platina.uz
Tahlil

Rossiya axborot maydonida yangi front ochmoqda

Kreml oʻz propagandasining geografik hududini kengaytiryapti va bu milliard kishilik auditoriya ongiga taʼsir oʻtkazishi mumkin.

Rossiya axborot maydonida yangi front ochmoqda
Fotokollaj: Platina.uz

Hindistonning Nyu-Dehli shahrida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Russia Today telekanali bosh muharriri Margarita Simonyan bilan birgalikda RT India telekanali efirga chiqish marosimida ishtirok etdi.

Putin ushbu yangi loyihaga “oq yoʻl” tilab aytishicha, Russia Today’ning maqsadi faqatgina Rossiya va uning madaniyatini, ichki va xalqaro masalalardagi pozitsiyasini propaganda, yaʼni targʻib qilish emas.

“Eng avvalo, Russia Today oʻz tinglovchi va tomoshabinlariga mamlakatimiz haqida va dunyoda roʻy berayotgan voqealar haqida haqqoniy maʼlumot yetkazishga intiladi. Aynan shu jihat Russia Today’ning mutlaq qadriyotidir, shu bilan u koʻplab Gʻarb axborot manbalarining propaganda mashinasidan keskin farq qiladi. Chunki oʻsha manbalarning aksariyati aslida oʻz davlatlarining pozitsiyasini ifoda etuvchi vositalardir”, degan Rossiya yetakchisi.

Xolislik haqidagi daʼvoning oʻzi xolislikdan xoli

Putinning “Russia Today “haqqoniy axborot yetkazishga intiladi” va “shu uning mutlaq qadriyati” degan fikri bir qator sabablarga koʻra shubha ostiga olinishi mumkin.

Birinchi navbatda, RT – Rossiya davlati mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan mediaresurs. Bu esa kanalning tahririyat siyosati toʻliq mustaqil boʻlishini amalda imkonsiz qiladi: uning faoliyatini taʼminlab turuvchi davlat manfaatlari maʼlum darajada kontentga taʼsir oʻtkazishi tabiiy. Bunday sharoitda RT toʻliq obʼektiv va siyosiy taʼsirdan xoli axborot tarqatadi, deb aytish qiyin.

Ikkinchidan, xalqaro media-monitoring tashkilotlari va axborot regulyatorlari (Yevropa regulyatorlari, dezinformatsiyani oʻrganuvchi markazlar va boshqalar) RT tomonidan biryoqlama, manipulyativ yoki tekshirilmagan maʼlumotlar tarqatilgan holatlarni bir necha bor qayd etgan. Qator mamlakatlarda RT faoliyati aynan shu sabab – jurnalistika standartlarini buzgani va auditoriyani chalgʻitadigan maʼlumotlar tarqatgani uchun cheklangan.

Uchinchidan, Putinning Gʻarb OAV “aslida oʻz davlatlarining pozitsiyasini aks ettiradi” degan daʼvosi ham bahsli. RTdan farqli ravishda, Gʻarb mamlakatlarining asosiy media muassasalari xususiy korporatsiyalarga tegishli va bir mamlakatning oʻzida ham hukumatni tanqid qiladigan, ham uni qoʻllab-quvvatlaydigan turli tahririyatlar mavjud. Bu mamlakatlardagi jurnalistika standartlari mustaqil regulyatorlar, fikrlar raqobati va jamoatchilik nazoratiga tayanadi. Yaʼni ularda munozara va mojarolarning har ikki tomoniga oid qarashlar ham maʼlum qilinadi. Xulosa chiqarish esa oʻquvchining oʻziga havola etiladi.

Shu sababli RT “haqqoniyligi” bilan Gʻarb axborot manbalaridan tubdan farq qiladi, degan fikr na mulkchilik tuzilishi, na kontentlar tayyorlash va uzatish tarixi, na mustaqil ekspertlar tahlillari bilan oʻz tasdigʻini topadi.

RT – oʻzini oqlash va siyosiy taʼsir koʻrsatish mashinasimi?

