platina.uz
Maqola

Qachondir shu darajaga yetishimiz kerak

Hozirgacha ishlangan koʻp kinolarimiz soxta vatanparvarlik gʻoyalari ortidan ishonchni yoʻqotgan. Hatto tarixiy filmlarimizda ham bayroq sahnasi yoʻq hisobi.

Qachondir shu darajaga yetishimiz kerak
Foto: Platina.uz

Chet el kinolarida koʻp koʻrganmiz, uylariga bayroqlarini ilib qoʻyishadi. Rosti, havas qilamiz, qaniydi bizda ham har bir uyda bayrogʻimiz shunaqa hilpirab tursa. Lekin bu juda kam kuzatiladi. Kimdir chetdan qaytib kelgan boʻlsa yoki xorijda yashayotgan oʻzbek uyiga bayroq ilishi mumkin, chunki Vatanini qoʻmsaydi.

Xoʻsh, amerikaliklar hammasi chetdan qaytib kelganmi? Yoʻq. Shunchaki ularda vatanparvarlik kuchli, ular bu soʻzni, uning qadrini shu qadar yuksak qoʻyadi. Bu hatto filmlarida ham yaqqol seziladi, baʼzida kinolarini koʻrib, ularning bayrogʻiga, sadoqatiga havas qilamiz.


Bugun kinolarimiz haqida gapirmoqchi emasman. Bu haqda avval yozib boʻlganman, kinematografiyamiz hamon botqoqda. Ayni shu ish bilan shugʻullanishi kerak boʻlgan maʼnaviyatchilarimiz esa oʻz kuchini oʻtin yorishga sarflashdan boshqasiga yaramayapti.


Bugun qanday ulugʻ kunligini bilsangiz kerak. Bayrogʻimizning bayrami! Yoʻq, bu balandparvoz gap emas, meni koʻrgan-bilganlar "paxtakor" emasligimdan xabardor. Men bayroq eng yuksaklarda ulugʻlanishi kerakligini bilaman xolos.

Taniqli aktyor Mel Gibson oʻynagan "Vatanparvar" degan kino bor. Oʻshanda bosh qahramon urushda oʻlgan oʻgʻli titilib ketgan Amerika bayrogʻini olib, uni tikib, yamab chiqqanini koʻradi. Oxirgi magʻlubiyatdan soʻng jangchilar dovi tushib, shumshayib ketayotgan bir paytda oʻsha qahramon tikilgan bayroqni baland koʻtarib, otda hilpiratib, askarlarga yetib oladi. Hammasi qiy-chuv va hayqiriqlar bilan kutvoladi.

Masalan, shu film rejissyori Roland Emmerixga oʻsha paytdagi (2000 yilda) AQSh prezidenti Bill Klinton shu filmni suratga olinglar, deb aytmagandir. Avvalo, kinochilarning oʻzi vatanparvar, millati, Vatani haqida dunyoga jar solgisi keladi. Nafaqat Hollivudda, balki butun dunyoda shunday ulugʻlashadi bayroqni, Vatanni. Bollivud-ku bu borada boʻrttiradi hatto, ammo bu xalq ruhiyatini koʻtaradi, shu yurt bolasiman, deb faxrlantiradi.

Prezidentimiz tarixiy kinolarimiz juda kam deganda, hamma shunday filmlar olishga kirishib ketdi. Kinochilarimizga kimdir aytib turishi kerakmi, oʻzlarida tashabbus yoʻqmi?

Kinochilarimizning bahonasi tayyor: bizda yaxshi ssenariylar yoʻq. Baraka topgur, oʻzing qidirib koʻrganmisan? Yozuvchilarimiz, ssenariychilarimizni taniysanmi, adabiyotimizni bilasanmi? Bunday kinolarga arziydigan asarlarimiz tiqilib yotibdi.

Nabi Jaloliddinning "Bayroq" hikoyasida bir oʻquvchi bola yuqoridagi filmni koʻrib, undan ilhomlanib, maktab omborxonasida yotgan yirtiq bayroqchani xuddi shunday tikib chiqadi. Uni maktab tadbiriga yuksakda koʻtarib olib bormoqchi boʻlganida qanday voqealar yuz bergani ancha qiziq yozilgan.

Vatanparvarlik ruhida yozilgan boshqa asarlarimiz ham koʻp. Izlagan odam topadi. Yoki yaxshi ssenariy yozdirish mumkin, soxta emas, samimiy boʻlsa, albatta. Bu mavzuda soxtalik qilinsa, aks taʼsir etadi. Afsuski, hozirgacha ishlangan koʻp kinolarimiz ana shunday soxta vatanparvarlik gʻoyalari ortidan ishonchni yoʻqotgan. Hatto tarixiy filmlarimizda ham bayroq sahnasi yoʻq hisobi.

Tanganing boshqa tarafiyam bor: talabga yarasha taklif boʻladi. Pandemiyadan keyin kino sohasi ancha susaydi, deyarli yoʻq boʻlib ketdi. Biroq tomoshabin saviyasi-da oshgani yoʻq. Biz ana shunday bachkana, soxta va sayoz filmlarni indamay qabul qilyapmiz.

Xorij tajribasini misol qilishni yaxshi koʻramiz. Xorij tajribasi deb Rossiyani olishga koʻp odatlangan amaldorlarimiz. Hatto ruslar oʻz kinolarida vatanparvarlikni shunaqa singdiradiki, biz shularchalik emasmiz. Koʻp davlatlarda mustaqillik bayramini xalq oʻzi koʻchaga chiqib nishonlaydi, rosmana bayram qiladi.

Bekorga kinodan yozmadik. Kino madaniyatlarga eng tez daxl qiladigan, qalblarga nurdek yetadigan sohadir. Zoʻr kinoni koʻrib, unga taqlid etganlar, bosh qahramonga oʻxshamoqchi boʻlganlar qancha oramizda.

Biz hali u darajaga chiqmadik. Hayit kunlari chin maʼnoda bayram qilgandek xalqimiz boshqa milliy sanalarimizni ham nishonlashi kerak. Bir-biriga sovgʻa ulashib, koʻchalarni toʻldirib tantana qilish, mushakbozlik uyushtirish. Mushaklarni faqat yangi yilda otamizmi?

Qachondir shu darajaga yetishimiz kerak axir!

Bobur Jalolov,
Platina.uz sayti bosh muharriri

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid