Ohangarondagi holat boʻyicha qamoqxona xodimlariga jinoiy ish ochildi
Holat boʻyicha jabrlanuvchi voyaga yetmagan qiz birlamchi koʻmak xonasiga joylashtirilgan, psixolog dastlabki suhbatni oʻtkazmoqda.

Ohangarondagi qamoqdan qochgan pedofil holati boʻyicha Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamentining Markaziy tergov hibsxonasi tartibot boʻlimi safdori Sh.O. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 214-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Ohangaron tumanida voyaga yetmagan qizga nisbatan nomaqbul harakatlar sodir etgan shaxs prosessual tartibda ushlangan va unga nisbatan JKning 118 va 119-moddalarining 4-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi holatni oʻz nazoratiga olgan. Voyaga yetmagan jabrlanuvchi qizning huquqlari, psixologik va ijtimoiy himoyasini taʼminlash maqsadida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining mutaxassislaridan iborat ishchi guruh tuzilgan.
Holat boʻyicha keys ochilgan, jabrlanuvchi voyaga yetmagan qiz birlamchi koʻmak xonasiga joylashtirilgan. Ayni paytda psixolog tomonidan dastlabki suhbat oʻtkazilmoqda.