RT – (Russia Today, inglizchadan tarjimada – “Rossiya bugun”) – 2005 yilda tashkil etilgan, koʻp tilli axborot va hujjatli dasturlar tarmogʻiga ega boʻlgan xalqaro propaganda telekanalidir. Bir necha tildagi auditoriya uchun moʻljallangan boʻlib, RT Arabic, RT en Español, RT France, RT DE (nemis tilida), RT America (2010-2022), RT UK (2014-2022), RT Documentary, RT Balkan kabi loyihalarni oʻz ichiga olgan.

Rosssiya Ukrainaga bostirib kirgach, Moskva tarqatayotgan axborotlarning noxolisligi va buzgʻunchiligi inobatga olinib, Yevropa Kengashining qaroriga muvofiq, 2022 yil 2 mart kuni RT telekanali Yevropa Ittifoqi hududida efirga chiqishi taqiqlandi, uning internet sayti ham bloklandi. YouTube RT kanalini oʻchirib qoʻydi, Apple esa RT ilovasini oʻzining App Store doʻkonidan olib tashladi.

Jinoyat ustiga jinoyat

“Rossiya bugun” loyihasi nafaqat noxolis maʼlumotlari, balki boshqa jinoyatlari bilan ham tilga tushgan.

Masalan, 2014 yil aprel oyida AQSh hukumati RTTV America telekompaniyasi egasi Aleksey Yazlovskiyga soliqdan qochishda ayb qoʻygani maʼlum boʻldi. Yazlovskiy shaxsiy va korporativ soliq deklaratsiyalarida yolgʻon maʼlumotlar koʻrsatib, 2,6 million dollar miqdoridagi daromadni yashirishga uringan.

AQSh rossiyalik tadbirkorni Rossiyaning RT telekanali Amerikadagi boʻlimlarining amaldagi egasi ekanini aniqladi. Chunki kompaniyalarning soliq deklaratsiyalarida bir xil manzil koʻrsatilgan, shuningdek, RTTV’ning Vashington, Nyu-York, Mayami va Los-Anjelesdagi boʻlimlari yuridik manzil sifatida Rossiya davlat telekanali mintaqaviy byurolarining ofislari qayd etilgan.

2017 yil 7 yanvarda esa AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi bir hisobot eʼlon qildi. Unda oʻsha yili boʻlib oʻtgan va Donald Tramp gʻalaba qozongan AQSh prezidentlik saylovlariga “rus xakerlari taʼsir koʻrsatgani” iddao qilindi. Hisobotda RT telekanali va Sputnik agentligi ham tilga olingan boʻlib, ular “propaganda mashinasi” deb atalgan.

Xususan, RT telekanali AQShdagi prezident saylovlari arafasidagi kampaniya davomida Donald Trampga ochiq yon bosish va Hillari Klintonga nisbatan nafrat bildirganlikda ayblangan. Kanal xodimlari Julian Assanj bilan hamkorlikda WikiLeaks’da Xillari Klintonning obroʻsiga putur yetkazuvchi maʼlumotlar boʻlishi mumkinligi haqidagi reportajlar orqali saylov natijasiga taʼsir koʻrsatishga uringani aytilgan.

Shuningdek, kanal WikiLeaks xakerlari tomonidan buzib kirilgan Xillari Klintonning elektron pochtasidan olingan maʼlumotlardan foydalanib, 2012 yilgi prezidentlik saylovlari vaqtida amerikaliklarni AQSh saylov tizimiga boʻlgan ishonchini izdan chiqarishga urinishda ayblangan.

RT America esa 2012 yilgi saylovlar paytida aksilamerika ruhidagi reportajlar sonini oshirgani va “Amerika xalqini hukumatni qaytarib olishga (yaʼni hukumatni agʻdarishga)” chaqirgan norozi shaxslarning xabarlari va murojaatlarini tarqatishda ayblangan.

Kanal shuningdek “Uoll-stritni egalla” (Occupy Wall Street) harakatini qoʻllab-quvvatlagani, politsiya zoʻravonligi, dronlardan foydalanish, AQSh iqtisodiy tizimi haqidagi tanqidiy xabarlarga katta eʼtibor qaratgani uchun tanqid qilinishi aytilgan.

