1003 qisqa raqamli "Ishonch telefoni" bazasida ish boshlagan.

"Elektron retsept" tizimi boʻyicha murojaatlarni qabul qiluvchi “Sall-markaz” tashkil etildi. Bu haqda SSV xabar berdi.
Poytaxt va tajriba-sinov loyihasi amalga oshirilayotgan 15 ta tuman(shahar)da dori vositalarining elektron retsept asosida berilishi amaliyoti yoʻlga qoʻyilgani jamoatchilikda turli savollarni yuzaga keltirmoqda.
Shundan kelib chiqib, bu borada aholi murojaatlari va savollariga tezkor javob berish maqsadida Sogʻliqni saqlash vazirligining 1003 qisqa raqamli "Ishonch telefoni" bazasida muntazam faoliyat yurituvchi 1003 qisqa raqamli “Sall-markaz” tashkil etildi.
Mazkur aloqa liniyasi orqali malakali mutaxassislardan Toshkent shahri va tajriba-sinov loyihasi amalga oshirilayotgan 15 ta tuman(shahar)da “Elektron retsept” tizimi amaliyoti boʻyicha yuzaga kelgan savollaringiz va murojaatlaringizga tunu kun javob olishingiz mumkin.
Eslatib oʻtamiz, elektron retsept 10 dekabrdan sinov tariqasida joriy etildi. Aytilishicha, u farmatsevtikadagi korrupsiyaga qarshi qaratilgan.