Isitish davrida eski uylardagi kvartira harorati 18-20 daraja iliq boʻlishi kerak
Raqobat qoʻmitasi amaldagi qonunchilikni eslatib, xonalar harorati mazkur meʼyorlardan kam boʻlishiga yoʻl qoʻyilmasligini bildirdi.

Xonalarni isitish boʻyicha chora-tadbirlarni (derazalar, balkonlar va kirish eshiklarining daxlizlarini zichlashtirish, isitish tagsinchlarini izolyatsiyalash) bajarish sharti bilan isitish mavsumi davrida 1995 yilgacha qurilgan koʻp qavatli turar joy xonalaridagi harorat kamida 20°S, agar koʻp qavatli uylardagi issiqlik tizimi rekonstruksiya qilinmagan boʻlsa, turar joy xonalaridagi harorat kamida 18°S boʻlishi lozim.
Raqobat qoʻmitasi isitish mavsumi oldidan qonunchilikdagi meʼyorlarni eslatib, qonunbuzilish yuz berganda qoʻmitaga murojaat qilish mumkinligini bildirdi.
Amaldagi qonunchilikka koʻra, isitish davri tashqi havoning oʻrtacha sutkalik harorati 8°Sdan past boʻlgan 5 kunlik davr tamom boʻlgan kundan keyingi kundan boshlanishi, 8°Sdan yuqori boʻlganda esa tamomlanishi belgilangan.
Yetkazib beruvchi issiqlik energiyasini berishda isitish davrini Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan belgilangan muddatlarda boshlaydi va tamomlaydi.
"Vazirlar Mahkamasining 194-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Koʻp kvartirali uylarda issiqlik taʼminoti xizmatlari koʻrsatish qoidalari”ning 12 va 13-bandlariga asosan, isteʼmol xossalari va issiqlik taʼminoti xizmatlari koʻrsatish rejimi belgilangan meʼyorlarga muvofiq boʻlishi kerak. Issiq suv taʼminoti boʻyicha suv olish joylarida issiq suvning harorati 50—75°S boʻlishi kerak. Isitish mavsumida xonalar harorati mazkur meʼyorlardan kam boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi", deydi qoʻmita.
Qayd etilishicha, mazkur qoidaning 4-bandiga asosan, koʻp kvartirali uylarda kommunal xizmatlar isteʼmolchisining nomidan shartnoma ijro etuvchi (xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati, boshqaruvchi tashkilot va boshqalar) tomonidan tuzilishi mumkin. Bunda issiqlik taʼminoti korxonalari, isteʼmolchilar va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari yoki professional boshqaruv kompaniyalari oʻrtasida aholiga issiqlik energiyasi va issiq suvni yetkazib berish toʻgʻrisida uch tomonlama shartnoma tuziladi.
9-bandda esa ijro etuvchi tomonidan isitish va issiq suv taʼminotining uy ichidagi tizimni foydalanish uchun texnik jihatdan yaroqli holatda saqlash sharti bilan yetkazib beruvchi isteʼmolchiga sifatiga koʻra standartlashtirish boʻyicha normativ hujjatlar talablari, sanitariya norma va qoidalariga hamda issiqlik taʼminoti shartnomasi shartlariga muvofiq boʻlgan issiqlik taʼminoti boʻyicha xizmatlar koʻrsatishi shartligi belgilab berilgan.
"48-bandiga asosan, issiqlik energiyasi berishning hisobini yuritish Yetkazib beruvchi bilan Ijro etuvchi yoki koʻp qavatli uy mulkdorlari (bunday uy bevosita boshqarilgan taqdirda) oʻrtasidagi balans mansublilik chegarasida amalga oshiriladi va koʻp qavatli uy boʻyicha umumiy hisobga olish asbobining koʻrsatkichlarini koʻrish Yetkazib beruvchi va Ijro etuvchining vakillari bilan birgalikda amalga oshiriladi", deya eslatadi qoʻmita.
Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati, boshqaruvchi tashkilot va boshqalar tomonidan issiqlik tarmogʻining balans mansubliligi chegarasida issiqlik energiyasi berish rejimi va sifati boʻyicha haqiqiy koʻrsatkichlarni qayd etib borish asosiy eʼtiborga molik jihatlar boʻladi.
Eslatib oʻtish kerak, 12 noyabrdan Toshkentda isitish xizmatlariga yangi narxlar joriy etiladi.