RT bosh muharriri Margarita Simonyan ham Rossiya prezidenti maʼmuriyati rahbarining oʻrinbosari Aleksey Gromov bilan aloqalari, turli intervyu va Twitter’dagi chiqishlari uchun tanqid qilingan. Simonyan ushbu chiqishlarida RT’ni “muqobil axborot manbai” deb atagan va kanal xorijiy auditoriya tafakkuriga “taʼsir koʻrsatish maqsadida” yaratilganini toʻgʻridan-toʻgʻri yoki bilvosita tan olgani qayd etilgan.

Tarixiy izchillik

Umuman olganda, Rossiya ham SSSR boshlagan yoʻlni – oʻzini maqtash va boshqalarni tanqid qilish uchun turli tillarda maʼlumot tarqatishni davom ettiryapti.

Xorijdagi auditoriya uchun propaganda maʼlumotlarini tarqatishni dunyoda birinchilardan boʻlib SSSR yoʻlga qoʻygan. 1929 yil 29 oktabrda xorijliklar ilk bor shunday radiokanal – “Moskovskkoye radio” (Moskva radiosi) radiodasturlarini tinglay boshlagan edi. “Moskva radiosi” dastlab nemis tilida radioeshittirishlar tayyorlab, kun ora ikki marta Germaniyaga uzata boshlagan. 1930 yildan boshlab har kuni, muntazam efirga chiqqan. Keyinchalik esa ingliz va fransuz tillarida ham material tayyorlash yoʻlga qoʻyilib, Ikkinchi jahon urushi arafasida xorijiy tillar soni 13 taga, urush paytida esa 21 taga yetkazilgan.


Nomad TV: Qirgʻizistonda ochilgan yangi telekanal ortida qanday axborot strategiyasi yotibdi?


1947 yildan boshlab, SSSR xorijiy davlatlarning sovet xalqlari “koʻzini ochish” uchun dasturlar eshittiruvchi “Ozod Yevropa”, “BBC” hamda “Amerika ovozi” radiodasturlarini eshitishga yoʻl qoʻymaslik uchun, radioefirga xalaqit beruvchi “shovqin” uslubini yoʻlga qoʻydi. Yaʼni bu dasturlar boshlanganida kuchli va asabga teguvchi uzluksiz shovqin eshitilib turardi. (Internet paydo boʻlgach, buning oson yoʻli topildi – avtokratiya uchun nomaqbul maʼlumot manbalari shunchaki bloklab qoʻyildi).

1993 yilda Rossiyaning birinchi prezidenti Boris Yelsin farmoni bilan “Moskva xalqaro radiosi” asosida “Rossiya ovozi” (Golos Rossii) radiokompaniyasi tashkil etildi. 2014 yilda esa “estafetani” «Rossiya bugun» (Rossiya segodnya) mediaguruhi tarkibiga kiruvchi Sputnik loyihasi qabul qilib oldi.

Tabiiyki, vaqt oʻtgani sari xorijga eshittirishlar konsepsiyasi ham oʻzgarib bordi. Avval faqat Moskvadan efirga chiqishgan boʻlsa, endilikda aksariyat materiallar xorijdagi nuqtalarda tayyorlanmoqda. Texnologiyalar rivojlangach, oʻrta va qisqa toʻlqinlar oʻrniga raqamli format va internetdagi faoliyat yoʻlga qoʻyildi.

RT India – navbatdagi afyunmi?

RT India ingliz tilida efirga chiqadi, bu esa nafaqat Hindiston ichida, balki undan tashqaridagi auditoriyaga ham yoʻl ochadi. Yaʼni Rossiya global anglashuv muhitida oʻz ovozini yanada kuchaytiradi.

Nyu-Dehlidagi studiya majmuasi, qariyb 100 xodim va kunlik dasturlar – bu tashabbus oddiy targʻibot emas, balki toʻlaqonli telekanal ekanini koʻrsatadi. Gʻarb davlatlari RT va unga oid resurslarga cheklovlar qoʻygan holda, Hindiston Rossiya uchun yangi, muhim axborot maydoniga aylanmoqda.

Aslida Kreml oʻz propagandasining geografik hududini kengaytirayapti va bu milliard kishilik auditoriya ongiga taʼsir oʻtkazishi mumkin.

