Namanganda qalbaki dori ishlab chiqaruvchi sex aniqlandi
MChJ 9 turdagi kontrafakt dori vositalarini tayyorlab kelgan. Qoʻlbola usulda tayyorlangan dori vositalari Fargʻona vodiysi, Toshkent shahri va boshqa viloyatlarga yetkazib berilgan.

Namanganda qalbaki dori vositalari ishlab chiqarish holati aniqlandi.
Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Bojxona qoʻmitasi xodimlari hamkorligida noqonuniy dori vositalari aylanmasiga qarshi kurashish yoʻnalishida Namangan shahrida tezkor tadbir oʻtkazildi.
Xususan, biologik faol qoʻshimchalar ishlab chiqarish bilan shugʻullanuvchi MChJ rahbari tomonidan belgilangan tartib-qoidalarga zid ravishda dori vositalarini tayyorlash maqsadida tashkil etilgan sex koʻzdan kechirildi.
Natijada, unda mavjud boʻlgan 1,2 mlrd soʻmdan ortiq qiymatdagi 9 turdagi 138031 quti dori vositalari va biologik faol qoʻshimchalar, 1,8 mlrd soʻmlik prekursorlar, 3,4 mlrd soʻmlik flakon, qopqoq, quti va etiketkalar, 18 mlrd soʻmlik 14 nomdagi ishlab chiqarish uskunalari, 5,6 mlrd soʻmlik 23 dona katta va kichik hajmdagi maxsus idishlar – yaʼni, umumiy qiymati oʻrtacha 30 mlrd soʻmni tashkil etuvchi tovar-moddiy boyliklar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Maʼlum boʻlishicha, MChJ faqatgina biologik faol qoʻshimchalar ishlab chiqarish uchun sertifikat olgan boʻlishiga qaramasdan, sanitariya talablariga javob bermaydigan joyda, nomlarini oʻzgartirgan holda 9 turdagi kontrafakt dori vositalarini ham tayyorlab kelgan.
Jumladan, “Pikovit” dorisi – Pivovit, “Kanefron” – Kanaseron, “Espumizan” – Espumetik, “Nistatin” – Nestitam koʻrinishida ishlab chiqarilgan.
Tekshiruv davomida aniqlanishicha, qoʻlbola usulda tayyorlangan dori vositalari Fargʻona vodiysi, Toshkent shahri va boshqa viloyatlarga yetkazib berilgan.
Hozirda qalbaki dori vositalari boʻyicha ekspertiza tayinlanib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Avvalroq Jizzaxdagi fitness-klubda yashirin dori sexi aniqlangandi.
Mazkur sexda turli xil dori vositalarini qoʻlbola usulda qadoqlash, taqsimlash va sotuvga tayyorlash bilan shugʻullanib kelingan.