Tarixiy qadam yaqin: AQSh Oʻzbekiston uchun har tomonlama ochilyapti
Amerikalik senator Jekson-Venik tuzatishini bekor qilish niyatini bildirdi. Buning uchun esa Oʻzbekiston eng muhim shartni bajarishi kerak.

AQSh senatining xalqaro ishlar boʻyicha qoʻmitasi raisi Jeyms Rish ushbu hafta AQSh kongressiga Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, Oʻzbekistonga nisbatan Jekson-Venik tuzatishini bekor qilish toʻgʻrisidagi qonun loyihasini taqdim etishini maʼlum qilgan.
Agar bu amalga oshadigan boʻlsa, AQSh va Oʻzbekiston munosabatlari tarixida yangi sahifa ochilishi mumkin. Ayni paytda prezident Shavkat Mirziyoyev AQShda boʻlib turgani, mamlakat Jahon savdo tashkiloti(JST)ga qoʻshilishga yaqin turgani hisobga olinsa, tarixiy qadamlarga oz qoldi.
AQSh hukumati Jekson-Venik tuzatishini bekor qilishi uchun yagona shart bor edi: Oʻzbekiston JSTga aʼzo boʻlishi kerak.
Jekson-Venik tuzatishi nima oʻzi?
1974 yilda AQSh kongresmenlari Genri Jekson va Charlz Venik "AQSh savdosi toʻgʻrisida"gi qonunga tuzatish kiritishgan. Bu tuzatishga koʻra, Amerika emigratsiya cheklangan va inson huquqlari poymol boʻlayotgan davlatlarga savdo boʻyicha cheklov qoʻyadi.
Bu tuzatish asosan SSSR davlatlari uchun ishlab chiqilgan sanksiya boʻlib, 2000 yilda Qirgʻiziston, 2006 yilda Ukraina va 2012 yilda Rossiyaga nisbatan bekor qilingan. Hozir Oʻzbekiston, Ozarbayjon, Belarus, Qozogʻiston, Tojikiston va Turkmaniston uchun oʻz kuchini yoʻqotmagan.
Oʻzbekiston JSTga aʼzo boʻlish uchun mustaqillik yillaridan beri urinib keladi. Lekin hech bir amaliy harakat sezilmagan, oqibatda mamlakatda monopoliya kuchayib, iqtisodiyot va erkin raqobat muhiti haminqadar holga tushib qolgandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari boʻlgach, Jahon savdo tashkilotiga Oʻzbekistonni aʼzo qilish haqida topshiriq bergan. Bu boʻyicha amaliy harakatlar 2017 yilda boshlangan. 2018 yilda Tashqi ishlar vazirligida JSTga aʼzo boʻlish boʻyicha idoralararo komissiya tuzilgan.
AQShning dahshatli cheklovidan Oʻzbekiston qachon qutuladi?
Kuni kecha esa Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish boʻyicha yana ikki mamlakat — Kanada va Panama bilan muzokaralar yakunlangan.
JSTga aʼzolik nima beradi?
JSTga aʼzo boʻlishning asosiy shartlaridan biri — aʼzolikni istayotgan davlatda biror sohada monopoliya boʻlmasligi, erkin savdo va raqobat muhiti hukmron boʻlishi kerak.
JSTga qoʻshilishning asosiy shartlari quyidagilar:
- Savdoda diskriminatsiyaga yoʻl qoʻymaslik. Hech bir davlat eksport va importga cheklov qoʻymay, tashqi iqtisodiy faoliyatni qiyinlashtirmasligi kerak.
- Savdoga oid va boshqa proteksion shartlarni olib tashlash. Savdo toʻsiqlari chet mahsulotining ichki bozorga kirishiga imkon bermaydi yoki qiyinlashtiradi. Masalan, monopollashish, import imtiyozlari, eksport cheklovlari, bojxona toʻlovlari ortishi va hk.
- Savdo tashkilotlarining aniqligi va barqarorligi. Savdoning shartlaridan biri — tarifli va tarifsiz cheklovlar ataylab yoki tasodifan oʻzgarishiga yoʻl qoʻymaslik.
- Xalqaro savdo tashkilotlarining raqobatbardoshligi. Teng huquqli raqobat qilish uchun chet el kompaniyalarining mamlakatda faoliyat olib borishi erkin boʻlishi kerak.
- Endi rivojlanayotgan davlatlar uchun imtiyozlar. Bu rivojlanib kelayotgan davlatlarning xalqaro savdoda qiynalib qolmasligi uchun joriy etiladi.
- JST hamisha erkin savdo tarafdori va proteksionizmga qarshidir.
Maʼlumot uchun, proteksionizm — biror davlatning oʻz milliy iqtisodiyotini chet el raqobatidan himoya qilishga qaratilgan iqtisodiy siyosat.