Rossiya narrativlari – endi Hindiston ekranlarida

Ochilish marosimida Putin RT India Hindiston aholisiga “Rossiya qanday yashaydi va qanday fikrlaydi?” degan masalalarda “aniq axborot” taqdim etishini taʼkidladi. U kanalni Rossiyaning xalqaro axborot maydonidagi “megafoni” sifatida koʻrsatdi.

RT bosh muharriri Margarita Simonyan Hindistonni “Rossiyaga doʻstona, ochiq mamlakat” sifatida taʼriflab, uni Gʻarbdan farqli ravishda RT’ni senzurasiz qabul qilgani uchun maqtadi.

Eʼtiborli jihati, ushbu kanalning Putin tashrifi arafasida ishga tushirilishi – bu oddiy tasodif emas, balki siyosiy ramz hisoblanadi.

Hindiston nima yutadi va nima yoʻqotishi mumkin?

RT India’ning Rossiya uchun afzalliklari kundek ravshan: avvalo axborot frontida yangi nuqta paydo boʻladi. Hamda millionlab hindistonliklarni Rossiya haqidagi Kreml talqinlarini qabul qiluvchi auditoriyaga aylantirish imkoniyati paydo boʻladi. Gʻarb media bozorlaridagi cheklov va sanksiyalardan keyin yangi taʼsir maydoni shakllanadi.

Hindiston uchun esa bu bir tomondan: axborot xilma-xilligi, geopolitik nuqtai nazarlarning kengayishi bilan ifodalansa, ikkinchi tomondan: xorijiy davlatning ichki axborot muhitiga taʼsiri ortish xavfi ham paydo boʻladi.

Chunki davlatga qarashli bir mediatuzilmani mamlakat ichiga kiritish – uning auditoriyasi ongiga taʼsir oʻtkazish imkonini ham beradi. Hindiston kabi ulkan demokratiyada bu juda nozik masala. Zero, yuqorida taʼkidlanganidek, RT koʻplab mamlakatlarda dezinformatsiya vositasi sifatida tanqid qilib kelinadi.

RT India – Rossiyaning “yumshoq kuch” strategiyasidagi yangi bosqich

Kanalning aynan bugungi davrda ochilishi tasodifiy emas. Dunyoda katta geosiyosiy oʻzgarishlar ketmoqda: sanksiyalar, blokadalar, ittifoqlar qayta shakllanmoqda. Rossiya Gʻarbda axborot maydonidan siqib chiqarilgan boʻlsa-da, ammo Sharqda yangi bozorni zabt etmoqda.

RT India shu maʼnoda Gʻarbga qarshi “muqobil narrativ”ni keng auditoriyaga yetkazish; “Koʻpqutbli dunyo”, “Gʻarbni tanqid qilish”, “Moskva nuqtai nazarini oqlash” kabi gʻoyalarni ilgari surish; Hindiston va uning ortidan Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlari bilan axborot-siyosiy aloqalarni mustahkamlash vositasiga aylanadi.

Bu – Kremlning media strategiyasidagi yangi evolyutsiya namunasi hamdir. Chunki Yevropa auditoriyasidan mamnun boʻla olmagan Moskva endi global Janubga yuzlanmoqda.

Umuman olganda, Gʻarbdagi auditoriyaga taʼsiri kamaygan Rossiya endi Osiyoda oʻziga xayrixoh auditoriyani shakllantirishga urinyapti. 2025 yil noyabr oyida Qirgʻizistonda “Nomad TV” telekanali ishga tushirilishi ham bu fikr isbotidir. Mazkur telekanal ham boshqa loyihalarga yordamchi boʻlgan holda, Kremlning Markaziy Osiyo axborot maydoniga, qariyb 80 million kishilik auditoriyaga taʼsir koʻrsatish, ijtimoiy fikrni Moskvaga moyil tarzda oʻzgartirish uchun yaratilgani ehtimoldan xoli emas.

Xulosa qilib aytganda, RT India loyihasi yana bir bor shuni koʻrsatmoqda: XXI asrda geosiyosiy raqobat tank yoki neft bilan emas, birinchi navbatda axborot bilan yuritiladi.

Bu paytda esa har bir kanal – har bir davlatning geosiyosiy quroliga aylanadi. RT India ham ana shunday qurollardan biri boʻlishi shubhasiz.

Abulfayz Sayidasqarov

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid